07:01 / 03.10.2023
779

Xorijlik ekspertlar Fayzullayevga tan bera boshladi

Xorijlik ekspertlar Fayzullayevga tan bera boshladi

Rossiya Premer-ligasining 10-turi yakunlandi. Futbol ekspertlari o‘yinlar tahlilini boshlab yubordi. Premer-liga uchraguvlari statistikasi bilan shug‘ullanayotgan “Rustat” kompaniyasi turli pozitsiyalar bo‘yicha  haftaning eng zo‘r 11 nafar futbolchisini aniqlab, ularni ramziy terma jamoaga jamladi.

Moskvada “Baltika”ga qarshi kechgan bahsda SSKAning  beshta uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyasini yakunlanishiga katta hissa qo‘shgan Abbosbek Fayzullayev ham ekspertlar nazaridan chetda qolmadi.

Ramziy terma jamoa quyidagicha ko‘rinish oldi:

Darvozabon:  Nikolay Sisuyev, “Orenburg”

Bu darvozabon mamlakatning ko‘p karra chempioni “Zenit”ga qarshi kechgan uchrashuvning ikkinchisi daqiqasida gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, qolgan vaqt mobaynida piterliklarning barcha zarbalarini qaytardi va jamoasining 3:1 hisobida g‘alaba qozonishida xizmati katta bo‘ldi. O‘yin davomida 12 ta seyv namoyish qilgan Sisuyev faoliyatidagi eng yorqin o‘yinini o‘tkazdi.

Chap qanot himoyachisi: Yuriy Gorshkov, “Krilya Sovetov”

Yuriy Gorshkov turning haqiqiy qahramonlaridan bo‘ldi. Himoyachi mamlakatning eng mashhur klubi “Spartak” futbolchilarini o‘z darvozasiga yaqinlashtirmadi va bundan tashqari poytaxtliklarga bir juft gol ham urdi. Yuriy uzatgan paslarning 93 foizi aniq bo‘ldi, himoyachi yakkakurashlar, raqibdan to‘pni olib qo‘yish va aldab o‘tishda biror marta yutqazmadi.

O‘ng qanot himoyachisi:  Glenn Beyl, “Krilya Sovetov”

Niderlandiyalik legioner o‘z pozitsiyasidagi vazifalarini mukammal bajardi. “Spartak” futbolchilari uning qanotida hech narsa qila olmadi. Paslarining 78 foizi manzilga aniq bordi. Yakkakurashlarning barchasida ustunlik qildi va raqib jarima maydonchasiga uzatgan 7 ta pasidan to‘rttasi jamoadoshiga aniq bordi.

Markaziy himoyachi: Matias Peres, “Orenburg”

Argentinalik markaziy himoyachi “Zenit” hujumchilarini o‘z darvozasiga yaqinlashtirmadi. Bundan tashqari hujumchilarga yordamga o‘tib, golli vaziyatda ishtirok etdi. Matiasning 89 foiz pasi aniq chiqdi, 12 ta yakkakurashdan o‘ntasida ustunlik qildi, raqibdan to‘pni olib qo‘yishda 100 foizlik natija ko‘rsatdi.

Markaziy himoyachi:  Roman Yevgenev, “Krilya Sovetov”

Roman “Spartak”ga qarshi o‘yinda o‘z pozitsiyasini mustahkam ushlash barobarida “spartakchilar”ni butun maydon bo‘ylab ta’qib qildi va ularga umuman o‘yin bermadi. 19 ta yakkakurashdan 14 tasida g‘olib chiqdi, aniq paslari 81 foiz bo‘ldi.

Tayanch yarim himoyachi: Dmitriy Barinov, “Lokomotiv”

“Temiryo‘lchilar”ning yetakchisi o‘z zonasida har doim yuqori saviyadagi o‘yinni namoyish qiladigan Barinov “Nijniy Novgorod” hujumlarini qaytarishda ham jonbozlik ko‘rsatdi. Paslaridan 89 foizi aniq bo‘ldi, beshta urinishdan to‘rttasida raqibini aldab o‘tdi va yakkakurashlarning 11 tasidan 8 tasida g‘olib chiqdi.

Chap qanot yarim himoyachisi: Brayan Mansilya, “Orenburg”

Argentinalik yarim himoyachi hujum boshlash va kombinatsiyalarni yakunlashga ustaligini yana bir bor ko‘rsatdi. Raqibdan to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha mahorati zo‘r. Brayan “Zenit” darvozasiga uchinchi to‘pni kiritib, g‘oliblik masalasini hal qildi.

O‘ng qanot yarim himoyachisi:  Gustavo Mantuan, “Zenit”

Braziliyalik futbolchi deyarli har hafta ramziy terma jamoaga kiritilyapti. “Orenburg”ga qarshi bahsda ham o‘z pozitsiyasida faol o‘ynadi. Hatto raqib darvozasiga tezkor gol urib, “Zenit” muxlislarini xursand qilgandi. Biroq raqib shu kuni piterliklardan har tomonlama ustunlik qildi.

Markaziy yarim himoyachi: Abbosbek Fayzullayev, SSKA

Yaqinda yosh o‘zbek futbolchisining tur ramziy terma jamoasiga kirishi doimiy an’anaga aylanib qoladi. Fayzullayev yorqin o‘yini va kutilmagan qarorlari bilan “armiyachilar” jamoasiga shu qadar yaxshi singib ketdiki, SSKAda xuddi o‘n yildan beri to‘p tepayotgandek, taassurot qoldirmoqda.

Klubning seleksiyasi xizmati bu o‘yinchini olib nishonning o‘rtasini urdi, deyish mumkin. Abbosbekning paslaridan 85 foizi manzilga aniq bordi, jarima maydonchasiga uzatgan oltita pasidan beshtasi aniq chiqdi, raqiblarni aldab o‘tishdagi ko‘rsatkichi 75 foizni tashkil qildi. “Baltika” singari taslim bo‘lmaydigan jamoa bilan o‘yinda bu ko‘rsatkichlarning ahamiyati yanada oshadi.

Hujumchi: Jon Kordoba, “Krasnodar”

Kolumbiyalik legioner hujumchi Rossiya Premer-ligasining deyarli har bir turida yuqori saviyada o‘ynab kelmoqda. Kordoba Qozon shahrida “Rubin”ga qarshi kechgan bahsda hisobni ochib, g‘alabaga tamal toshini qo‘ydi. Bu g‘alabadan keyin “Krasnodar” musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda.

Hujumchi:  Benjamin Garre, “Krilya Sovetov”

Mavsumning yana bir kashfiyoti Benjamin Garre “Spartak”ga qarshi bahsda 90 daqiqa davomida raqib himoyachilarini bosim ostida ushlab turdi. Argentinalik charm to‘p ustasi jamoasining uchinchi golini urib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xorijlik ekspertlar Fayzullayevga tan bera boshladi