PSJ va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappening kelajagiga hali ham oydinlik kiritilgani yo‘q.
24 yoshli forvard o‘yinlarda ishtirok eta boshlaganiga qaramay, hali parijliklar bilan yangi shartnoma tuzmadi. Klub uni yozgi transferlar oynasi yopilguniga qadar 250 million yevroga sotishga tayyorligini ma’lum qildi.
Taniqli jurnalist Bruno Salomonning ta’kidlashicha, Kilian Mbappe Fransiya chempionatining uchinchi turida “Lans”ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvdan keyin kelajagi borasida yakuniy qarorini aytishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
PSJ va “Lans” o‘rtasidagi uchrashuv 26 avgust kuni bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, har ikki jamoa ham dastlabki ikki uchrashuvda ochko yo‘qotdi. Parijliklar ikki marta durang o‘ynagan bo‘lsa, lansliklar bittadan durang va mag‘lubiyat qayd etdi.
“Lans” yozgi transferlar vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni o‘z safiga qo‘shib olgandi. 19 yoshli futbolchimiz hali Fransiya chempionatidagi debyutini nishonlagani yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!