17:12 / 01.07.2023
286

Hakim Fuzaylov: "Hammasi tushunarli. Bu Ulug‘bek Baqoyevning qarori"

Hakim Fuzaylov: "Hammasi tushunarli. Bu Ulug‘bek Baqoyevning qarori"

“Buxoro” klubidagi vaziyatdan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bu klubni joriy chempionatda muxlislarini xursand qilishi ancha qiyin kechyapti. Bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urilyapti, ammo hali ijobiy natija ko‘zga tashlanmayapti. Bilasiz, “Buxoro” bosh murabbiyi sifatida avvaliga Hakim Fuzaylov ishlayotgandi. 4-turdan keyin uning o‘rniga Ulug‘bek Baqoyev ushbu lavozimga tayinlandi.

Hakim Qayumovich o‘tgan yili “Buxoro” ustozi sifatida klubni pro ligadan Superligaga olib chiqa olgani yodingizda bo‘lsa kerak. Garchi Fuzaylov bosh murabbiylikni topshirganiga qaramay, hali klubdan ketgani yo‘q. Maslahatchi murabbiy sifatida ishlab kelyapti. Fuzaylov Sports.uz muxbiri bilan muloqot chog‘ida avvalo “Buxoro”ning bu yildagi salbiy natijalari haqida to‘xtaldi.

“Yuzaga kelgan vaziyat va natijalarni yoqimli emas, deb aytish mumkin. Ammo nima ham qila olardim?! Sog‘ligim taqozosiga binoan ishdan ketishimga to‘g‘ri keldi. Shu bois qandaydir xulosa chiqarish kerak emas. Bu jamoani men shakllantirdim. Lekin hozirda klubni Ulug‘bek Baqoyev boshqarmoqda. Nima qilish kerak? Shunchaki, tarkibni kuchaytirish va ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rish zarur xolos. Shunda nimadir haqida gapirish mumkin bo‘ladi”.

Baqoyev tarkibni tozalashni boshlab yuborgan. Allaqachon jamoani bir qator futbolchilar tark etgan. Birinchi davradan so‘ng yangi o‘yinchilar olib kelinadi. Fuzaylov bilan birga ishlagan ayrim o‘yinchilarga javob berilganiga Hakim Fuzaylov shunday munosabat bildirdi:

“Hammasi tushunarli. Bu Ulug‘bek Baqoyevning qarori. O‘ylaymanki, bu xususida fikr bildirishga erta. Har bir murabbiyning futbolga bo‘lgan munosabati turlicha. Shuning uchun biroz sabr qilish kerak. Avval jamoa tarkibini kuchaytirsin, tayyorgarlik qanday samara berishini ikkinchi davradagi o‘yinlar ko‘rsatib beradi”.

Hakim Qayumovich ikkinchi davrada ham “Buxoro”dagi ishini davom ettiradimi yoki ketadimi?

“Eng asosiysi, salomatlik. Bugungi kunga kelib sog‘ligim ancha yaxshi tomonga o‘zgardi. Qon bosimim joyiga tushdi. Yashayveraylikchi, ko‘ramiz”, - deydi Fuzaylov.

Ikkinchi davrada jamoaga qanday futbolchilar keladi? Bu masalada bo‘yicha Qayumovichdan so‘raganimizda javobi quyidagicha bo‘ldi:

“Tarkibni kuchaytirish albatta bo‘ladi. Tabiiyki, bu bilan jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev va uning shtabi shug‘ullanadi. Shuning uchun keling, biroz kutaylik. Transfer oynasi ochilishi arafasida ko‘ramiz”.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hakim Fuzaylov: "Hammasi tushunarli. Bu Ulug‘bek Baqoyevning qarori"
ePN