Xabaringiz bor, Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL) "D" guruhining 5-tur o‘yini doirasida "Navbahor" 28 noyabr kuni o‘z maydonida Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" (Ar-Riyod) jamoasini qabul qiladi. Shu munosabat bilan "Al-Hilol" vakillari Namangandagi sharoitlar bilan tanishish hamda jamoa delegatsiyasi istiqomat qilishi uchun mehmonxona band etish va zaruriy sharoitlarni hozirlash maqsadida Namanganga tashrif buyurdilar. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Mehmonlarni "Navbahor" klubi vitse-prezidenti Otabek Samatov boshchiligidagi "Navbahor" rasmiylari kutib olishdi hamda imkoniyat va sharoitlar bilan tanishtirishdi. Mehmon jamoa vakillari 26 noyabr oqshomida yurtimizga yetib kelishni rejalashtirayotganliklarini ma’lum qilishdi.
Klub vitse-prezidenti Otabek Samatov "Al-Hilol" koordinatori Fahad Al Madidga jamoa futbolkasini sovg‘a qildi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring