13:01 / 01.08.2023
1 108

Kutib oling, Premer-ligaga “o‘zbek Messi”si kelyapti!

Kutib oling, Premer-ligaga “o‘zbek Messi”si kelyapti!

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisini Abbosbek Fayzullayevning Rossiya Premer-ligasi vakili SSKAga transferi rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

“Paxtakor” bosh direktori Dmitriy Adisman futbolchi Moskvaga yo‘l olgani, SSKA transfer bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lganidan keyin bu xabar rasman e’lon qilinishi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Rossiya futboli tahlilchilari, ommaviy axborot vositalari Premer-ligaga qadam qo‘yayotgan o‘zbek futbolchisi haqida o‘zlari topgan ma’lumotlarni muxlislari e’tiboriga havola etmoqda.

Dzen platformasidagi “Budni SSKA” kanali moskvaliklarning yangi o‘yinchisi haqida quyidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

- Osiyo futbolining eng iqtidorli futbolchisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullayev SSKA o‘yinchisiga aylanmoqda. “Qizil-ko‘klar” 19 yoshli hujumkor futbolchi transferi bo‘yicha “Paxtakor” bilan kelishib bo‘lgan.

Abbosbek chap oyoqda zo‘r o‘ynagani bois, uni  jahon futboli yulduzi Lionel Messiga qiyoslab, “o‘zbek Messi”si deyishadi.  

Fayzullayev yosh bo‘lishiga qaramay, “Paxtakor”ning yetakchi futbolchisi va mamlakat terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.

O‘zbek futbolchisining ajralib turadigan xislati futbol maydonida yetakchilik qobiliyatini namoyish eta olishidir. Murakkab vaziyatlarda mas’uliyat va tashabbusni o‘ziga olib, uchrashuv taqdirini hal qila oladi.

Abbosbek asosan o‘ng qanot hujumida o‘ynaydi. Yosh iqtidor egasi to‘pni chap oyog‘iga to‘g‘rilab olib, Messi uslubida hujum markaziga o‘tib, chiroyli va aniq zarba bilan gol urishni yoqtiradi.

Joriy mavsumda O‘zbekiston chempionatida Fayzullayev “Paxtakor” safida oltita uchrashuvda ikkita to‘p kiritdi va bitta golli pas uzatdi.

Fayzullayevning rasmiy transfer narxi ayni paytda 750 ming yevroga baholanmoqda.

Fubol ekspertlari bundan iqtidor egasi Moskva armiyachilarining tarkibini kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Bu transferning muhim jihatlari hisoblanadi.

“O‘zbek Messi”sining SSKAga transferi rasman tasdiqlanishini kutyapmiz, - deb yozmoqda “Budni SSKA” kanali.

Eslatib o‘tamiz, 19 yoshli Abbosbek Fayzullayev 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida O‘zbekiston terma jamoasining yetakchilaridan bo‘lgan. Bu jamoamiz 2023 yilda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Abbosbek qit’a miqyosidagi musobaqaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz Argentinada tashkil etilgan jahon chempionatida ham guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, nimchorak finalda ishtirok etdi. Mana shu mundialda o‘zini ko‘rsata olgan iste’dodli o‘yinchilarimiz birin-ketin Yevropa klublariga yo‘l olmoqda.

Jumladan, yaqinda terma jamoa himoyachisi Abduqodir Husanov Fransiya vitse-chempioni “Lans”dagi faoliyatini boshlab yubordi.

Yoshlar terma jamoamiz yetakchilaridan Umarali Rahmonaliyev Rossiya Premer-ligasida “Rubin” sharafini himoya qilmoqda.

Mana endi ushbu terma jamoaning uchinchi vakili – Abbosbek Fayzullayev ham yosh bo‘lishiga qaramay, legioner maqomini olyapti.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kutib oling, Premer-ligaga “o‘zbek Messi”si kelyapti!