Superliganing 11-tur qoldirilgan uchrashuvida “Nasaf” Qarshida “Paxtakor” bilan kuch sinashdi. Hujumkor ruhdagi o‘yinda jamoalarga faqat gol yetishmadi.
Ushbu uchrashuvdan keyin turli mulohaza va munosabatlar yangrashi odatiy hol. “Paxtakor”ning sobiq murabbiyi Jasur Abduraimov bilan Qarshidagi o‘yin haqida biroz suhbatlashdik.
- Jasur aka, “Nasaf” – “Paxtakor” o‘yini borasida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- Hozirgi “Paxtakor”da Cheran bo‘lmasa hech kim gol ura olmaydi.
- O‘yindan oldin qanday natija kutgandingiz?
- Uchrashuvdan oldin Dragan Cheranning maydonga tusha olmasligini bilardim. Shu sababdan “Paxtakor”ga gol urish qiyin bo‘lishini ham o‘ylagandim va shunaqa bo‘ldi. O‘yindagi imkoniyatlar 50\50 edi. Ammo Cheran o‘ynamagani bois “Nasaf”da biroz ustunlik bo‘ldi. Cheran gol uradigan hujumchi. U o‘ynamayapti va “Paxtakor”dan hech kim gol urmayapti. “Nasaf” esa o‘z uyidagi uchrashuvda yutishi kerak edi.
- 0:0 hisobi ko‘proq kimga foyda bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?
- Mening o‘ylashimcha, bu natija hech kimga foyda bermadi.
- Balki ularning raqobatchilariga...
- Ha, ularning raqobatchilariga durang natija yordam berdi. O‘ylashimcha, “Navbahor”ga ham, “Neftchi”ga ham ma’qul keladigan natija. Chunki ularning raqobatchilari – “Nasaf” bilan “Paxtakor” ochko yo‘qotishdi.
- Shu oyning o‘zida bu ikki klub O‘zbekiston Superkubogida yana to‘qnash kelishadi. Bu safar kimning imkoniyatini yuqori baholaysiz?
- “Paxtakor”ning tarkibi, hamma o‘ynasa – Cheran, Sobirxo‘jayev, Hamrobekov... Bu tarkib O‘zbekistondagi eng kuchlisi. Asosiysi, ularda g‘olibona ruh bor. Nazarimda, jamoa o‘yinida muammolar bor. Lekin “Paxtakor” qiyin vaziyatda, masalan, Namangandagi holatga o‘xshab natija qila oladi. “Paxtakor”da zo‘r futbolchilar bor. “Nasaf”da jamoaviy o‘yin yaxshi. Agar jamoaviy zo‘r o‘ynab tursa ularda ham imkoniyat bor. Lekin futbolchilarning mahorati bo‘yicha o‘ylashimcha “Paxtakor” kuchliroq. Jamoaviy o‘yin bilan birga individual mahorati yuqori bo‘lgan futbolchilar ham o‘yin taqdirini hal qila oladilar. Superkubokda agar Cheran o‘ynasa “Paxtakor”ning imkoniyati 60\40 bo‘ladi. Cheran o‘ynamasa “Nasaf”da 60\40 imkoniyat bor.
- “Nasaf” ham, “Paxtakor” ham ikkinchi davrada yangi legionerlarni olib keldi. Lekin hozircha ular yarq etib ko‘zga tashlanmayapti. Bu masalada nima deya olasiz?
- Legioner doim bizning o‘yinchilardan bir bosh ustun bo‘lishi kerak. Balki ushbu jamoalardagi legionerlar yaxshidir, vaqt kerakdir. Moslashib olishlari talab qilinadi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Bu yil qaysi klub O‘zbekiston chempioniga aylanadi?
- O‘ylashimcha, “Paxtakor” chempion bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!