Osiyo Chempionlar ligasining 2023/24 yilgi mavsumida jami 40 ta jamoa ishtirok etmoqda. Pley-off bosqichiga esa 16 ta jamoa yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Jamoalar odatdagidek, g‘arbiy va sharqiy mintaqalarga bo‘lingan holda kurash olib bormoqda. Ikkala mintaqa ham har biri to‘rt jamoadan iborat besh guruhni o‘z ichiga olgan. Pley-off bosqichiga guruh g‘oliblari, shuningdek, har bir mintaqadagi besh guruhdan eng yaxshi natija qad etgan uchta ikkinchi o‘rin sohibi yo‘l oladi.
O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan klublar g‘arbiy mintaqada kurash olib bormoqda.
Ayni damda ushbu mintaqaga mansub guruhlarda ikkinchi o‘rinni egallab turgan jamoalar quyidagicha ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi:
"A" guruhi
6-tur, 05.12.2023
19:00. "Paxtakor" - "Al Fayha"
19:00. "Ahal" - "Al Ayn"
Ushbu guruhda O‘zbekistonning "Paxtakor" klubi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Shu bilan birga, toshkentliklar 7 ochko jamg‘argan holda ushbu o‘rindagilar orasida eng yomon ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi. Shunday ekan, "Paxtakor"ga 6-turdagi g‘alaba ham yordam bera olmasligi mumkin. Toshkentliklar g‘alaba qozonish bilan birga, boshqa guruhdagi ikkinchi o‘rinni egallab turgan klublarning natijalarini kutishga majbur. Ayni damda "sherlar"dan yaxshiroq natija qayd etib turgan "Persepolis" va "Sharja" buning uchun g‘alaba qozonmasligi darkor.
Agarda boshqa ikkinchi o‘rin egalari durang qayd etgan taqdirda ham "B" guruhida 7 ochko bilan uchinchi o‘rinda turgan "Al Sadd" (to‘plar nisbati — +4) "Nasaf"dan ustun keladigan bo‘lsa, to‘plar nisbati bo‘yicha "Paxtakor"dan (to‘plar nisbati — 0) o‘zib ketishi mumkin. Qatarliklar "Nasaf"ni ikkita va undan ko‘p gol evaziga mag‘lub etgan taqdirda esa qarshiliklar to‘plar nisbatiga ko‘ra "Paxtakor"dan ortda qolib, musobaqa bilan xayrlashishi mumkin.
"С" guruhida esa "Sepahon"ning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati yuqoriroq. Sababi, eronliklarda to‘plar nisbati +9 ni tashkil etadi. "Eyr Fors" bilan ochkolari teng bo‘lgan taqdirda ham o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra iroqliklardan 4 ochko tortib olgan. "Paxtakor" so‘nggi turda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan taqdirda "Sepahon"ning toshkentliklardan ortda qolishi uchun kamida 9 ta gol farqi bilan mag‘lubiyatga uchrashi talab etiladi.
"D" guruhida "Navbahor" ikkinchi o‘rin masalasini hal qilgan. "Paxtakor" 1:0 hisobida g‘alaba qozongan holda mamlakat chempionatidagi ta’qibchisini ortda qoldirishi uchun namanganliklar so‘nggi turda kamida 4 ta to‘p farqi bilan yutqazishi talab etiladi.
"E" guruhida ham "Persepolis" ikkinchi pog‘onadan qimirlay olmaydi. Eron klubi g‘alabadan boshqa har qanday natija qayd etishi so‘nggi turda g‘alaba qozona olgan "Paxtakor" uchun yetarli bo‘ladi.
"B" guruhi
6-tur, 04.12.2023
18:00. "Al Faysali" - "Sharja"
19:00. "Al Sadd" - "Nasaf"
O‘zbekistonning "Nasaf" klubi guruhda peshqadamlik qilmoqda. So‘nggi turdagi g‘alaba qarshiliklarni guruh g‘olibi sifatida keyingi bosqichga yo‘l olishini ta’minlaydi.
Durang qarshiliklarni ikkinchi o‘ringa tushirib yuborishi mumkin. Sababi, 2-o‘rindagi "Sharja" so‘nggi turda guruh autsayderi "Al Faysali" mehmoni bo‘ladi va 3 ochko qo‘lga kiritgan taqdirda o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra ("Sharja" o‘zaro o‘yinlarda "Nasaf"dan to‘rt ochko tortib olgan) o‘zbekistonliklardan o‘zib ketadi.
Shunday holatda "A" guruhida 2-o‘rin uchun kurashayotgan "Paxtakor" va "Al Fayha" qanday hisobda g‘alaba qozonishidan qat’i nazar "Nasaf"dan o‘zib keta olmaydi. "S" guruhida "Sepahon"ni durang ham qarshiliklarni to‘plar nisbatiga ko‘ra ortda qoldirishi uchun yetarli bo‘ladi. Mag‘lubiyat esa aksincha ko‘rinish hosil qiladi.
"D" guruhidagi "Navbahor" so‘nggi turda g‘alaba qozonsa, "Nasaf"ni ortda qoldiradi. Agarda durang qayd etsa, urilgan gollar inobatga olinadi, sababi ikki jamoaning to‘plar nisbati +4 ni tashkil etadi. Mag‘lubiyat esa namanganliklarni qarshiliklardan pastroqda joylashishiga majbur qiladi.
"E" guruhida "Persepolis" "Nasaf"dan o‘zib ketishi uchun kamida 4 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi. Qolgan holatda eronliklar "ajdarlar"dan pastroqqa sho‘ng‘iydi.
"Nasaf" mag‘lubiyatga uchragan taqdirda birato‘la uchinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin. Buning uchun "Al Sadd" kamida ikkita to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi hamda "Sharja"ning uch ochkoga ega bo‘lishi talab etiladi. "Nasaf" bitta to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchragan va "Sharja" g‘alaba qozongan taqdirda qarshiliklar o‘zaro o‘yinlardagi to‘plar nisbatiga ko‘ra 2-o‘rinni egallaydi. Shunday holatda "A" guruhidagi "Paxtakor" "Nasaf"dan yaxshiroq natija qayd etishi uchun kamida uchta to‘p farqi bilan raqibidan ustun kelishi kerak. "Al Fayha" qanday hisobda muvaffaqiyat qozongan taqdirda ham Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlaridan ortda qoladi.
"С" guruhidagi "Sepahon" "Nasaf"dan ortda qolishi uchun kamida 7 ta to‘p farqi bilan yutqazishi talab etiladi. Qolgan barcha holatda ular ustunlikka ega bo‘lishadi.
"С" guruhi
6-tur, 04.12.2023
15:00. "Eyr Fors" - OKMK
21:00. "Al Ittihod" - "Sepaxon"
O‘zbekistonning OKMK klubi oxirgi turda qanday natija qayd etishidan qat’i nazar keyingi bosqichga chiqa olmaydi.
Ayni damda guruhda ikkinchi bo‘lib turgan Eronning "Sepahon" klubi oxirgi turda "Al Ittihod"ni mag‘lub eta olsa, peshqadamga aylanadi, mag‘lub bo‘lgan Saudiya Arabistoni klubi ham keyingi bosqichga yo‘l oladi. Durang natija ham eronliklarga pley-off uchun katta eshik ochadi, chunki jamoaning to‘plar nisbati boshqa raqobatchilariga qaraganda ancha yaxshi. Mag‘lubiyat esa "Sepahon"ni turnirni tark etishi bilan yakunlanishi mumkin, buning uchun qolgan ikkinchi o‘rin sohiblarining g‘alaba qozonishi talab etiladi. "Eyr Fors" so‘nggi turda OKMKni mag‘lub etsa, "Sepahon" bilan ochkolari tenglashib oladi, biroq o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra Iroq klubi yuqoriga ko‘tarila olmaydi.
"D" guruhi
6-tur, 04.12.2023
19:00. "Al Hilol" - "Nassaji"
21:30. "Mumbay Siti" - "Navbahor"
O‘zbekistonning "Navbahor" klubi eng yaxshi ikkinchi o‘rinlar orasida ikkinchi bo‘lib turibdi. Namanganliklar so‘nggi turda g‘alaba qozonsa, boshqa ikkinchi o‘rin egalari qanday natija qayd etishidan qat’i nazar pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Namanganliklar durang o‘ynagan taqdirda "A" guruhidagi "Paxtakor" yoki "Al Fayha" istalgan hisobda g‘alaba qozongan taqdirda ham "lochinlar"dan o‘zib keta olmaydi.
"B" guruhida "Sharja" g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘rinni egallagan taqdirda "Navbahor"dan o‘tib ketishi mumkin. Buning uchun amirliklar kamida 5ta to‘p farqi bilan ustun kelishi talab etiladi. Ushbu guruh peshqadami "Nasaf" durang o‘ynab, 2-o‘ringa tushgan taqdirda ochkolar bo‘yicha "Navbahor" bilan deyarli bir xil ko‘rsatkichga ega bo‘ladi (ikkala jamoada ham to‘plar nisbati +4 ni tashkil etadi), bunday holatda urilgan gollar soni inobatga olinadi. Agarda qarshiliklar mag‘lubiyatga uchrab "Al Sadd" ikki va undan ko‘proq gol farqi bilan g‘alaba qozongan holda 2-o‘rinni egallagan taqdirda ham Samvel Babayan shogirdlaridan quyiroqda joylashadi.
"С" guruhida "Sepahon"ga g‘alaba yoki durang "Navbahor"dan yuqoriroqda bo‘lishini ta’minlaydi. Mag‘lubiyat esa aksincha ko‘rinish hosil qiladi.
"E" guruhida "Persepolis" kamida 4 ta to‘p farqi bilan raqibidan ustun kelgan taqdirda "Navbahor"dan o‘zib ketadi. Qolgan barcha holatda "Navbahor" ustunlikka ega bo‘ladi.
Vodiy jamoasi 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan taqdirda "A" guruhidagi "Paxtakor" undan o‘zishi uchun kamida uchta gol farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi. "Al Fayha" esa har qanday holatda "Navbahor"ni ortda qoldira olmaydi.
"B" guruhida "Sharja" g‘alaba qozonib, 2-o‘ringa ega chiqqan taqdirda yuqoriga ko‘tariladi. "Nasaf" esa bittadan ko‘p to‘p farqi bilan yutqazib, 2-o‘ringa sho‘ng‘isa, mahalliy chempionatdagi raqibidan ham pastga tushadi. Qolgan barcha holatdagi natija "Nasaf"ning ustunligini ta’minlaydi. "Al Sadd" har qanday hisobdagi g‘alaba bilan 2-o‘rinni egallagan taqdirda "Navbahor"ni ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qoldiradi.
"С" guruhida "Sepahon" "Navbahor"ni o‘tkazib yuborishi uchun kamida 7 ta to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lishi talab etiladi. Qolgan barcha holatlar eronliklarga ustunlik taqdim etadi.
"E" guruhida "Persepolis" istalgan hisobda zafar quchgan taqdirda "Navbahor"dan o‘zib ketadi. Qolgan barcha holatda jamoa mazkur raqibidan ildamlay olmaydi.
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring