"Andijon" hamda OKMK o‘rtasidagi Superliganing 23-tur o‘yinidan (0:1) so‘ng mehmon jamoa ustozi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.
Mirjalol Qosimov: "Kerakli natijaga erishish oson bo‘lmadi. "Andijon"ni yaxshi o‘rgangan edik. Raqib havodagi kurashlarda yaxshi o‘ynashini hisobga olgandik. Andijonliklar "Paxtakor", "Navbahor" va "So‘g‘diyona"ga qarshi bahslarda aynan havolatib uzatilgan to‘plardan so‘ng gol urishgandi. Tayyorlanganligimiz foyda berdi, asosiysi uch ochkoga erishdik".
- "Andijon" liga yetakchilariga qarshi bahslarning oxirida gol urib, ularga muammo tug‘dirgan edi. Siz bahs oxirida nimalarni his qildingiz?
- Men yigitlarimga ishondim, hammasiga tayyor edik. To‘g‘ri, yetakchilarga qarshi bahslarning oxirida gollar urib ketgandi, bu biz uchun qo‘shimcha motivatsiya bo‘ldi. O‘yin kurashlarga boy bo‘ldi.
- OCHLdagi mag‘lubiyatdan so‘ng OKMKni "Andijon"ga qarshi bahsga tayyorlash qiyin bo‘lmadimi?
- Qiyin. O‘zimizga yarasha muammolarimiz bor. Jarohatlanganlar juda ko‘p. Adashmasam 10ga yaqin. Bu ham bir tajriba deb o‘ylayman. Bu sinovlardan o‘tib olamiz. Meni qiynayotgan jihat jarohatlar.
- Jurnalistlar uchun har bir detal juda qiziq. G‘alabadan so‘ng ko‘plab murabbiylar xursand holda anjumanga keladi, sizda esa unday bo‘lmadi.
- Raqsga tushib kirishim kerakmidi, g‘alabani kiyinish xonasida nishonladik. Natijadan xursandman. Futbolga kecha kelganimiz yo‘q. Endi navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!