
Evropa klublari yangi futbolchilar bilan tarkibni kuchaytirishda davom etmoqda. Quyida soʻnggi kunlarda roʻy bergan asosiy transferlar keltiriladi.
N’Golo Kante: «Chelsi» → «Al-Ittihod» (erkin agent)

Jahon chempioni kelajagini Saudiya Arabistoni bilan bogʻladi. Oʻtgan mavsum Kante uchun faoliyatidagi eng yomon mavsumlardan biri boʻldi. U «Chelsi» safida atigi toʻqqiz oʻyinda maydonga tushdi va Qatardagi jahon chempionatini oʻtkazib yubordi. Ushbu frantsuz futbolchisi avvaliga paylardagi jarohatini davoladi, mavsum oxirida esa bel sohasidan jarohatlandi. Kante erkin agentga aylangach, arab klubidan yogʻli shartnoma oldi.
«Al-Ittihod»da toʻrt mavsum uchun futbolchi 100 mln evro (har mavsumga 25 mln evrodan) oladi. Qolaversa, unga tijoriy kelishuvlardan ulush va'da qilingan. Bu «Al-Ittihod»ning yozdagi ikkinchi transfer bombasi boʻldi — biroz avvalroq klub Karim Benzemani oʻz safiga qoʻshib olgandi. Kante «Chelsi»da oʻtgan etti mavsumda olti turnirda, jumladan Chempionlar ligasi, Evropa ligasi va APLda gʻolib chiqdi.
Kristofer Nkunku: «RB Leyptsig» → «Chelsi» (60 mln evro)

Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning ma'lumotiga koʻra, bu transfer boʻyicha 2022 yil dekabridayoq kelishib olingandi. Nkunku aynan oʻshanda tibbiy koʻrikdan oʻtgan va tomonlar barcha qogʻozlarni imzolashgandi. Oʻtgan vaqt ichida «Chelsi»da ikki bor murabbiy oʻzgardi. Transfer hal boʻlganida jamoani Grem Potter boshqarardi, keyin — Frenk Lempard keldi, yozda esa bu lavozimni Maurisio Pochettino egalladi.
25 yoshli frantsuz futbolchisi londonliklarga 60 mln evroga tushdi. Oʻtgan mavsumda u barcha turnirlar doirasida 36 oʻyinda maydonga tushgan va ajoyib statistika qayd etgan (23 gol, toʻqqiz golli uzatma). Kristofer Frantsiya va Germaniya chempionatlarida toʻp surgan, endi esa yangi top-chempionatni zabt etishga harakat qiladi. Nkunku jahon chempionatiga yoʻl ololmaganidan qattiq ranjigandi — u turnir arafasidagi mashgʻulotlar chogʻida jarohat olib safdan chiqqandi.
Xoselu: «Espanol» → «Real» (ijara, 500 ming evro, 1,5 mln evroga sotib olish sharti bilan)

Xoseluning soʻnggi vaqtlardagi faoliyati ertaknamo kechmoqda. 2023 yil bahorida u Ispaniya milliy jamoasida debyut qildi — oʻyin yakuniga toʻqqiz daqiqa qolganida maydonga chiqdi va dublni rasmiylashtirdi. Iyun oyida jamoa bilan Millatlar ligasida gʻolib boʻldi. Gʻalabali finaldan bir hafta oʻtib esa «Real» safiga oʻtdi. Bularning bari u 34 yoshga chiqqanida roʻy bermoqda.
Xoselu avval Ispaniya, Angliya va Germaniyada oʻynagan, ammo uning rezyumesida shu vaqtgacha «Real» kalibridagi klub boʻlmagandi. Hujumchi oʻz vaqtida Madrid klubining yoshlar jamoasida oʻynagan, ammo buni hozirgi vaziyat bilan taqqoslab boʻlmaydi. Xoselu «Espanol»da juda yaxshi mavsum oʻtkazdi (17 gol, toʻrt assist), ammo jamoani ikkinchi divizionga tushib ketishdan qutqarib qololmadi. Oʻtgan mavsumda oxirgidan oldingi oʻrinni egallagan jamoadan ikkinchi oʻrinni egallagan jamoa safiga oʻtish — buni haqiqiy progress desa boʻladi!
Rafael Gerreyru: «Borussiya» D → «Bavariya» (erkin agent)

Portugaliyalik futbolchida Dortmundda oʻtgan etti yillikni chiroyli yakunlab qoʻyish uchun zoʻr imkoniyat bor edi. «Borussiya» oxirgi tur oldidan Bundesliga turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgandi, ammo soʻnggi oʻyinni barbod qildi va oltin medallarni «Bavariya»ga sovgʻa qilib yubordi. Keyingi kuni esa Dortmund bir necha futbolchilari, jumladan 29 yoshli himoyachisi Gerreyru ketayotgani haqida e'lon qildi. Shartnomasi muddati yakunlangan Rafael bozorga erkin agent maqomida chiqdi, ammo oy oxiriga keliboq yangi jamoa topdi.
Katta ehtimol bilan Gerreyru nihoyat Germaniya chempioni boʻladi, chunki buni «Bavariya» bilan uddalash ancha osonroq. Qolaversa, Gerreyruda Tomas Tuxel bilan ishlash tajribasi bor. Ular 2016/2017 yillar mavsumida Dortmundda hamkorlik qilishgandi va Germaniya Kubogini qoʻlga kiritishgandi. Oʻtgan mavsumda portugaliyalik 36 oʻyinda qatnashib, olti gol urdi va 14 golga uzatma berdi.
Edin Jeko: «Inter» → «Fenerbahche» (erkin agent)

Bosniyalik hujumchi Italiyaga 2015 yilda kelgandi. Jeko «Roma»da bir mavsumni ijara asosida oʻtkazganidan keyin rimliklar uning transfer huquqini «Manchester Siti»dan sotib olishgandi. Shundan buyon u faqat A Seriya jamoalarida («Roma», «Inter») oʻynab keldi. Oʻtgan mavsumda Jeko 14 gol urdi, jamoasi bilan Chempionlar ligasi finaligacha etib bordi va endi Italiyani erkin agent maqomida tark etdi. 37 yoshli futbolchi faoliyatini shu vaqtgacha qadar oʻziga tanish boʻlmagan Turkiya chempionatida davom ettiradi.
Jeko shartnomani uzaytirish borasida «Inter» bilan kelisha olmagan. Barcha narsadan xabardor Romanoning ma'lumotiga koʻra, tomonlar hatto bu masalada jiddiy muzokaralar boshlashgacha etib borishmagan. Faxriy futbolchiga Saudiya Arabistoni klublaridan qiziqishlar mavjud edi, ammo u Evropada qolishni ma'qul koʻrdi. Yangi mavsumda Jeko Chempionlar ligasida oʻynamaydi, chunki uning yangi klubi faqat Konferentsiyalar ligasiga yoʻllanma ololgan.
Evan N’Dika: «Ayntraxt» → «Roma» (erkin agent)

Transfermarkt ushbu markaziy himoyachini 28 mln evroga baholagan, «Roma»ga esa u mutlaqo tekinga tushdi. N’Dika Germaniyada besh yilni oʻtkazdi va «Ayntraxt»ni erkin agent sifatida tark etdi. Avval ushbu 23 yoshli futbolchining nomini «PSJ» va «Barselona» bilan ham bogʻlashgandi, ammo u Italiyaga yoʻl oldi. Ikki yil muqaddam N’Dika Evropa ligasida gʻolib boʻlgandi, oʻtgan mavsumda esa u jamoasi bilan Chempionlar ligasida pley-offda ham oʻynadi. Mourino boshqaruvidagi «Roma» shu tariqa yozda ikkinchi yangi futbolchini safiga qoʻshib oldi — avvalroq Ussam Auar ham tekinga olingandi.
Kristof Baumgartner: «Hoffenhaym» → «RB Leyptsig» (24 mln evro)

«Leyptsig» 23 yoshli avstriyalik uchun 24 mln evroni ayamadi. Qolaversa, klubda moliyaviy muammolar yoʻq, Nkunku transferidan kattagina mablagʻ ishlab olingan. Baumgartner «Leyptsig»ni Evropaning yorqin klublaridan biri sifatida ta'rifladi. Futbolchi Chempionlar ligasida toʻp surish imkoniyatini sabrsizlik bilan kutayotgani va sovrinlar jamgʻarmasini toʻldirishdan umid qilayotganini aytib oʻtgan. Nima boʻlganda ham, «Leyptsig» qatorasiga ikki mavsumda Germaniya Kubogida gʻolib chiqqan jamoa.
Baumgartner hujum guruhida istalgan pozitsiyada oʻynashi mumkin: markaziy yoki qanot hujumchisi, shuningdek hujumkor yarimhimoyachi boʻla oladi. Kristof ikki oyogʻi bilan ham yakuniy zarba bera oladi, yaxshi tezlik va yuqori oʻyin intellektiga ega hisoblanadi. 23 yoshga kelib u Bundesligada 121, Avstriya milliy jamoasida 29 oʻyin oʻtkazishga ulgurdi. 2022/2023 yillar mavsumida u etti gol urib, etti golli uzatma muallifi boʻlgan.
Deyan Kulushevski: «Yuventus» → «Tottenhem» (30 mln evro)

Kulushevskini «Tottenhem»ning yangi futbolchisi deb boʻlmaydi. Londonliklar klubi uni bir yarim yil oldin ijaraga olgandi va buning uchun 10 mln evro toʻlagandi. Endi «Tottenhem» transfer huquqini sotib olish boʻyicha bandni ishga tushirdi va yana uch barobar koʻproq pul sarfladi. 2022/2023 yillar mavsumida shved futbolchisi 37 oʻyinda maydonga tushib, ikki gol urgan va sakkizta golga uzatma bergan. Uning londonliklar klubi bilan shartnomasi 2028 yil yoziga qadar tuzilgan. Futbolchining oʻzi hali oʻsishi kerakligi haqida gapirdi, lekin u allaqachon 23 yoshda. Kulushevskining soʻzlariga koʻra, u jahon chempionatidan keyingi oʻyinlaridan qoniqish hosil qilmagan. Endi yangi mavsum uning uchun qanday kechishini koʻramiz.
Arkadiush Milik: «Marsel» → «Yuventus» (6,3 mln evro)

«Yuventus» ham kelishuvdagi banddan foydalanib, Milikni «Marsel»dan sotib oldi. Polyak hujumchisi oʻtgan mavsumni ijara asosida Turinda oʻtkazdi, endi esa jamoaning toʻlaqonli a'zosiga aylandi. 29 yoshli 39 oʻyinda maydonga tushib, toʻqqiz gol urdi va bir golga uzatma berdi. Shu bilan birga Milik fevral-mart oylarida belidagi jarohat tufayli bir qancha oʻyinlarni oʻtkazib yubordi. «Marsel» yana 1,1 mln evroni bonuslar sifatida qoʻlga kiritishi mumkin, ammo barchasi Milik oʻzini qanday koʻrsatishiga bogʻliq boʻladi.
Ruslan Malinovskiy: «Atalanta» → «Marsel» (10 mln evro)

Transfermarkt ma'lumotlariga koʻra, «Marsel» maxsus bandni faollashtirib, ukrainalik futbolchining transfer huquqini qoʻlga kiritgan. Malinovskiy Frantsiyaga 2023 yil boshida kelgandi — «Marsel» uni «Atalanta»dan ijaraga olgandi. Ruslan yarim mavsumda yangi klubi futbolkasida 23 oʻyinda maydonga tushib, ikki gol urdi va bir golga uzatma amalga oshirdi. Malinovskiyning oʻzi Frantsiyada oʻzi istagan darajada oʻynay olmaganini aytgan. Ukrainalik yarimhimoyachi «Marsel» futbolchisi sifatida toʻlaqonli tayyorgarlikdan keyin yangi mavsumda yaxshiroq oʻyin koʻrsatishini aytgan. Uning hozirgi klubi, «Atalanta»dan farqli oʻlaroq, Chempionlar ligasida oʻynash imkoniyatiga ega, buning uchun jamoa saralash bosqichidan oʻtishi kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring