00:49 / 20.10.2023
283

Mirjalol Qosimov: "To‘g‘risi, xursandman"

Mirjalol Qosimov: "To‘g‘risi, xursandman"

O‘zbekiston Kubogi yarim finalida OKMK o‘z uyida “Navbahor”ni penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratish orqali final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng g‘olib jamoa ustozi Mirjalol Qosimov savollarga javob qaytardi. Dastlab uchrashuv haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Qisqa qilib aytaman: juda ham zo‘r o‘yin bo‘ldi. Qo‘shimchasiga penaltilar seriyasida g‘alaba qozonganimiz nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Fursatdan foydalanib yigitlarimizni va muxlislarimizni tabriklayman.

- Uchrashuvdan oldin penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rilganmidi?

- Har doim aytamanku, har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Bu ham ishimizni bir qismi. Shuning uchun ham tayyorgarlik ko‘rilgan. Baribir maydonga yaxshi niyat bilan chiqiladi. Lekin nima bilan tugashini o‘yindan keyin bilamiz. Qo‘shimcha yarim soat o‘ynadik va 11 metrlik seriyalargacha davom etdi. To‘g‘risi, xursandman.

- Uchrashuv davomida Samvel Babayan tomonidan hakamlarga ko‘p e’tirozlar bo‘ldi. Hakamlar o‘yin darajasiga mosmidi?

- Kimdir boshlashi kerak. Yoshlarga e’tibor berilyapti, hakamlar orasida ham. Men bunga boshqacharoq javob bergan bo‘lardim. Masalan, teatr qo‘yilayotganida drijyorni ishini kovlab turishsa bu ham ish emas-da. Haqiqatan xissiyotga beriladi, o‘yinni ichiga kirib ketiladi. 50-70 ming muxlis bilan to‘lgan stadionlarda ham butun e’tibor o‘yinga qaratiladi. Ba’zida hujum qilayotganimizda o‘zimiz ham kalla qo‘yamiz, kerak bo‘lsa oyoqda ham o‘ynab yuboramiz. Bu futbolning bir qismi, busiz iloji yo‘q. Eng yomon narsa beg‘am bo‘lish. Shuning uchun bu normal holat. Hakam ham u yoqqa va bu yoqqa xato qildi, xuddi futbolchilarga o‘xshab.

- Shogirdlaringizda g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq va xohish ko‘zga ko‘rindi. Chempionlar ligasida jamoangizga shu narsa yetishmayotgandek...

- Chetdan gapirish juda oson. Har bir o‘yinga o‘ziga yarasha tayyorgarlik ko‘riladi. Maydonga hech qachon xohishsiz tushmaymiz. Bir-biriga munosib jamoalar chiqishdi. Futbolda har xil vaziyatlar bo‘ladi. Ha, safarda yutqazdik, keyin o‘z uyimizda Iroq jamoasiga yengildik. O‘sha uchrashuvda 2-daqiqada xato tufayli to‘p o‘tkazib yubordik. Yevropa futbolida ham dastlabki daqiqalardayoq mana shunday holatlar uchrab turadi. Qisqa aytadigan bo‘lsam, har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Bizni o‘ziga yarasha muxlislarimiz bor. Avvalambor, qancha kelishidan qat’iy nazar o‘sha muxlislar uchun maydonga tushamiz. Lekin bu futbol, albatta xatolar bo‘ladi. G‘alaba va bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi.

- Haqnazari bilan Sanchesda majburiy o‘zgarish bo‘ldi va jarohat sababli almashtirildi. OCHL o‘yinigacha ular tiklana oladimi?

- Shu boshni qotirayotgan narsa. Bu o‘yinimiz tarixga aylandi. Uch kundan keyin “Sepaxon”ga qarshi o‘yinimiz bor. Tiklanish jarayonlari va oldin ham aytganimdek, jarohat olganlar ham bor. Bu ham bir sinov. Bulardan ham o‘tamiz. Boshni qotirayotgani tezroq o‘zimizni tiklab olishimiz kerak.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "To‘g‘risi, xursandman"