date
views 1 165

“Milan” murabbiyi Shomurodovga e’tibor qaratdi

“Milan” murabbiyi Shomurodovga e’tibor qaratdi

Yangi mavsum O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va to‘purari Eldor Shomurodov uchun alohida ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Legionerimiz, nihoyat, o‘ziga mos jamoa va unga katta ishonch bildirayotgan tajribali bosh murabbiy qo‘l ostida to‘p tepadi.

Milan” klubida yoshlar bilan ishlayotgan tajribali mutaxassis Mario Beretta A Seriyaga qaytgan “Kalyari” haqida gapirar ekan, Eldor Shomurodov masalasida alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu mutaxassis “Milan”ga borgunga qadar “Kalyari”da yosh futbolchilarni tayyorlash bilan shug‘ullangan. Shuning uchun Beretta A Seriyada har ikki jamoani kuzatib boradi.

- Mario,“Kalyari”ning A Seriyaga chiqish uchun “Bari”ga qarshi o‘tkazilgan ikkita hal qiluvchi uchrashuvi qanday taassurot qoldirdi?

- “Kalyari” mezbonlik qilgan birinchi uchrashuvda “Bari” yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdi va shunga yarasha ko‘proq xavfli hujumlar tashkil qildi. Aynan o‘yin jihatidan “Bari” maydon egalaridan ustun edi.

(Birinchi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan)

Mavsum oxirida katta bosim ostida o‘tadigan o‘yinlarda omad ham muhim ahamiyat kasb etar ekan. “Bari” muxlislari ko‘z o‘ngida bo‘lgan ikkinchi finalda Maykl Folorunsho “Kalyari” hujumchisi Pavolettining bellashuv oxirida kiritgan golidan bir necha daqiqa oldin to‘p kiritish imkoniyatini va jamoasini yuqori divizionga olib chiqish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi.

(Ikkinchi uchrashuvda Pavolettining yagona goli “Kalyari”ni A Seriyaga qaytardi)

- A Seriya boshlanishiga ikki hafta vaqt qolgan pallada “Kalyari”ning tayyorgarligini qanday baholaysiz? Jamoa shakllanish jarayonida Rog va Lapadula jarohat olib, safdan chiqdi. Ularning o‘rnini sifatli ijrochilar bilan to‘ldirish shartmi?

- Albatta, mavsumni boshlash uchun yaxshi asosga ega jamoa bor. Lapadula va Rogning jarohati og‘ir qabul qilinyapti. A Seriyada muvaffaqiyatli o‘ynash uchun tarkib to‘liq bo‘lishi va futbolchilarning soni ham ahamiyatga ega bo‘ladi. Ayniqsa, xorvatiyalik futbolchiga achindim. Tizza bo‘g‘imlarning ketma-ket uchinchi marotaba shikastlanishidan keyin oyoqqa turish qiyin bo‘ladi. Men uning tezda tiklanishi tarafdoriman, lekin klub bu vaziyatga to‘g‘ri baho bera olishi kerak.

Hozirgi tarkibni inobatga olib, yaqin kelajakda transfer bozoriga kirish shart, deb hisoblayman. Chunki A Seriyaning saviyasi quyi liganikidan ancha baland va o‘yinlar soni ham ko‘p. Ayniqsa, Italiya kubogiga ham e’tibor qaratish kerak. Shularni inobatga olib, “Kalyari” tarkibni kuchaytirishga muhtoj.

- Sizningcha, Klaudio Raneri yangi olingan hujumchi Eldor Shomurodovdan qaysi pozitsiyada foydalanadi? Bu futbolchi hujumlarni tashkil qilish va ularni yakunlashni biladi. Lekin oxirgi mavsumlarda uning gollari soni kamayib ketdi.

- Raneri har doimgidek ikkita hujumchi bilan o‘ynaydi. Hozir uning qo‘l ostida Pavoletti, Luvumbo va Shomurodov bor. Foydalaniladigan taktik sxemalar, o‘yin g‘oyasi va raqibga qarab, bu hujumchilar orasidan istalgan ikkitasini ilk daqiqalardan maydonga tushirish mumkin.

O‘zbek hujumchisining gollari soni kamligini “Spetsiya” va “Roma”da o‘yin davomida ko‘pinchi zaxiradan maydonga tushgani bilan izohlash mumkin. Forvardlarning roli shunaqa: bir-ikki mavsum ko‘p gol ura olmaydi, keyin birdan “portlab”, muntazam ravishda ikki xonali sonlarni qayd etadigan holatlar ko‘p uchraydi. Albatta, bu ko‘p narsaga bog‘liq. Masalan, jamoadagi muhit, bosh murabbiy qarashlari, vaziyatdan kelib chiqadi.

Bu borada bir faktga e’tibor qarataylik. Eldor Shomurodov Italiya chempionatini yaxshi biladi. Chunki bir necha mavsumdan beri A Seriyada. Endi Eldor o‘ziga ishonch bildirayotgan klub formasini kiydi, o‘zi uchun ideal jamoaga tushdi va bu hujumchining qayta ochilishi hamda bor salohiyatini yana namoyish etishiga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, "Kalyari" legionerimizni "Roma"dan keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga oldi. Kelasi yozda sardiniyaliklar o‘zbekistonlik forvardni 9 million yevroga to‘liq transfer qilishi mumkin. Ana shu maqsadda, klub Shomurodov bilan 1+3 ko‘rinishida shaxsiy shartnoma ham rasmiylashtirib qo‘ygan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Milan” murabbiyi Shomurodovga e’tibor qaratdi