Ro‘ziqul Berdiyev: “Neftchi”dagilar mavsumni mag‘lubiyatsiz tugatamiz deb o‘ylashgan ko‘rinadi"
Coca Cola Superligasi 21-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Neftchi” uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
O‘yin haqida
- “Neftchi” hozirgi kunda O‘zbekiston chempionatida eng yaxshi himoyalanadigan jamoa, ammo biz ularning darvozasiga yo‘l topa oldik. Standardlarga ko‘proq eʼtibor qaratdik. Yigitlarga rahmat aytishim joiz. “Neftchi” oxirgi o‘yinini o‘n ikki kun avval o‘tkazgandi. Biz esa besh kun avval qiyin o‘yinda qatnashgandik. Shunday bo‘lsa ham biz jismonan va harakatlarda “Neftchi” jamoasiga hech qanday imkoniyat bermadik. Tayorgarligimiz ulardan yaxshiroq ekanini isbotlay oldik. Ular ancha ko‘proq dam olganidan biroz cho‘chib turgandik. Lekin yigitlarga rahmat aytish kerak. Bugun jismoniy va taktik tarafdan “Neftchi”dan kuchliroq edik.
- Legionerlar bugun o‘zini oqladi, desa bo‘ladimi?
- Albatta, g‘alaba jamoaniki bo‘ladi, ammo ular muhim gollarni urishdi.
- O‘yinning oxirida “Neftchi” yordamchi murabbiyi bilan keskinlikka bordingiz. Buning sababi o‘quvchilarga qiziq...
- O‘quvchilarga qiziq bo‘lsin deb baʼzan shunaqa holatlarni yuzaga keltiramiz. Yordamchi murabbiyga ko‘rishish uchun qo‘limni bergandim, u menga qo‘l berishni istamadi. Men buni og‘ir qabul qildim. Har qanday holatda ham inson o‘zida mag‘lubiyatni qabul qilish uchun kuch topa olishi kerak. Tushunishimcha, ular uchun mag‘lubiyatni hazm qilish juda qiyin bo‘ldi. “Neftchi”dagilar mavsumni mag‘lubiyatsiz tugatamiz deb o‘ylashgan ko‘rinadi. Biroq, Qarshiga kelganda o‘ylab o‘ynash kerak. Qarshi jamoasi boshqa jamoa emas. Shu sabab ham bu menga og‘ir botdi. O‘zimni noo‘rin tutgan bo‘lsam, uzr so‘rayman. Biz Farg‘onada mag‘lub bo‘lganimizda mard bo‘lib qo‘l berib ketganmiz. Har qanday insonga bu og‘ir botadi. “Neftchi” yaxshi jamoa, ammo bu harakatlarini oqlamayman.
- Amonovning oxirgi ko‘rsayotgan o‘yinlari uni terma jamoaga chaqirish uchun yetarli, deb hisoblaysizmi?
- Juda ko‘p o‘yinchilarimizni terma jamoaga loyiq, deb o‘ylayman. Terma jamoamiz bir sxemada o‘ynaydi, biz ham bu sxemada o‘ynab turamiz. Hozirgi kunda Aziz juda yaxshi formada. Men uni munosib, deb o‘ylayman. Hozirgi kunda terma jamoa yig‘ini bo‘ladi. Terma jamoamiz 18 oktyabr kuniga qadar yig‘in o‘tkazadi. Biz esa 19 oktyabr kuni O‘zbekiston kubogi yarim final o‘yinini o‘tkazamiz. Shu sababli, biz terma jamoadan futbolchilarimizga yengillik berishlarini so‘ragandik, ammo hali bu so‘rovimizga yakuniy javobni olmadik.
- Chempionlik poygasida “Paxtakor” va “Navbahor”ga saboq bera olamizmi?
- Har bir o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerak. Bitta o‘yinni yutsak, chempionlik haqida gapirib qolamiz. Har bir o‘yinga g‘alaba uchun chiqaylik, qolganini vaqt ko‘rsatadi. “Paxtakor” bilan ham, “Navbahor” bilan ham o‘yin o‘tkazamiz. G‘alaba qozonishga harakat qilamiz, qolganini vaqt ko‘rsatadi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring