23:52 / 05.06.2023
211

"Real"da revolyutsiya davri boshlandi yoxud "qirollik klubi" olib borayotgan transfer siyosati haqida

"Real"da revolyutsiya davri boshlandi yoxud "qirollik klubi" olib borayotgan transfer siyosati haqida

Mavsum o‘rtalarida Karlo Anchelottining "Real"ni tark etishi haqida xabarlar paydo bo‘lishni boshladi. Uning Braziliya terma jamoasi bilan og‘zaki kelishib olgani va yozda "pentakampeonlar" bosh murabbiyiga aylanishi mumkinligini juda ko‘plab nashrlar yozdi. Yakunda esa unday bo‘lmadi. Aksincha, italiyalik mutaxassis Ispaniyada faoliyatini davom ettirmoqda. Ammo jamoada klub muxlislari umuman kutmagan yo‘qotishlar ro‘y bermoqda.

Ketayotganlar

"Real" shu paytgacha 4 ta futbolchisi bilan rasman xayrlashdi. Azardan tashqari Karim Benzema, Marko Asensio va Mariano Dias kabi o‘yinchilarning klub bilan tuzilgan shartnoma muddati o‘z nihoyasiga etgandi. Belgiyalik vinger yana bir yil jamoada qolib, keyingi mavsumda ketishni reja qilgandi. Rahbariyat esa 31 yoshli futbolchi bilan bo‘lgan muzokaralardan keyin Azarni ketishga rozi qildi.

Asensio amaldagi shartnomasini uzaytirishi mumkin edi. Biroq 25 yoshli ispan biroz ko‘proq maosh va asosiy tarkibdan joy kerakligini aytdi. Bu imkonsiz ekanligini sezgan Madrid klubi unga chiqish eshiklarini ko‘rsatdi. Asensio esa PSJni tanladi. "Aston Villa" kurashda bor edi, lekin Parijning shart-sharoitlari Markoga yoqdi.

Shunigdek, jamoadan Mariano ham ketmoqda. Eng katta yo‘qotish esa baribir Benzema bo‘ladi. U so‘nggi yillarda klubning haqiqiy lideri bo‘ldi. Ayniqsa, o‘tgan mavsumdagi qahrmanoliklari ortidan "Oltin to‘p"ga ham ega chiqdi. Karim yomon formada emasdi. Ammo u vaqtida ketishni tanladi. Zaxira futbolchisiga aylanib, keraksiz bo‘lib qolganidan keyin ketishdan qo‘rqdi va shu yo‘lni tanladi. "Qaymoqranglilar"ning mag‘lubiyatiga Benzemaning yo‘qligi sabab qilib ko‘rsatiladi. Bundan hujumchi qanchalik tarkibning muhim a’zosi ekanligini bilib olsangiz bo‘ladi.

35 yoshli frantsuzning Saudiya Arabistoniga o‘tayotgani haqida mish-mishlar tarqalishni boshlagan paytda u qolishiga ishora bergandek bo‘ldi. Yakunda esa baribir bu qaror qabul qilib bo‘lingani ma’lum bo‘lmoqda. "Al-Ittihod" tez orada Karim bilan shartnoma imzolaydi. Uning maoshi Ronalduniki bilan bir xil, ya’ni yiliga 200 million evro bo‘ladi. Mazkur futbolchilardan tashqari, "Real"ni yana bir nechta o‘yinchilar tark etadi. Bular Nacho yoki Valexo bo‘lishi mumkin. Sebalos bilan ham yangi bitim tuzilmagan. Yarim himoyachi hali yakuniy javobni aytgani yo‘q.

Kelayotganlar 

Ma’lum bo‘lishicha, "Real"ning rejalari butkul o‘zgarib ketgan. Yozda jamoa faqatgina Bellingem transferi bilan cheklanib qolishi taxmin qilingandi. Bunday yo‘qotishlardan keyin rahbariyat kunni kun demay ishlayotgan bo‘lsa, ajab emas. Ayni dam tarkibda faqatgina ikkita hujumkor o‘yinchilar qoldi. Bular Vinisius va Rodrigo. Shunday ekan "Real" transferlar oynasida 4 ta strayker sotib olishni rejalashtirgan.

Eng asosiy maqsad Xarri Keynni tarkibga qo‘shib olishdir. Angliyalik hujumchining "Tottenxem" bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilda tugaydi. Shunday bo‘lsada, 30 yoshli ingliz ushbu yozda "shporlar"ni tark etishga qaror qilgan va Madridga borishga rozi. Qizig‘i, rahbariyat bunga qarshi emas. Shunchaki, ikkala taraf kelishib olsa bo‘lgani. "Manchester Yunayted" ham Keynni qo‘lga kiritishga urinmoqda. Ammo Levi nafaqat "qizil iblislar"ga, balki butun Premer-ligadagi klublariga rad javobini bergan. Angliyalik tadbirkor kelajakda Xarrini "Tottenxem"dagi sobiq jamoadoshlariga qarshi o‘ynashini istamaydi. Unga "Real" varianti qulay.

"Qirollik klubi" Keyn bilan birga APLdan Xavertsni ham qo‘shib olib kelmoqchi. Anchelotti germaniyalik futbolchining transferi tezroq amalga oshishini istaydi. Ayni dam Kayning agentlari va "Real" o‘rtasida muzokaralar boshlangan. Faqat "aristokratlar" yarim himoyachiga qimmat narx belgilashi mumkin. Xavertsga taxminan 50-60 million evro va bonuslar talab qilinishi mumkin.

"Espanol" futbolchisi Xoselu ham "qaymoqranglilar" radariga tushgan. U jamoaning ikkinchi raqamli hujumchisi bo‘ladi. Kelasi mavsum Braim Dias uchun ham muhim bo‘ladi. Sababi, unga katta imkoniyat berilishi ktuilmoqda. Garchi "Milan" hujumkor yarim himoyachini olib qolishga urinayotgan bo‘lsa ham "Real" Braimni ortga qaytarmoqchi. Eslatib o‘tamiz, Madridliklar Roberto Firmino uchun kurashdan chiqqan. Bellingem transferi esa allaqachon hal bo‘lgan. Tez orada uning transferi rasman e’lon qilinadi.

2024 yil...

Kelasi yilda ham "Real"ni bir nechta muhim futbolchilar tark etadi. Modrich va Kroos jiddiy yo‘qotish bo‘ladi. Shuningdek, Vaskesning ham jamoadan ketish ehtimoli mavjud. Ammo klubda bu futbolchilarning o‘rnini to‘ldirish uchun hozirdan harakat boshlangan. Demak, biz yaqin kelajakda Bellingem - Valverde - Tchuameni juftigini ko‘ramiz.

Suhrob Xolbekov


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Real"da revolyutsiya davri boshlandi yoxud "qirollik klubi" olib borayotgan transfer siyosati haqida