01:32 / 18.07.2023
198

Tez orada e’lon qilinadigan transferlar!

Tez orada e’lon qilinadigan transferlar!

Transfer bozorida bir nechta xaridlar amalga oshish arafasida turibdi. Misol uchun, Andre Onananing Angliyaga yo‘l olish ehtimoli yuqori. "Inter" esa uning o‘rniga darvozabon topib qo‘ygan. Kuadrado Italiyaning boshqa klubiga o‘tayotgan bo‘lsa, "Barselona" o‘z tarkibiga yarim himoyachi qo‘shib olmoqda. Shuningdek, "An-Nasr" ham tez orada yana bitta transferni e’lon qilishi kutilmoqda. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

Andre Onana - "Manchester Yunayted"

"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Erik Ten Xag darvozabon masalasini uzoq o‘yladi. Mavsum yakunlanganidan keyin David De Xea qolishi ham mumkin edi. Ammo muzokaralardan so‘ng ketishga qaror qildi. Shu sababli, klub yangi posbon sotib olishga harakatni boshladi. Aslini olganda, yangi darvozabon olib kelish fikri avvalroq paydo bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Bu haqda mish-mishlar yo‘q emas. Variantlar orasida doimo Andre Onana favorit bo‘lib turdi. U "Ayaks"da Ten Xag bilan birga ishlagan va niderlandiyalik mutaxassis unga yana ishonch bildirdi.

O‘zining sobiq shogirdlarini MYuga olib kelishda davom etayotgan Ten Xag Andreni ham o‘z jamoasi safida ko‘rishni istadi. Mazkur transfer "Manchester Yunayted"ga umumiy 55 million evroga tushdi. Futbolchi bilan 2028 yilning yoziga qadar amal qiladigan shartnoma borasida kelishib olindi. Muzokaralar yakunlangan. "Inter" Onanani qo‘yib yuborishga tayyor. U ayni dam AQShda bo‘lib turgan tarkibga qo‘shilib olishi kutilmoqda. Rasmiy xabar esa hafta oxirida chiqishi mumkin. Italiyadagi manbalarga ko‘ra, Onana milanliklar bilan xayrlashishga ham ulgurdi.

Yann Zommer - "Inter"

Onana ketganidan keyin uning o‘rnini "Bavariya" vakili Yann Zommer bilan to‘ldirishga qaror qilgan "Inter" bu transferni yakunlashga juda yaqin turibdi. Ma’lum bo‘lishicha, milanliklar Germaniya klubiga 6 million evrolik taklif yuboradi. Hali tomonlar to‘liq kelishib olmagan. Futbolchi bilan necha yillik bitim tuzilishi ochiqlanmadi. Ammo 34 yoshli posbon "Inter"ga o‘tishga tayyor va "Bavariya" ham unga chiqish eshiklarini ko‘rsatgani aniq. Sababi, nemis jamoasi Mamardashvilini o‘z tarkibiga qo‘shib olishga urinmoqda. Bundan tashqari, Manuel Noyer safga qaytdi. U jamoaning birinchi raqamli posboni bo‘lishiga shubha yo‘q. Zommer esa zaxirada ko‘p o‘tirishni istamadi. Myunxenliklar tarkibiga qishda kelgan Yann endilikda Italiya tomon yo‘l olmoqda.

Xuan Kuadrado - "Inter"

Yozgi transferlar oynasida ko‘p harajat qilishni yoqtirmaydigan "Inter" o‘z uslubiga sodiq qolmoqda. Jamoa bu yozda xaridlar uchun kichik pullar sarflab, tarkibni kuchaytirishda davom etadi. Milanliklar 8 yillik faoliyatidan keyin "Yuventus" bilan xayrlashib, erkin agentga aylangan Xuan Kuadradoni olib kelishga yaqin turibdi. Asosan qanot himoyasida harakat qiladigan futbolchi klub bilan 2024 yilgacha amal qiladigan shartnoma borasida kelishib oldi. Avvalroq, Kuadradoga Saudiya Arabistonidan takliflar borligi haqda mish-mishlar tarqalgandi. Ammo u "Inter"ni tanlagani ma’lum bo‘lyapti. Xuan katta ehtimol bilan, keyingi yozda Evropani tark etishi mumkin.

Seko Fofana - "An-Nasr"

"Inter"dan farqli o‘laroq o‘z tarkibiga yulduzlarni qo‘shib olayotgan "An-Nasr" tez orada yana bir transferni e’lon qilishi kutilmoqda. Klub "Lans"dan Seko Fofanani 30 million evroga sotib olishga yaqin. Shaxsiy shartlar kelishib olingan. Tomonlar o‘rtasida ham muzokaralar o‘z nihoyasiga etgan. "Lens" uni 30 million evroga sotishga tayyor. Ammo "An-Nasr"ning Ahmad Musa bilan bo‘lgan voqeasi sabab bu transfer biroz kechikmoqda. Riyodliklar hammasini hal qilganidan keyin Fofanani rasman o‘z futbolchisi sifatida tanishtiradi. Seko yarim himoyachi hisoblanadi. U yozda Frantsiya klubini tark etib, kattaroq jamoaga borishni maqsad qilgandi. Ammo kutilmaganda Saudiyadan kelgan taklifga (ikki barobar ko‘proq maoshga) yo‘q, deya olmadi va faoliyatini Ronaldu bilan birga davom ettirishga qaror qildi.

Oriol Romeo - "Barselona"

Serxio Buskets o‘rnini "Barselona" kattaroq nom bilan to‘ldirilishi kutilgandi. Biroq, kataloniyaliklar "Inter" yo‘lidan ketdi, ya’ni "Jirona"dan Oriol Romeoni sotib olmoqchi. Aslini olganda, 31 yoshli yarim himoyachi 2010-2011 yillarda "Barsa" safida to‘p surgan. O‘sha paytda Buskets tarkibning asosiy tayanch yarim himoyachisi hisoblangan. Ispaniyalik futbolchi esa zaxirada ko‘p o‘tirib qolgani sababli, "Chelsi"ga o‘tib ketgandi. Xavi uni ortga qaytarishga qaror qildi. Futbolchilik faoliyati davomida kam vaqt bo‘lsada birga o‘ynagan xavbeklar endi ustoz-shogirdga aylandi. Romeo so‘nggi ikki yilda "Jirona"da 34 ta o‘yinda maydonga tushgan.

 Eng qiziqarlisi, u biror marta jarohat olmagan. Nima bo‘lganda ham bu futbolchini Xavi yaxshi taniydi va u Orioldan qanday foydalanishni biladi. Romeoning "Barsa"ga tashrifi klubga 4,5 million evroga tushadi. Shuningdek, shartnomada Pablo Torre ijara asosida "Jirona" safiga o‘tish bandi ham bor. Romeo ayni dam "Barsa" uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishga tayyor. U jamoasi bilan mashg‘luotlarda qatnashmayapti.

Tez orada e’lon qilinishi mumkin bo‘lgan transferlar yana bir nechtani tashkil qiladi. Aynan bu erda ham ular haqda ma’lumotlar bor. Saudiyaga yo‘l olgan futbolchilar yaqin orada yangi klubiga ko‘chib o‘tish ehtimoli yuqori.

Suhrob Xolbekov


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tez orada e’lon qilinadigan transferlar!