Serbiyalik hujumchi Coca-Cola Superliganing 2023 yilgi mavsumini ham to‘purar sifatida yakunladi. Buning uchun Cheranga 13 ta gol kifoya qildi.
Dragan chempionatning 22 ta o‘yinida ishtirok etdi va umumiy 1789 daqiqa maydonda bo‘ldi. Ya’ni, har 137 daqiqada raqiblar darvozasiga yo‘l topdi. Gollarning 4 tasini penaltidan kiritdi. Biroq unutmaslik kerakki, uning gollarisiz "Paxtakor" naq 17 ochko boy bergan bo‘lardi. Cheran ayniqsa asosiy raqobatchi hisoblangan "Navbahor"ga qarshi har ikki o‘yinda ham gol urib, haqiqiy yetakchi ekanligini isbotladi.
36 yoshli futbolchi 2024 yilda ham "Paxtakor" sharafini himoya qiladi. To‘purarlik borasida garchi uning ko‘rsatkichlarida pasayish yuzaga kelgan bo‘lsa-da, Superligada besh yildan buyon uni quvib o‘tishi mumkin bo‘lgan boshqa hujumchi topilmayapti.
Dragan ketma-ket sakkiz mavsum davomida qarshisidan chiqqan 20 jamoaning barchasiga gol ura oldi. Eng so‘nggisi — "Olimpik". Garchi "Paxtakor" mavsumni aynan "Olimpik"dan uchralgan mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, ikkinchi davrada paxtakorchilar buning uchun o‘ch olishdi — Cheran ilk marta "Olimpik" darvozasiga yo‘l topdi.
Dragan 2016 yilning yozidan buyon O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. Mamlakatimizdagi dastlabki yillarini "Nasaf" safida o‘tkazgan hujumchi, ikki yil ichida "Paxtakor" libosini kiydi. O‘tgan yillar davomida u chempionat doirasida 129 ta gol urishga erishdi. O‘zbekiston kubogida 13 ta golni o‘z nomiga yozdirdi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi Dragan Cheranning kelgusi faoliyatiga omad tilaydi va tashkilot ketma-ket beshinchi bor “oltin butsa”ni unga yetkazib berdi.
Quyida Dragan Cheran tomonidan 2023-yilgi mavsum Superligada urilgan barcha — 13 ta golni tomosha qilishingiz mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring