"Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekiston kubogi final bahsi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bu Qarshi shahri uchun tarixiy o‘yin. Birinchi bor final bizning uyimizda o‘tkazilmoqda. Yigitlar o‘yinga shay. Ertaga g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Biz allaqachon Superkubokni qo‘lga kiritib bo‘ldik. Ertangi bahsda ham, chempionat oxirigicha ham maqsadimiz barcha turnirlarda yaxshi qatnashish. Barchasi o‘z qo‘limizda.
Ertangi o‘yin og‘ir bo‘ladi. OKMK jamoasi tajribali va hujum chizig‘i eng kuchli klublardan biri bo‘lib turibdi. Shunga qaramay, muxlislarimizni o‘z uyimizda xursand qilishga harakat qilamiz.
Penaltilar eng og‘riqli nuqtalarimizdan biri. Shuning uchun buning ustida alohida tayyorgarlik ko‘rdik.
Final uyda o‘tayotgani jamoaga qo‘shimcha bosim ham yuklaydi. Buning javobgarlik hissi bor. Lekin Nasaf finallarda yetarlicha tajriba to‘plagan. Menimcha, yigitlar ertaga ruhan tayyor bo‘lishadi.
Finalga tayyorlanish jarayonida OKMK jamoasining yil boshidan beri o‘tkazgan barcha o‘yinlarini tahlil qilib chiqdi. Faqatgina yigitlarga chempionlar ligasidagi oxirgi bahsni ko‘rsatmadik. Chunki bu biz bilgan OKMK jamoasi emas. Ular tajribali va kuchli jamoa sifatida shakllanishgan. Olmaliqliklar kubok finaligacha bekorga yetib kelishmadi", - dedi murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, kubok finalida OKMK va "Nasaf" jamoalari to‘qnash keladi.
Manba: UzPFL
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring