23:12 / 03.06.2023
410

Ronaldu Masharipovga nimalarni o‘rgatdi?

Ronaldu Masharipovga nimalarni o‘rgatdi?

Jahon futboli rasmiy uchrashuvlarda eng ko‘p gol urgan Krishtianu Ronalduning Evropani tark etib, kutilmaganda faoliyatini Osiyo qit’asida davom ettirishga qaror qilgani hamon muhokamayu munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Xabaringiz bor, “Manchester Yunayted” o‘tgan yilning oxirida Ronaldu klub rahbariyati va bosh murabbiy Erik ten Xagni matbuotda tanqid qilganidan keyin manchesterliklar portugaliyalik yulduz bilan xayrlashib qo‘ya qoldi.

Ronaldu Qatardagi jahon chempionatidan keyin Angliyaga qaytmadi, boshqa arab diyori – Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishni ma’qul ko‘rdi.

To‘g‘risi, Evropa yulduzlarining aksariyati faoliyatida bunday keskin burilish yasashga botina olmaydi.

Ronalduning transferidan keyin jahon futbol hamjamiyatining Osiyo va xususan, Saudiya Arabistoni futboliga munosabati o‘zgardi. Ko‘pchilik endi ushbu mamlakat chempionatini kuzata boshladi.

Ronaldu effekti bir tomondan arab klublarining rejalari va Evropada porlagan mashhur o‘yinchilarning munosabatiga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Ilgari “ko‘hna qit’a”ning klublarini sotib olish orqali, futbol yulduzlarini o‘ynatib kelgan arab shayxlari endi o‘z mamlakatiga mashhur charm to‘p ustalarini chaqirtirmoqda.

Bunga “Al-Hilol” dunyoning eng zo‘r o‘yinchisi sifatida tan olingan Lionel Messini chorlayotganini misol qilish mumkin. Nomi chiqqan boshqa o‘yinchilar ham arab shayxlaridan mo‘may daromadli shartnoma olayotgan holatlar ham ko‘payib qolganini sir emas.

O‘zbekistonlik muxlislar ham Ronaldu “An-Nasr”ga o‘tganidan keyin bu jamoa o‘yinlarini kuzatishga kirishdi. Vaholanki, bu klubda O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Jaloliddin Masharipov ham to‘p tepib kelmoqda. Ronalduga aynan legionerimiz 7-raqamni bo‘shatib berdi.

To‘g‘risi, ayrim muxlisu mutaxassislar Masharipovning Saudiyaga faoliyatini Ronaldu kelganidan keyin ko‘proq kuzatadigan bo‘ldi.

Krishtianu Ronaldu Evropadan tashqaridagi debyut mavsumidan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashishni kanda qilmayapti. Portugaliyalik yulduz yaqinda muvaffaqiyatlari nimaga bog‘liq ekanini va bu borada jamoadoshlariga nimalarni o‘rgatganini aytib berdi.

- Jamoadagi sheriklarim mening hayot tarzimni his qilib ko‘rdi. Ular men qanday ishlashim, qat’iy tartibim va mehnat etikasiga munosabatimni yaqindan ko‘rdi.

Men 20 yil davomida eng yuqori darajada o‘ynab kelayotganim oddiy tasodif emas.

Bunga genetikani asos qilib ko‘rsatishmoqda. Ha, bu muhim narsa, biroq boshqa omillar ham borligini unutmaslik kerak. Jumladan, epigenetika, ya’ni genetikangizdan qanday foydalanayotganingiz juda muhim.

Futbol o‘ynash – bu hayot tarzi va uslubi.  Biz maqsad sari intiluvchan bo‘lishimiz, bor diqqatimizni shunga qarata olishimiz, imkon qadar professionallikka erishishimiz shart. Eng kamida shunday bo‘lishi kerak. Bularga erishish uchun esa har doim yuqori formada bo‘la olishni ta’minlash lozim, - dedi Krishtianu Ronaldu.

Portugaliyalik yulduz faoliyati davomida “Sporting”, “Manchester Yunayted”, “Real” va “Yuventus” klublarida to‘p tepganidan keyin “An-Nasr” o‘yinchisiga aylandi. Har mavsum uchun 200 million evro maosh olayotgan Ronalduning saudiyaliklar bilan shartnomasi 2025 yilgacha davom etadi. Krishtianuning o‘zi kelasi mavsum ham “An-Nasr” safida qolishini tasdiqladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu Masharipovga nimalarni o‘rgatdi?