O‘zbekiston milliy terma jamoasini kelasi yil boshida jiddiy musobaqa kutib turibdi. Srechko Katanes shogirdlari 13 yanvardan Qatarda boshlanadigan Osiyo kubogida qatnashishi lozim.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining bu galgi terma jamoamizdan umidi katta. Futbolchilarimiz qit’aning yetakchi terma jamoalari bilan tengma-teng o‘ynay boshladi. Bu muxlislarni qit’aning eng nufuzli musobaqasida bosh jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etishiga umidlantirmoqda.
Biroq musobaqa boshlanishiga bir oydan kam vaqt qolganida kutilmagan noxush xabar tarqaldi. Jisomniy holatini yuqori darajaga ko‘tarib olgan Eldor Shomurodov “Kalyari” mashg‘ulotlarida jarohat oldi. 28 yoshli hujumchining o‘ng oyoq barmog‘i singani aytildi. Dastlabki tibbiy tekshiruvlardan so‘ng bu jarohatdan qutilish uchun futbolchiga bir-ikki oy vaqt kerakligi ta’kidlandi.
Eldor Shomurodovning o‘zi esa, tezroq maydonga qaytish payida. Chunki u terma jamoa sardori sifatida muhim musobaqada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor.
Bir necha manbalarning yozishicha, Eldor Shomurodov shifokorlardan o‘zini Osiyo chempionati birinchi turiga qadar oyoqqa turg‘azishni so‘ragan. Shuning uchun ham jarohatni operativ yo‘l bilan da’volash varianti qo‘llanishi kutilyapti.
Eldor kelasi hafta Rimda jarohatini operatsiya qildirishi kutilmoqda.
Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tsa, Shomurodov guruh bahslari yakunlanmay, safga qaytishga ulguradi. Tiklanish jarayonida kutilmagan o‘zgarishlar kuzatilmasa, Shomurodov uchinchi turda Avstraliyaga qarshi bo‘ladigan bahsda maydonga tushishi mumkin.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo chempionatining “V” guruhida Avstraliya, Suriya, Hindiston futbolchilari bilan raqobatlashadi.
Hamyurtlarimiz guruhdagi birinchi uchrashuvini 13 yanvar kuni Suriya milliy terma jamoasiga qarshi o‘tkazishi belgilangan.
Keyingi o‘yin 18 yanvarda Hindiston terma jamoasiga qarshi bo‘ladi.
Eldor Shomurodov maydonga qaytishi kutilayotgan Avstraliya terma jamoasi bilan bo‘ladigan bahs 23 yanvarga qo‘yilgan.
Agar Srechko Katanes shogirdlari musobaqaning guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tsa, Eldor Shomurodov pley-off o‘yinlarida terma jamoamizga yordam berish imkoniyati yanada oshadi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov klublar miqyosida qanday o‘yin namoyish qilishidan qat’i nazar, terma jamoada har doim yuqori saviyada o‘ynab kelgan.
Eldor O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatgan. 28 yoshli forvard shu kunga qadar mamlakatimiz bosh jamoasida 68 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga 38 ta gol yozdirib qo‘ygan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!