08:00 / 28.08.2023
896

“Inter”ga qarshi o‘yinda Ranerining Shomurodov bo‘yicha rejasi oshkor bo‘ldi

“Inter”ga qarshi o‘yinda Ranerining Shomurodov bo‘yicha rejasi oshkor bo‘ldi

Italiya A Seriyasining ikkinchi tur uchrashuvlarini Sardiniyadagi “Kalyari” va “Inter” o‘rtasidagi bellashuv yakunlab beradi.

Yuqori divizionga qaytgan “Kalyari” futbolchilari Unipol Domus arenasida chempionatdagi ilk o‘yinini o‘tkazadi. 16 mingdan ziyod muxlisni sig‘dira oladigan stadionda anshlag bo‘lishi ma’lum qilindi. Barcha chiptalar sotib bo‘lingan.

Raqib jiddiy – o‘tgan mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlagan va undan avvalgi yili skudettoni qo‘lga kiritgan “Inter”.

“Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri kuchli raqibga qarshi qanday tarkibni maydonga tushirish haqida bosh qotirmoqda.

- Har bir murabbiy raqibni sinchkovlik bilan o‘rganadi. O‘z o‘yinchilarini jamoa moslashgan usulda to‘p tepishga hamda bu orqali raqibning imkoniyatlarini cheklashga yo‘naltirishga harakat qiladi. Bizni nima kuttb turganini yaxshi bilamiz. “Inter” so‘nggi o‘n to‘rtta o‘yinidan faqat ikkitasida mag‘lub bo‘lgan xolos, - dedi Klaudio Raneri.

“Kalyari” faoliyatini yoritib kelayotgan L'Unione Sarda gazetasi jurnalistlari Klaudio Ranerining bo‘lajak o‘yinga tuzgan rejasining bir qismini oshkor qildi. Unga ko‘ra, tajribali mutaxassis boshlang‘ich tarkibda yangi o‘yinchilar – Yakub Yankto va Eldor Shomurodovni o‘ynatmoqchi emas. Murabbiylar shtabi bu ikki o‘yinchining jismoniy holatini xavf ostiga qo‘yishni istamayotgani ta’kidlandi.

Chexiyalik yarim himoyachi mushagini shikastlab olgan va og‘riqlardan aziyat chekayotgan edi. Hozircha uning holati to‘liq tiklangani yo‘q.

Eldor Shomurodov jamoaga qo‘shilishdan oldin jismoniy tayyorgarlikni o‘tamagan. U uzoq muddatli ta’tildan to‘g‘ri Sardiniyaga kelgan. Buni legionerning o‘zi ham tan olgan.

O‘zbek hujumchisi hali sport formasini to‘liq tiklab olishga ulgurmagani haqida bir necha marta yozildi. Shu bois, Klaudio Raneri Shomurodovni kubok o‘yinida ham, A Seriyaning ilk turida ham bir necha daqiqaga maydonga tushirdi xolos.

Yana bir nufuzli manba – https://www.cagliarinews24.com saytining yozishicha, Klaudio Raneri katta maqsadlar bilan olib kelingan Yakub Yankto va Eldor Shomurodov xizmatidan ikkinchi bo‘lim davomida zarurat tug‘ilgan holatda foydalanishni rejalashtirmoqda.

Shunga qaramay, Klaudio Raneri jamoa tarkibidan ko‘ngli to‘lganini va o‘z shogirdlariga ishonchi yuqori ekanini ochiq aytdi.

- Men jamoam juda yaxshi, deb hisoblayman. Transfer bozorida oson bo‘lmadi, lekin biz o‘zimiz istagan o‘yinchilarni qo‘lga kirita oldik. Klubga olib kelinganlarning hammasi mening tasdig‘imdan o‘tgan, - dedi Klaudio Raneri.

“Kalyari” jamoasi “Inter” bilan turli musobaqalar doirasida jami 96 marotaba to‘qnash kelgan. Tabiiyki, ustunlik milanliklar tomonida. “Inter” o‘zaro uchrashuvlarda 49 marta g‘alaba qozongan. Sardiniyaliklar 16 ta bahsni o‘z foydasiga hal qilgan. Yana 31 ta o‘yinda kuchlar teng kelib, g‘olib aniqlanmagan. To‘plar nisbati 176:99 ko‘rinishida “Inter” foydasiga.

“Kalyari” va “Inter” o‘rtasidagi ikkinchi tur o‘yini 28 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da Unipol Domus arenasida boshlanadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Inter”ga qarshi o‘yinda Ranerining Shomurodov bo‘yicha rejasi oshkor bo‘ldi