Futbol muxlislari katta qiziqish bilan kuzatadigan Yevropa kuchli beshlik chempionatlarida birin-ketin yangi mavsum boshlanmoqda. Bu gal o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari asosan ikki liga – A Seriya va Liga1 bahslarini alohida e’tibor bilan tomosha qiladi.
Yangi mavsumda Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olgan “Kalyari” va 19 yoshli futbolchimiz Abduqodir Husanovni transfer qilgan “Lans” jamoalariga muxlislik qilamiz.
Hali muxlislar ham, mutaxassislar ham Fransiya chempionatiga yo‘l olgan Abduqodir Husanovdan nimani kutishni bilmaydi. Chunki bu o‘yinchi hali yosh va ko‘pchilikning e’tiboridan chetda bo‘lgan Belarus chempionatidan boshqa joyda o‘ynamagan. Ammo O‘zbekistonning turli yoshdagi va milliy terma jamoasidagi o‘yinlari uning kelajagi porloq ekanidan dalolat bermoqda.
Eldor Shomurodov masalasi biroz boshqacha. Hujumchimiz A Seriyadagi uch yillik faoliyati davomida katta tajriba to‘pladi. Debyut mavsumida “Jenoa” safida to‘purarlik mahoratini namoyish qilib, ko‘pchilik, xususan, “Yuventus” va “Roma” kabi grand klublar nazariga tushdi.
“Roma”dagi faoliyati ham yaxshi boshlandi. Lekin kutilmaganda, Joze Mourino o‘rtoqlik o‘yinlarida ham rasmiy uchrashuvlarda ham gol urib turgan Eldor Shomurodovni zaxira o‘yinchisiga aylantirib qo‘ydi va e’tiborini Temmi Abraxam singari qimmatbaho o‘yinchilarga qaratdi.
Eldor o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini “Spetsiya”da o‘tkazdi. Ijara muddati hujumchimizning qayta ochilishi uchun bir imkoniyat edi. Biroq, terma jamoamiz sardorining o‘yini yana qovushmadi.
Shomurodovning Italiyadagi debyut mavsumida “Jenoa”da ko‘rsatgan o‘yini hurmati unga yana ko‘plab da’vogarlar chiqdi. Turkiyadan “Galatasaroy”, Gretsiyadan PAOK, Rossiyadan “Spartak”, Ispaniyadan “Jirona”, Italiyaning o‘zidan bir necha klub o‘zbek legionerini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qildi.
Eldor A Seriyaga chiqqan “Kalyari”ga yo‘l oldi. Hujumchimizning agentlaridan biri Valerio Juffrida hujumchi nega aynan “Kalyari”ga ko‘chib o‘tishni ma’qul ko‘rganini gapirib berdi.
- “Kalyari”ni tanlashimizning o‘ziga yarasha sabablari bor. Birinchidan bu issiq joy. Qolaversa, bu jamoa bosh murabbiyi Shomurodovga avvalgi yillarda yetishmagan xotirjam o‘ynash imkoniyatini bera oladi.
Biz tanlovni amalga oshirishda aynan mana shu jihatlarga ham e’tibor qaratdik.
Janob Klaudio Raneri katta tajriba egasi. U o‘ta sezgir va o‘yinchilar bilan muloqot qila oladigan mutaxassis.
“Kalyari” yaqindagina yuqori divizionga ko‘tarilganiga qaramay, u har doim raqobatbardosh jamoa bo‘lib kelgan, - dedi Valerio Juffrida.
Eslatib o‘tamiz, “Kalyari” Eldor Shomurodovni “Roma”dan keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga oldi. Bu muddat uchun sardiniyaliklar 1 million yevro to‘laydi. Agar hujumchining o‘yini klub rahbariyatiga ma’qul kelsa, kelasi yozda 9 million yevro evaziga forvardni to‘liq transfer qilish imkoni bor. Shu bois, klub legionerimiz bilan 1+3 ko‘rinishida shartnoma imzolagan.
Eldor Shomurodov yangi jamoasi safida xuddi “Jenoa”da bo‘lgani kabi 61-raqamda to‘p tepadigan bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!