Yevropani tashlab, katta daromad topish maqsadida Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tgan Neymar “Al-Hilol” jamoasida ham o‘zining xarakterini ko‘rsata boshladi.
Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichi birinchi turida “Al-Hilol” futbolchilari o‘z uyida Namanganning “Navbahor” jamoasini qabul qilgan edi.
Aksariyat muxlisu mutaxassis Yevropada nom qozongan yulduzlar bilan kuchaytirilgan “Al-Hilol”ning g‘alabasini taxmin qilgandi. Biroq, “Navbahor” mezbonlarni ancha qiynadi. 52-daqiqada Toma Tabatadzening goli evaziga hisobda oldinga chiqib olgan namanganliklar Saudiya Arabistonidan g‘alaba bilan qaytishga yaqin edi.
Hakam shu kuni o‘yindagi to‘xtalishlar uchun asosiy vaqt tugaganidan keyin yana o‘n daqiqadan ko‘proq vaqt qo‘shib berdi. So‘nggi pallada “Navbahor” gol o‘tkazib yubordi. Mezbonlar sharmandali mag‘lubiyatdan bazo‘r qutilib qoldi.
Uchrashuvning kulminatsion nuqtasi 60-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Braziliyalik yulduz esa, uchrashuvda asablari va hissiyotlarini jilovlay olmay, namaganliklar futbolchisi Abror Ismoilovni turtib yiqitgan va maydonda yotgan o‘yinchiga to‘pni tepib, zarba bergandi.
Neymarning bu qilig‘i sariq kartochka bilan jazolandi.
Muxlisu mutaxassislarning aksariyati 31 yoshli futbolchini qoralab chiqdi, hakam uni maydondan haydashi kerak edi, degan fikr-mulohazalar ko‘p bo‘ldi.
Aynan mana shu holat, Neymar va “Al-Hilol” bosh murabbiyi Jorje Jezush o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri axborot tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, Neymarning “Navbahor” bilan bo‘lgan o‘yindagi qo‘polligi uchun o‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasida bosh murabbiy braziliyalik futbolchini tanqid qilgan va unga tanbeh bergan.
Mashhur yulduzga Jorje Jezusning e’tirozi va tanqid qilgani yoqmagan. Neymar klub rahbariyatidan bosh murabbiyni ishdan bo‘shatishni talab qilmoqda.
Aytish joizki, Neymarning talabi ish berdi. Klub rahbariyati bu ziddiyatdan keyin Jorje Jezush bilan uchrashuv o‘tkazib, agar natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmasa va yanada yaxshilanmasa, u bilan shartnoma bekor qilinishi haqida ogohlantirish bergani aytilmoqda.
“Navbahor” Osiyo chempionlar ligasi D guruhidagi ikkinchi uchrashuvini 3 oktyabr kuni Namanganda Hindistonning “Mumbay Siti” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“Al-Hilol” futbolchilari esa, ikkinchi turda guruhda uch ochko bilan peshqadamlik qilayotgan Eronning “Nassadji Mazandaron” klubi mehmoni bo‘ladi.
Ko‘pchilikni Neymar yetakchiligidagi “Al-Hilol” qachon Namanganga kelishi qiziqtirayotgani sir emas.
Saudiyaliklarning “Navbahor” bilan Namangandagi uchrashuvi joriy yilning 28 noyabriga belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!