22:07 / 16.06.2023
631

Shomurodovning termadagi gollari Italiyada ovoza bo‘ldi!

Shomurodovning termadagi gollari Italiyada ovoza bo‘ldi!
A Seriya o‘yinlari Eldor Shomurodov uchun muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Legionerimiz ijara asosida o‘ynagan “Spetsiya” quyi ligaga tushib ketdi.
 
Garchi Shomurodov Italiya chempionatida o‘zini yetarli darajada ko‘rsata olmayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlarida haqiqiy yetakchiligini va yuqori sport formasida ekanini namoyish qilmoqda.
 
Italiya futbolini yoritib borayotgan manbalardan biri – calciospezia.it  sayti hujumchimizning aynan mana shu holatiga e’tibor qaratdi.
 
- “Spetsiya” jamoasida iz qoldira olmagan Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida yuqori darajada o‘yin ko‘rsatishda davom etmoqda.
 
Liguriyaliklar safida pley-offni qo‘shib hisoblaganda 17 ta uchrashuvda atigi bitta gol urgan hujumchini “Spetsiya” to‘liq transfer qilmaydigan bo‘lgan. Eldorning maydondagi ko‘rsatkichlari ijara “burgutlar” uchun omadsiz bo‘lganini ko‘rsatdi.
 
Lekin Eldor Shomurodov o‘z mamlakati terma jamoasida umuman boshqa futbolchiga aylanadi. Kuni kecha Turkmaniston futbolchilari bilan bo‘lgan bahsda “o‘zbek Messisi” raqib darvozasiga kiritilgan ikkita golga mualliflik qilib, o‘zi sardorlik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga g‘alaba keltirdi.
 
Bu yangi turnir – “CAFA Nation's Cup” musobaqasida o‘zbeklar uchun muhim g‘alaba bo‘ldi, - deb yozmoqda calciospezia.it  jurnalisti Gvido Lorenselli.
 
Eldor Shomurodov kuchli beshlik chempionatlaridagi yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi. 2020 yilning oktyabr oyidan beri Italiya chempionatida to‘p tepayotgan hujumchimiz shu paytga qadar A Seriyada uchta jamoa sharafini himoya qilib ulgurdi.
 
27 yoshli futbolchimiz “Jenoa”, “Roma” va “Spetsiya” sharafini himoya qildi. Aytish joizki, Eldor har uchala jamoa uchun gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari, Shomurodov o‘ziga kam o‘yin vaqti berilganiga qaramay, Italiya va Yevropa maydonlarida o‘zi ishtirok etgan barcha turnirlarda o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ygan.
 
Xususan, Shomurodov A Seriyada jami 80 ta uchrashuvda 12 ta gol va oltita assist qayd etgan. Italiya kubogida ikkita o‘yinda bittadan gol va golli pas muallifi bo‘ldi. Xalqaro maydonda esa, Konferensiyalar ligasi va Yevropa Ligasi musobaqalarida ham o‘z nomiga gol yozdirib qo‘yganini ta’kidlash lozim.
 
Eldor Shomurodovning O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi faoliyati ancha samarali chiqmoqda. Mohir to‘purarimiz bosh jamoa tarkibida 63 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 36 marotaba ishg‘ol qildi.
 
Bugungi kunda Eldor terma jamoamiz tarixida eng ko‘p gol urgan o‘yinchiga aylangan. Turkmanistonga qarshi bahsda Shomurodov avvalgi rekordchi – Maksim Shatskixning 34 ta goldan iborat ko‘rsatkichini yangiladi.
 
Bundan buyog‘iga Shomurodovning terma jamoa uchun uradigan har bir goli yangi rekord natija sifatida qayd etilaveradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning termadagi gollari Italiyada ovoza bo‘ldi!
ePN