10:57 / 06.11.2023
1 093

O‘zbek futbolchisi “Oltin to‘p” oldi va Messiga murojaat qildi

O‘zbek futbolchisi “Oltin to‘p” oldi va Messiga murojaat qildi

Qozog‘iston Premer-ligasi Chimentning “Ordabasi” jamoasi g‘alabasi bilan yaunlandi. Bu jamoa 64 yillik tarixi davomida ilk marotaba mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.

“Ordabasi” chempionat doirasida 26 ta uchrashuv o‘tkazib, 18 ta o‘yinda raqiblar ustidan g‘alaba qozondi, to‘rttadan bahsda durang va mag‘lubiyat qayd etdi. To‘plagan 58 ochko jamoaning chempionligi uchun etarli bo‘ldi.

Bundan tashqari, chimkentliklar eng ko‘p 48 ta gol urib, o‘z darvozasidan eng kam – 21 ta to‘p olib chiqdi. Ular 11 ta uchrashuvda o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qoldi.

Ana shu munosabat bilan jamoa o‘yinchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib, ularga maxsus sovrin – “Oltin to‘p” taqdim etildi.

“Ordabasi” safidagi legionerimiz Shahboz Umarov o‘ziga berilgan “Oltin to‘p”ga kreativ munosabat bildirdi.

24 yoshli hujumkor futbolchimiz Qozog‘iston “Oltin to‘p”ini olayotgani aks ettirilgan surat ostida “Leo Messi, meni kechir, sen bu sovringa loyiq emassan”, degan izoh qoldirdi.

Ma’lumki, Lionel Messi bir necha kun avval mavsumning eng zo‘r futbolchisiga beriladigan individual sovrin – “Oltin to‘p”ni sakkizinchi marotaba qo‘lga kiritgan edi. Muxlisu mutaxassislar orasida argentinalik yulduzning bu sovringa loyiq emasligi, “Oltin to‘p” bu gal “Manchester Siti” bilan trebl qayd etgan va to‘purarlik borasida qator rekordlarni yangilagan Erling Xolandga topshirilishi kerak edi, degan mulohazalar hamon bildirilmoqda.

Biroq Messining “Oltin to‘p”ga ega chiqishini ta’minlagan asosiy omil sifatida Argentina terma jamoasining Qatardagi jahon chempionatida g‘olib chiqqani e’tirof etilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, “Ordabasi” jamoasining tarixiy g‘alabasida o‘zbek futbolchilari – Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqovning hissasi katta bo‘ldi.

Chimkentliklar safiga 2022 yilning yozida kelib qo‘shilgan Shahboz Umarov o‘tgan yili “Ordabasi” safida Qozog‘iston kubogi sohibiga aylangan edi. Bu g‘alaba klub rahbariyatini yangi mavsumda chempionlik uchun kurashishga imholantirdi.

Chempionlik uchun kurashadigan jamoa tarkibi sezilarli darajada kuchaytirildi. Ana maqsadda Belarus chempionatining eng yaxshi futbolchisi va to‘purari bo‘lgan Bobur Abuxoliqov ham Chimkent klubiga taklif etildi.

Har ikki futbolchimiz chempionat davomida o‘zini ko‘rsata oldi. Shahboz Umarov Premer-ligada  22 ta uchrashuvda uchta gol va bitta assist muallifi bo‘ldi. Kubok bahslarida ettita o‘yinda ikkita gol urib, bitta golli pas uzatdi.

26 yoshli Bobur Abduxoliqov “Ordabasi” tarkibida chempionatning barcha – 26 ta uchrashuvida maydonga tushgan yagona futbolchi bo‘ldi. Bu o‘yinlarda legionerimiz raqiblar darvozasini etti marta ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga to‘rtta samarali pas uzatdi. Bobur Qozog‘iston kubogida ham ettita o‘yinda bitta to‘p kiritdi.

Endi “Ordabasi” kelasi mavsum Evropa Chempionlar ligasi saralash musobaqasida ishtirok etadi. Bu musobaqada ishtirok etish uchun har ikki futbolchimiz chimkentliklar bilan yangi shartnoma tuzishi talab etiladi.

Hozirgi vaziyatga ko‘ra, Umarov va Abduxoliqovning amaldagi shartnomalari shu yilning 31 dekabr kuni o‘z nihoyasiga etadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolchisi “Oltin to‘p” oldi va Messiga murojaat qildi