Qatarning Doha shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Qatar Masters Open-2023” xalqaro turnirida dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan kelgan shaxmat ustalari g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Eng kuchli shaxmat ustalarini jamlagan A guruhi bahslarida 158 nafar sportchi g‘oliblik uchun dona suryapti. Ushbu guruhda O‘zbekistondan 14 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda.
Nufuzli turnirning yakuniy – to‘qqizinchi turidan oldin hindistonlik Arjun Erigaisi 6,5 ochko bilan yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Hind grossmeysteri sakkizinchi turda Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDЕ bayrog‘i ostida o‘ynayotgan David Paravyanni mag‘lubiyatga uchratdi.
Musobaqaning sakkizinchi turida uchta o‘zbek derbisi kuzatildi. Peshqadamni ta’qib qilayotgan Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindarov o‘zaro durang o‘ynab, hozircha Arjun Erigaisidan yarimtadan ochkoga ortda qolmoqda.
Ikkinchi derbida Jahongir Vohidov oq donalarda o‘ynaganiga qaramay, Nodirbek Abdusattorovning ustunligini tan olishiga to‘g‘ri keldi.
Nodirbek Abdusattorov ham olti ochko jamg‘arib, peshqadamni ta’qib qilayotgan guruhga qo‘shildi. To‘qqizinchi turda grossmeysterimiz Arjun Erigaisi bilan kuch sinashadi. “Qatar Masters Open-2023” xalqaro turniri g‘olibi mana shu uchrashuvda aniqlanishi ehtimoli katta.
Yana ikki grossmeysterimiz – Shamsiddin Vohidov va Abdumalik Abdusalimovning o‘zaro to‘qnashuvida g‘olib aniqlanmadi.
Nodirbek Abdusattorovdan tashqari sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilayotgan Javohir Sindarov oxirgi partiyasini Niderlandiya sharafini himoya qilayotgan mashhur grossmeyster Anish Giriga qarshi o‘tkazadi.
Nodirbek Yoqubboyevga hind shaxmatchisi Murali Kartikeyan raqiblik qiladi.
O‘zbek shaxmatchilari ishtirokidagi qolgan uchrashuvlar quyidagicha yakunlandi:
Jordan van Forist (Niderlandiya) – Muhiddin Madaminov – mag‘lubiyat;
Saidakbar Saydaliyev – Iniyan (Hindiston)- mag‘lubiyat;
Vugar Rasulov (Ozarbayjon) – Muhammadali Abdurahmonov – durang;
Teja Ravi (Hindiston) – Muhammadzohid Suyarov – durang;
Bobur Sattorov – Venkatesh (Hindiston) – g‘alaba;
Bahrom Bahrillayev – Tran Gia Puch Fam (Vetnam) – g‘alaba;
Olmos Rahmatullayev – Gurang Bagve (Hindiston) – g‘alaba;
Humoyun Bekmurodov – Maran Sentil (Hindiston) – mag‘lubiyat.
Hal qiluvchi bellashuvlarda o‘zbekistonlik shaxmat ustalariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring