Rossiya chempionatida to‘p tepgan o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari ko‘p bo‘lgan. Ular orasida Valeriy Kechinov, Andrey Pyatnitskiy, Mirjalol Qosimov, Andrey Fyodorov kabi o‘zi o‘ynagan jamoalarning etakchisiga aylanganlari ham bor. Bu ro‘yxatga qaysidir ma’noda Eldor Shomurodovni ham qo‘shish mumkin.
Biroq, Rossiya nom qozongan o‘yinchilarimizning aksariyati ancha tajriba to‘plab, “pishib etilgani”dan keyin legioner maqomini olgan.
Bu borada Abbosbek Fayzullaevning omadi chopdi. Yosh futbolchimiz TsSKaga o‘tishi bilan o‘zini Premer-ligada anchadan beri o‘ynab yurgandek tutyapti.
20 yashar legionerimizning ketma-ket ikkinchi oy TsSKAning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgani, tur ramziy terma jamoalaridan muntazam o‘rin olayotgani, uchrashuvlarning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinlarni qo‘lga kiritayotgani shunday dalolat beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugun TsSKA hujum chizig‘ini Abbosbek Fayzullaevsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jamoaning deyarli barcha hujumlarini aynan o‘zbek futbolchisi boshlab bermoqda. Ko‘p hollarda Abbosning o‘yini jamoasini murakkab vaziyatlardan olib chiqayotgani ham bor haqiqat.
Tabiiyki, Fayzullaev futbol jamoatchiligi tomonidan ko‘p muhokama qilinyapti.
Sports.uz portali Rossiya futbolining taniqli vakillari legionerimiz haqida bildirgan fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qilishda davom etadi.
Aleksand Grishin, TsSKA sobiq futbolchisi:
Fayzullaev qishda Evropaga ketib qolishi mumkinmi? Buni faqat Abbosning agentlari va klub rahbarlari biladi.
Lekin bu juda sifatli futbolchi ekani va “armiyachilar”ning o‘yini sezilarli darajada kuchaytira olganini hamma tan olyapti.
Bu foyda keltirayotgan juda yaxshi transfer.
Vaqti kelib, Xudo yo‘lini ochib, Fayzullaev xorijning kuchli klubiga o‘tib ketsa, ana o‘shanda u Evropada o‘ynashini tomosha qilamiz va nimalarga qodirligini baholaymiz. Mana Golovin “Monako”da yaxshi o‘ynayapti, hammamiz uni eng kuchli legionerimiz, deb maqtayapmiz.
Fayzullaev TsSKAning eng yaxshi transferimi? Jamoaga qo‘shayotgan hissasi shunday ekanini ko‘rsatmoqda. Bu o‘yinchi muntazam boshlang‘ich tarkibda o‘ynayapti, o‘zi gol urdi va jamoadoshlariga golli paslar uzatishda davom etyapti.
Roman Babaev, TsSKA bosh direktori:
Klubimizning skautlarimiz Abbosbek Fayzullaevni uzoq vaqt davomida kuzatdi va uning maydonda noodatiy qarorlar qabul qilishi, yosh bo‘lishiga qaramay, ancha etuk o‘yin namoyish qilayotgani va etakchilik qobiliyati yuqori ekanini tasdiqlashdi.
Ana shunday o‘yinchini transfer qilish imkoniyati paydo bo‘lganida, vaziyatdan qo‘ldan boy bermay, bundan foydalanib qoldik.
Evgeniy Bushmanov, Rosiya yoshlar terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi:
O‘tgan tur qahramonini aniqlash so‘ralganda, Abbos Fayzullaevni tanladim. “Nijniy Novgorod”ga qarshi juda faol o‘ynadi va ikkita golda bevosita ishtirok etdi. Menga bu yarim himoyachi rosa yoqadi.
Ayniqsa, intellekti va texnikasi ma’qul kelyapti. Endigina 20 yoshga to‘lganiga qaramay, maydonda juda aqlli qarorlar qabul qilyapti. Kutilmagan harakatlar bilan vaziyatdan chiqib ketadi. Qo‘shimchasiga, juda mehnatkash. Rossiya Premer-ligasida bunaqa futbolchilar barmoq bilan sanarli darajada kam.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring