00:06 / 24.10.2023
178

Mirjalol Qosimov: "Zahira o‘rindig‘imiz pand berdi"

Mirjalol Qosimov: "Zahira o‘rindig‘imiz pand berdi"

Osiyo chempionlar ligasi 3-tur bahsidan o‘rin olgan OKMK 1:3 "Sepaxon" uchrashuvidan so‘ng, olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Afsuski bugun mag‘lubiyatga uchradik. Imkoniyatlarimizni yo‘qqa chiqarib bormoqdamiz. Mag‘lubiyatimizning sabablari bor. Zaxira o‘rindig‘imizning sustligi bizga pand berdi. Jamoada 6 nafar futbolchi jarohatlangan. Lekin hayot davom etadi, bugungi mag‘lubiyat biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Raqib jamoani g‘alaba bilan tabriklayman.

- Ko‘pgina futbolchilarning jarohati sabab bugun jamoa qiyin ahvolga tushib qoldi. Jarohatlarning sababi nimada? Jarohatlarning bu darajada ko‘pligi, jamoada biror narsa noto‘g‘ri bo‘layotganidan dalolat. Balki futbolchilarning jismoniy holati  yaxshi emasmi yoki jarohatdan forig‘ bolish uzun vaqtga cho‘zilib ketmoqdami? Mening fikrimcha qayerdadir xato ketgan?

  • Siz yarim final bahsini ko‘rdingizmi. Agar tomosha qilgan bo‘lsangiz yigitlar 130 daqiqa maydonda kurashishdi. Yigitlar jismonan tayyor bo‘lmaganida 130 daqiqa o‘ynab bera olmas edi. Provokatsion savol berdingiz deb o‘ylayman. Jamoada hammasi yaxshi. Professional sportda jarohat xavfi har doim yuqori. Sportchilar jarohat bilan yonma-yon yurishadi. Hozirgi kunga kelib kunlar sovudi va havo salqin bo‘lib qoldi. Hamma yerda virus, gripp bor. Isitma qilayotgan futbolchilar ham bor. Mirjamol Qosimovning tana harorati 39 va shu sababdan bugun u maydonga tushmadi.
  • Bunday holatlardan xabardor bo‘lish uchun jamoa bilan birga bo‘lish kerak va ichki muhitdan xabardor bo‘lish kerak. Uch kun avval biz juda og‘ir o‘yin o‘tkazdik va shu sababdan bizga tezlik va zahira o‘rindig‘i yetishmadi. Nega hech kim "Navbahor"ga qarshi o‘yindan keyin bizning jismoniy holatimizni tanqid qilmadi. Hozir Haqnazariy, To‘xtaxo‘jayev, Ahmadaliyev, Ruben Sanches, Shohruh Gadoyev va Mirjamol Qosimov kabi futbolchilar jarohatlangan. Ushbu futbolchilarning barchasi asosiy tarkib o‘yinchilari.
  • Bunday holatlardan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz va bu bizga dars bo‘ladi. Ammo sizning fikringizga 200 foiz qo‘shilmayman va jamoaning ichidagi muammo degan fikringizga esa 1000 foiz qo‘shilmayman. Yana ushbu fikrni takrorlayman bunday holatlardan xabardor bo‘lish uchun, jamoa bilan yurish kerak. Agar jamoa ichida muammolar bo‘lganda biz chempionatda so‘nggi o‘rinlardan birida bo‘lishimiz kerak edi va Osiyo chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritmagan bo‘lar edik.

- Bugungi uchrashuvda darvozaboningiz qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bunga sizning fikringiz qanday?

- "Sepaxon" jamoasi juda tizimli o‘yin namoyish etdi va standart vaziyatlardan yaxshi foydalandi. Afsus darvozabonimiz birinchi golda xatoga yo‘l qo‘ydi. Hamma xato qiladi. To‘g‘ri darvozabonimiz bugun xato qilgandir, ammo avvalgi o‘yinlarida bizni ko‘p qutqargan edi. Shuni esdan chiqarmasligimiz kerak. Botirali xatosi uchun jamoadan uzr so‘radi. Raqibning ikkinchi golini menimcha hech kim bartaraf eta olmasdi. Sovet ittifoqi davrida shunday zarbalarni "Dasayev ham qayta olmaydigan" zarbalar deb atashar edi. Raqib ideal zarba berdi.

- Superligadagi keyingi uchrashuv "Andijon"ga qarshi. "Andijon" esa musobaqa jadvalida eng yaqin ta’qibchi. Jamoada jarohatlar "epidemiyasi" bo‘lib turgan bir vaqtda, "Andijon"ga qarshi qandaydir rejangiz bormi?

- Bitta yechim bor, qo‘l ostimdagi barcha futbolchilardan foydalanaman. Lekin oldindan bashorat bermayman, chunki men bashoratchi emasman. Bor imkoniyatlarimizdan foydalanamiz.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Zahira o‘rindig‘imiz pand berdi"