18:48 / 02.11.2023
320

Mutaxassis "Paxtakor" - "Nasaf" bahsi oldidan qanday fikr bildirdi?

Mutaxassis "Paxtakor" - "Nasaf" bahsi oldidan qanday fikr bildirdi?

3 noyabr oqshomida yil o‘yini deya ta’riflanayotgan “Paxtakor” hamda “Nasaf” o‘rtasidagi o‘ta jiddiy uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Chempionat tugashiga uch tur qolganida “Paxtakor”da 49, “Nasaf”da 45 ochko bor. “Sherlar” peshqadam sifatida chempionlikka yaqin turibdi.

Markaziy uchrashuv ikkala jamoa uchun katta ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun barcha ushbu o‘yinni kutmoqda. Muxlislarga yaxshi tanish mutaxassis Anvar G‘ofurov esa “Paxtakor” – “Nasaf” uchrashuv oldidan jamoalarning imkoniyati borasida munosabat bildirdi.

"Avvalambor, ikkalasi ham kuchli jamoalar va har ikkisi futbol o‘ynashni biladi. Natija qilishni biladigan ikkita ajoyib klublar bir-biriga qarshi o‘ynaydilar. Kim uchrashuvga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, hammani nazarda tutyapman – bu murabbiylar, futbolchilar... Maydonda futbolchilar o‘ynaydi. Ularga ko‘p narsa bog‘liq. Albatta, omad ham o‘z so‘zini aytadi, deb o‘ylayman. Ikkala jamoa ham imkoniyat yaratishni biladilar. Kim unumli foydalanadi, bu yog‘iga omad kulib boqqanga nasib qiladi. Tabiiyki, qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Ikkala jamoa ham birinchi raqam bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rishadi. Buni ular har doim o‘z o‘yinlari bilan isbotlashgan. Bu ochiq futbolni ko‘rishni istaydigan muxlislar uchun ajoyib o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. “Paxtakor” ham”, “Nasaf” ham oldida nima turganini va bu qanaqa o‘yinligini yaxshi bilib turibdilar. Kuchli jamoa g‘alaba qozonadi.

“Paxtakor” mavsum davomida o‘z o‘yinlari bilan 1-o‘ringa munosibligini ko‘rsatishga harakat qilib kelmoqda. Uning raqiblari ham “Paxtakor”ga qarshi bor kuchi bilan o‘ynayapti. Hozir oson raqibning o‘zi yo‘q. Barcha uchrashuvlar juda shiddatli. “Paxtakor” ham hozirda qiyinchilik bilan ochkolarini qo‘lga kirityapti. Yengil bellashuvlar bo‘lmayapti, buni aniq ayta olaman.

Ochig‘ini aytganda, “Paxtakor” yaxshi taassurot qoldirayotgandi. Ammo oxirgi paytlarda “Nasaf” yaxshi sport formasiga kirib oldi va o‘yini ham shunga yarasha bo‘lyapti. Hozirgi paytda bu klub jamoaviy tarafdan ham yaxshiroq o‘yin ko‘rsatyapti. Lekin bu “Paxtakor”ga qarshi bahs oldidan hech nimani anglatmaydi. Bitta uchrashuvda ko‘p narsa bo‘lishi mumkin. “Paxtakor”da ham yetarlicha ijrochilar bor. O‘yinda hamma narsa bo‘lishi mumkin. “Nasaf”ga qarshi chempionlik masalasi katta foizda hal bo‘lishi ehtimol. Ikkala klub ham vaziyatni yaxshi bilib turishibdi va tayyorgarliklari ham shunga yarasha deb o‘ylayman.

Nazarimda, ushbu to‘qnashuvda ko‘proq gollar bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki ikkala jamoa ham ochiq futbol ko‘rsatishga harakat qiladilar, menimcha. Bilmadim, balki kimdir syurpriz ko‘rsatib, to‘pni ataylab raqibga berib ikkinchi raqam ostida o‘ynashi ham mumkin. OCHLda ikkala klubda bunaqa uslubni ko‘rganmiz. Baribir ikkisi ham futbol o‘ynashni biladi. “Nasaf”ni o‘tgan yili 5 ta himoyachi bilan o‘ynagan vaqtlari bo‘lgan. Shu bois balki ular ikkinchi raqam ostida harakat qilishi ham mumkin", - deydi G‘ofurov.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mutaxassis "Paxtakor" - "Nasaf" bahsi oldidan qanday fikr bildirdi?