Foto: IIV Kiberxavfsizlik markazi
Farg‘onada Telegram orqali zararli virus ilovalar tarqatib kelgan yigitning qilmishlariga chek qo‘yildi, deb xabar beradi IIV Kiberxavfsizlik markazi.
Ma’lum qilinishicha, IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va texnik tadbirlari davomida Rishton tumanida yashovchi 16 yoshli N.I. ismli shaxs ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida Telegram messenjerida “Romeo” nomli profili orqali Darkweb nomli kanal ochib, ushbu kanalga zararli ilovalarni joylashtirib, tarqatib kelgani aniqlangan.
Holat yuzasidan N.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-6-moddasi (zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, N.I. tomonidan sodir etilib, fosh etilmay qolgan shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi o‘rganilmoqda.
Qonunchilikka muvofiq, bu kabi jinoiy xatti-harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 yuz baravarigacha (102 million so‘m) miqdorda jarima yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring