Tajribali mutaxassis, o‘z vaqtida "Paxtakor" va "Nasaf" jamoalarida to‘p tepgan No‘mon Hasanov turning markaziy uchrashuvidan avval fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Turning eng qaynoq va markaziy o‘yini. "Paxtakor" bu uchrashuvda g‘alaba qozonsa yoki durang o‘ynasa, chempionlikni hal qiladi. Yutqazsa, imkoniyat baribir saqlanib qoladi. Ustunlik albatta "Paxtakor" tomonida. Jamoa o‘z maydonida o‘ynaydi. Ochkolar bo‘yicha ham raqibidan ilgarilab ketgan. Bu uchrashuvda murabbiylarning tanlagan taktikasi katta rol o‘ynaydi.
"Paxtakor" o‘yinni himoyadan qurmaydi, deb o‘ylayman. Bu jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Boz ustiga, "Paxtakor" futbolchilari chemponatimizda pressing qo‘llab, raqibga bosim o‘tkazgan holda hujumga o‘tadi. Umuman, ikki jamoaga ham omad tilayman. Shaxsan men yaxshi o‘yin tarafdoriman.
"Paxtakor"ni bu yil kuchsiz demagan bo‘lardim, lekin ijrochilar tomonlama yo‘qotishlar bo‘ldi, deya olaman. Birgina Abbos Fayzullayevning tark etishi qanchalik sezildi. Shunga qaramay, tarkibda ko‘plab yoshlar sahnaga chiqdi. Bir necha yillardan beri klub strukturasi buzilmaydi. Bu jihati tahsinga loyiq.
"Nasaf" jamoasini yaxshi bilaman. Klub yosh futbolchilarni yetishtirib berishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan. Fidoyi murabbiylar, futbolchilarni tarbiyalaydi. "Nasaf" o‘yin sifati bo‘yicha barcha jamoadan ustun. Bitta o‘yinda turli taktikalardan foydalanadi. Futbolchilar katta ishtiyoq bilan o‘ynaydi.
Vodiy jamoalariga birinchi navbatda mahalliy futbolchilar yetishmaydi, chunki yoshlarga e’tibor yo‘q. Sharoit yo‘q. Sport maktablari yomon ahvolda. Jamoada 50 foiz mahalliy futbolchi o‘ynashi kerak. Ular jamoada jonini berib o‘ynaydi.
Ertangi uchrashuv chempionatimizning haqiqiy bezagi bo‘la oladi. O‘ylaymanki, biz murabbiylar bahsni kimnidir yutishi uchun emas, chiroyli o‘yin uchun rohatlanib tomosha qilamiz", – dedi Hasanov.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring