20:00 / 03.08.2023
313

Fayzullayevning SSKAga transferiga nima xalaqit qilyapti?

Fayzullayevning SSKAga transferiga nima xalaqit qilyapti?

O‘zbekistonlik futbol muxlislari yorqin iste’dod egalaridan biri Abbosbek Fayzullayevning Rossiya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tishini intiqlik bilan kutyapti.

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va jahon chempionatida porlagan hujumkor futbolchimizning SSKAga transferi allaqachon rasmiylashtirilishi kerak edi.

Bu transfer amalga oshiralayotgani haqida o‘yinchini tarbiyalagan “Paxtakor” rahbariyati ham, Moskvaning SSKA” klubi ham ma’lumot bergandi.

 “Paxtakor” klubi bosh direktori Dmitriy Adisman Rossiyaning sport24.ru sayti jurnalisti Boris Meshkovga Abbosbek Fayzullayevning transferi nima sababdan cho‘zilib ketganini izohlab, vaziyatni tushuntirib berdi.

- Fayzullayev bilan xayrlashganimizga ancha bo‘ldi. SSKAda o‘zini ko‘rsata olishiga umid qilamiz. Lekin ayni paytda transfer uchun to‘lov masalasida muammo bo‘lyapti.

Sanksiyalar tufayli SSKA badal pulini to‘lash imkoniyatini topa olmayapti va shuning uchun ham transfer ozroq cho‘zilyapti.

Muayyan qiyinchiliklar borligiga qaramay, hammasi yaxshi bo‘ladi, degan umiddaman.

Biz o‘zimizga bog‘liq masalalarni hal qildik va o‘zimiz tarbiyalagan futbolchi bilan xayrlashdik. Buyog‘iga ishni SSKA davom ettiradi, - dedi Dmitriy Adisman.

Bu ma’lumotni SSKA klubi kommunikatsiyalar xizmati boshlig‘i Kirill Breydo ham tasdiqladi.

- To‘lov masalasida ayrim texnik muammolar bor. Biroq, har bir tomonning manfaatidan kelib chiqib, bu transfer albatta amalga oshiriladi, - dedi Kirill Breydo "Match TV" saytiga.

Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullayev bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan hujumkor futbolchi hisoblanadi. U  ikki mavsumdan beri “Paxtakor” jamoasining asosiy tarkibida o‘ynab kelayotgan edi.

19 yoshli o‘yinchi klublar miqyosida O‘zbekiston chempionatida jami 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini yetti marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatgan.

Shuningdek, Fayzullayev Osiyo Chempionlar ligasida beshta o‘yinda o‘z hisobiga bitta gol rasmiylashtirib qo‘ydi.

Iqtidorli futbolchi O‘zbekiston kubogi musobaqasida uchta bahsda ikki marta darvoza to‘rini aniq nishonga oldi.

Abbosbek Fayzullayev Toshkentda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, terma jamoamizning Argentina mezbonlik qilgan jahon chempionatidagi o‘yinlarida o‘z iqtidori va salohiyatini namoyish qilib, bir necha klublar e’tiboriga tushdi.

U yosh bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham jalb etila boshladi va uchta uchrashuvda maydonga tushib, bitta to‘p ham kiritdi.

Abbosbek Fayzullayevning “Paxtakor” bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning oxirigacha imzolangan edi.

Eslatib o‘tamiz, Fayzullayev SSKA klubi bilan shartnoma imzolasa, Rossiya Premer-ligasidagi beshinchi futbolchimizga aylanadi.

Ma’lumki, bu mavsum Rossiya yuqori divizionida tajribali himoyachi Rustam Ashurmatov hamda Fayzullayev bilan birga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi yetakchisi hisoblangan Umarali Rahmonaliyev Qozonning “Rubin” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Bu futbolchilarimiz yanvar oyida “Rubin” bilan shartnoma imzolab, jamoaning birinchi ligadan yuqori divizionga ko‘tarilishiga yordam bergandi.

Yana ikki vakilimiz – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Ruslan Jiyanov “Nijniy Novgorod” jamoasi a’zosi hisoblanadi. Yo‘ldoshev yosh bo‘lishiga qaramay, nijniy novgorodliklarning asosiy tarkib o‘yinchisi hisoblanadi. Jiyanov esa, bu jamoaga endi qo‘shildi va chempionatda ishtirok etadigan futbolchilar qaydnomasidan o‘tdi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayevning SSKAga transferiga nima xalaqit qilyapti?