11 noyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan Turkmaniston va Eronga qarshi uchrashuvlar uchun qaydnomasi e’lon qilingan edi. Oradan ikki kun o‘tib, tarkibga yana 3 o‘yinchi (Valijon Rahimov, Alibek Davronov, Jasur Yaxshiboyev) jalb qilindi.
Nega bunday o‘zgarish bo‘lgani borasida O‘FA matbuot xizmati rahbari Davron Fayziyev telegramdagi sahifasida izoh berdi.
- Milliy jamoamizga qo‘shimcha uchta futbolchi chaqirilgani borasida ko‘pchilik izoh so‘rayapti.
Gretsiya chempionati oxirgi o‘yinida Masharipovning oyog‘iga zarba berilgandi. Terma jamoa tibbiy shtabi uning tiklanishiga bir necha kun vaqt berishga qaror qildi. Agar birinchi o‘yingacha ulgurmasa, Jasurbek Yaxshiboyev uning pozitsiyasini yopishi mumkin bo‘lgan nomzod sifatida chaqirildi.
Umarbek Eshmurodov betobligi sabab Kubok finalida ham ishtirok etolmadi. Unga ham tiklanishi uchun biroz vaqt kerak. Alibek Davronov ushbu pozitsiya vakili sifatida jalb etildi.
Valijon Rahimov darvozabonlar orasida yanada ko‘proq tanlov bo‘lishi maqsadida jamoaga qo‘shildi.
Yuqorida e’tirof etilgan sabab bilan bugungi mashg‘ulotda ishtirok etolmagan yetakchi futbolchilarimiz terma jamoa ixtiyorini tark etmagan holda tiklanish jarayonini o‘tashadi, - dedi Davron Fayziyev.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring