Eldor Shomurodovning A Seriyadagi golsiz seriyasi hamon davom etmoqda. Legionerimiz chempionatdagi oxirgi golini 2 aprel kuni “Salernitana” darvozasiga urgan edi. Aslida Eldor avvalgi jamoalari – “Jenoa”, “Roma” va “Spetsiya”da kam bo‘lsa-da, to‘p kiritishni uddalagan. Lekin “Kalyari” hujumchisi sifatida hali gollari hisobini ochgani yo‘q.
Shomurodov sardiniyaliklarning yangi mavsumdagi har bir uchrashuvida qatnashdi. Biroq sakkizta bellashuvdan faqat ikkitasida boshlang‘ich tarkibga kiritildi. O‘sha bahslarda ham oxirigacha o‘ynamadi.
Tan olish kerak, hali o‘zbek futbolchisining transferi “Kalyari” kutgan effektni bergani yo‘q. Shu bois, tahlilchilar Shomurodov faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘lgan beshta variantni ilgari surmoqda.
“Kalyari”ga to‘liq ko‘chib o‘tish
Eldor Shomurodov hozircha mavsum davomidan beri A Seriyada umumiy hisobda 270 daqiqa o‘ynadi va hali birorta samarali harakatni amalga oshirgani yo‘q. 28 yoshli o‘yinchi asosiy hujumchi pozitsiyasini ikkita gol urgan Zito Luvumboga boy berib qo‘ygan.
O‘zbek legioneri mavsumning qolgan qismida boshlang‘ich tarkibga kirish, jamoaga foyda keltirish orqali klub rahbariyatini uning transferini “Roma”dan sotib olishga ko‘ndirishi kerak bo‘ladi. Rimliklar 18 million yevroga xarid qilgan Shomurodovni Sardiniyaga 10 million yevroga jo‘natishga tayyor. Bu summa “Kalyari” uchun ancha katta hisoblanadi.
Bundan tashqari, “Kalyari” Shomurodovni qo‘lga kiritish uchun Klaudio Raneri jamoani yuqori divizionda olib qolishi shart.
“Roma”da qolish
“Kalyari” Eldorni olib qolmasa, hujumchi “Roma”ga qaytadi. Har holda uning 2026 yil yarmigacha davom etadigan shartnomasi bor.
Shomurodovni o‘ynatmay qo‘ygan Joze Mourino yozda Rimni tark etishga bel bog‘lagan. Shomurodovdan bo‘shagan joyga taklif etilgan eronlik Sardor Azmun ham “bo‘rilar”ga to‘liq qo‘shilib keta olmadi. Poytaxtliklar eronlik hujumchini yozda kelgan joyiga qaytarib yuboradi. Uni to‘liq transfer qilmaydi.
Eldorning poytaxtdagi kelajagi “Roma”ni qabul qilib oladigan murabbiyga bog‘liq bo‘ladi. Tabiiyki, yangi murabbiy tarkibni o‘z qarashlaridan kelib chiqib shakllantiradi. Bir murabbiyga yoqqan o‘yinchi boshqasiga to‘g‘ri kelmasligi yoki avval imkoniyat berilmagan o‘yinchi yangi mutaxassis qo‘l ostida asosiy figuraga aylanishi futbolda ko‘p kuzatiladigan holat.
Boshqa klubga ijaraga borish
A Seriyaning o‘rtamiyona jamoalaridan pastroq mavqega ega klublarga ijaraga o‘tish Shomurodov uchun yana bir variant sifatida e’tirof etilmoqda.
Ayniqsa, “Monsa” yoki “Lechche” darajasidagi jamoalar Eldorga o‘xshagan tajribali, lekin ishi yurishmay turgan o‘yinchilarga imkon berishga tayyor. Shuningdek, A Seriyaga qaytgan va yaxshi o‘ynayotgan “Jenoa” varianti ham bor. Genuyaliklarning hali ham Eldorga hurmati va mehri baland.
Rossiya Premer-ligasiga qaytish
Agar Shomurodov Rossiya Premer-ligasiga qaytishni ixtiyor etsa, unga munosabat avvalgidan boshqacha bo‘ladi. Endi “Rostov” darajasidagi klublar kuchli beshlik ligasida tajriba oshirib kelgan o‘yinchi maoshini ko‘tara olmaydi.
Shomurodov o‘ziga avvaldan qiziqib kelgan va jamoaning o‘yin uslubiga mos tushadigan SSKA, har qanday yaxshi futbolchini olish imkonini qo‘ldan bermaydigan “Zenit” yoki Artyom Dzyubani nafaqaga kuzatishi mumkin bo‘lgan “Lokomotiv” kabi Rossiyaning grand klublariga o‘tishi mumkin.
Rossiyaning eng mashhur klubi - "Spartak" o‘tgan yozda ham Eldorni bir chorlab ko‘rgandi. Moskvaliklar hali ham qiziqishini yo‘qotmagan bo‘lishi katta ehtimol.
Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, 28 yoshli hujumchiga ortga qaytishga hali erta ekan. Chunki bu darajadagi o‘yinchiga boshqa variantlar ham bor.
Arab klublari bilan katta shartnoma tuzish
Yevropada porlagan futbolchilarning arab klublariga o‘tishi tobora odatiy holga aylanib qolmoqda. Shu ma’noda, Shomurodov uchun arab jamoalari ham moddiy, ham turnir jihatidan manfaatli bo‘ladi.
Agar Shomurodov o‘ziga bir necha bor qiziqish bildirgan Saudiya Arabistoni klublaridan biriga ko‘chib o‘tsa, har hafta Karim Benzema, Krishtianu Ronaldu, Neymar darajasidagi yulduzlar bilan ko‘rishib turadi.
Futbol yulduzlariga Osiyo maydonlariga yo‘l ochib bergan Krishtianu Ronaldu A Seriyada bir bor Shomurodov bilan bellashib ham ko‘rgan.
Qolaversa, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar klublari ham o‘yinchilarga yaxshi haq to‘laydi. Osiyo miqyosidagi kuchli ligalardan biri hisoblangan Janubiy Koreyadagi jamoalar doim o‘zbek futbolchilarini qadrlab keladi. Osiyo jamoalariga o‘tish Shomurodovning qit’aning eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasida muntazam to‘p tepishini ta’minlaydi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring