Suriya terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Osiyo kubogi birinchi turidan o‘rin olgan O‘zbekistonga qarshi o‘yinda oldin matbuot anjumanida qatnashdi.
- Omar Al Soma terma jamoada yo‘q. Bu qaror haqida gapira olasizmi? Agarda Suriya terma jamoasi guruhdan chiqa olmasa, bu katta bosim bo‘ladi. Bu vaziyatga qanday yondashmoqdasiz?
- Bosim har doim bo‘lgan. Futbolchilar buni qanday yengishni bilishlari kerak. Ularning bor e’tibori o‘yinda bo‘lishi lozim. Negativ energiyalarga e’tibor bermaymiz. Qaysidir o‘yinchi tarkibda bo‘lmasa, biz shu holatda futbol o‘ynashga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bu jamoada men murabbiyman va qarorlarni men qabul qilaman.
- O‘zbekiston terma jamoasida ishlagansiz. Hozirda bu terma jamoa oldingidan kuchliroqmi yoki aksi?
- Albatta, men ularni yaxshi bilaman. Ammo ularda juda ko‘p narsa o‘zgarib ketdi - boshqa nomlar, yangi futbolchilar. O‘zbekistonda juda zo‘r bosh murabbiy bor. Ularning kamchiligi ham bor. Chunki hammada kamchilik mavjud. Ertaga biz ushbu muammolarni yuzaga chiqara olamiz deb o‘ylayman.
- Suriya terma jamoasida yangi o‘yinchilar juda ko‘p. Bu masalaga qanday yondashyapsiz?
- Biz hozir juda yaxshi ichki muhitdamiz. Biz hammasini yaxshilayapmiz.
- O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi ular haqidagi bilimlaringizdan kelib chiqib tayyorlanasizmi yoki ularga oddiy raqib sifatida qaraysizmi?
- Men Jaloliddin va boshqa o‘yinchilarni yaxshi bilaman, ammo zamonaviy futbolda bu narsa unchalik ham ahamiyat kasb etmaydi. 2019 yildan beri ularda ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Siz jamoani yaxshi bilishingiz mumkin, ammo o‘yin jarayonida bu narsa yordam bermasligi mumkin.
- O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi qanday tarkibda o‘ynashingizni hal qilib bo‘lganmisiz?
- Boshlang‘ich tarkib bo‘yicha mening rejam allaqachon bor. To‘g‘ri, o‘yinga yaqin o‘zgarishlar bo‘ladi. Men odatda asosiy tarkibni uchrashuvdan bir necha soat oldin aniqlayman. Bu narsa O‘zbekiston terma jamoasiga bog‘liq bo‘lmaydi. Bizdagi 26 nafar o‘yinchilar barchasi tayyor. Ularning istalgan biri maydonga tusha oladi. Bizda ishonch yuqori.
- Janob Kuper, avval O‘zbekiston terma jamoasida ishlagansiz. Sizga qaysidir ma’noda oxirgacha imkoniyat berilmagan. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, bu o‘yinda g‘alaba qozonishga o‘zgacha ishtiyoq bormi?
- Yo‘q, shaxsan o‘zimda hech qanday revansh kayfiyati yo‘q. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi menga juda yaxshi muomalada bo‘lgan, ular bilan aloqalarimiz yaxshi. Men ulardan doim minnatdorman. Rahbariyat, futbolchilar va hatto muxlislar ham menga iliq munosabatda bo‘lishgan. Shunday ekan, hech qanday xafagarchilik yoki revansh kayfiyati haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Albatta, men bu o‘yinda g‘alaba qozonishni maqsad qilganman. O‘zbekistonning bunga aloqasi yo‘q. Suriya terma jamoasi murabbiyi sifatida bu o‘yinda g‘alaba qozonishga harakat qilaman. Biz hammamiz professionallarmiz.
- Janob Ektor sizda juda katta tajriba bor. Shu nuqtayi nazardan olib qaralsa, futbolchilarni qanday ruhlantirasiz. Chunki motivatsiya bunday turnirlarda juda katta ahamiyatga ega...
- Hamma hozirda yaxshi natija ko‘rsatishimizga ishonyapti. Biz insonlarga quvonch ulashamiz. Men futbolchilarga aynan shuni eslataman. Yigitlarga ularni oilalari, do‘stlari tomosha qilayotganini ta’kidlayman. Futbolchilarga qarata bosimga, quvonchga, his tuyg‘ularga xush kelibsiz deymiz.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring