Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilayotgan Osiyo o‘yinlari boks musobaqasining eng zo‘r jangi o‘ta og‘ir vaznli bokschilar o‘rtasidagi final bo‘ladi.
Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonning eng kuchli charm qo‘lqop ustalari – Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkaboyev o‘zaro kuch sinashadi.
Aslida hali Osiyo o‘yinlari boshlanishidan oldin ko‘plab mutaxassislar bu ikki bokschining finalda o‘zaro to‘qnash kelishini kutgan edi. Darhaqiqat, ayni paytda qit’amizda Bahodir va Qamshibekka bas keladigan bokschini topish juda qiyin.
Boks mutaxassislari o‘ta og‘ir vaznda Xitoy sharafini himoya qilayotgan Danabeke Bayikevuzi o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida bor mahoratini ko‘rsatishini ta’kidlagan edi. Bu bokschi yarim finalda Bahodir Jalolovga to‘qnash keldi. Jangda Danabeke o‘zbek bokschisining zarbalariga bir raund ham turib bera olmadi.
Ikkinchi yarim finalda Qamshibek Kunkabayev hindistonlik Berval Narender ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, hal qiluvchi bahsga yo‘llanma oldi.
Demak, Osiyo o‘yinlarida boks bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasidagi finalda “el-klasiko” – Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkaboyev yana o‘zaro to‘qnash keladi.
Ushbu bahs oldidan professional boksning IBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kirita olgan qozog‘istonlik charm qo‘lqop ustasi Marat Mazimbayev bo‘lajak final jangi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Qamshibek Kunkaboyev yarim finaldan o‘ziga ishongan tarzda o‘tdi, saviyasi yuqoriligini ko‘rsatdi. Lekin finalda unga juda qiyin bo‘ladi.
Hammasi Qamshibekning o‘z qo‘lida va u finalda g‘olib chiqishi mumkin. Buning uchun bor imkoniyatini ishga solishi kerak. Kunkaboyevga butun Qozog‘iston ko‘z tikib turibdi.
Men u O‘zbekiston bokschisini mag‘lub etish uchun qo‘lidan kelganini qiladi, deb o‘ylayman, - dedi Marat Mazimbayev.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkabayev havaskorlar boksida sakkiz yil davomida o‘zaro raqobatlashib kelmoqda. Dastlabki ikki jangda ustunlik qozoq bokschisi tomonida bo‘lgan. Biroq, keyingi yillarda hamyurtimiz raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmayapti. Ayni paytda ular o‘rtasidagi umumiy hisob o‘zbek bokschisi foydasiga 6:3 ko‘rinishiga kelgan.
Sovrinlar jamg‘arishda ham ustunlik o‘zbek bokschisi tomonida. Jalolov Tokio Olimpiadasi, ikki karra jahon chempionati va uch karra Osiyo chempionati g‘olibi hisoblanadi.
Kunkaboyev jahon chempionatlarida ikkita, qit’a chempionatlarida to‘rtta kumush medalga sazvor bo‘lgan va Tokio Olimpiadasida bronza medalni qo‘lga kiritgan.
Bahodir Jalolov va Qashibek Kunkaboyev o‘rtasidagi final 5 okbyar kuni bo‘lib o‘tadi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring