21:30 / 17.01.2024
300

Tojikistonlik jurnalist O‘zbekistonning imkoniyatlariga yuqori baho berdi

Tojikistonlik jurnalist O‘zbekistonning imkoniyatlariga yuqori baho berdi

Ayni damda Osiyo kubogi o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirmoqda. Jurnalistlar uchun atalgan media markazda hamkasblarimizni terma jamoamiz haqidagi fikrlari bilan qiziqdik. Tojikistonning "VARZISH TV" kanali muxbiri - Alovuddin Bo‘riyev bugungi O‘zbekiston futboli haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- O‘zbekiston terma jamoasi haqida fikringiz qanday?
- Menimcha, O‘zbekiston terma jamoasi birinchi turda o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyish eta olmadi. Juda murakkab va og‘ir kechgan bahsda durang qayd etdinglar. Musobaqa endi boshlandi va unda birinchi o‘yindayoq bor imkoniyatni namoyish etishning imkoni yo‘q. Suriya bilan bahsdagi natijaga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasini bemalol pley-offga chiqishini taxmin qilyapman.

- Bugungi ko‘rsatayotgan futbolimiz haqida fikringiz qanday?
- Bilasizmi, futbolchilar maydonda murabbiyning ko‘rsatmasidan kelib chiqib harakat qiladi. Ya’ni, ular ansambl bo‘lsa, murabbiy dirijordek gap. Har qanday jamoa o‘z murabbiyining fikr va qarashlarini maydonda aks ettiradi. O‘zbekiston terma jamoasining bugun ko‘rsatayotgan himoyaviy futboli ham aynan shu bilan bog‘liq. Men buni yaxshi yoki yomon deb ayta olmayman. Shunchaki, natijani kutish kerak. Xulosa qiladigan davrga hali erta.

- Hozirgi Tojikiston terma jamoasining imkoniyatlari qanday?
- Bilasizmi, Toshkentdagi O‘zbekistonga boy berilgan bahsdan so‘ng Petr Segrt jamoa o‘yinini ancha kuchaytirdi. O‘yinimiz ancha o‘zgardi. Albatta, yaxshi tomonga. Hozir "Eynshteyn" futbolchilarni tezroq harakat qilishga undamoqda.

- O‘zbekiston terma jamoasining pley-offdagi imkoniyatlari qanday deb o‘ylaysiz?
- Menimcha, sizlar guruhda ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqasizlar. U yerda nisbatan kuchsizroq jamoa bilan bahsda g‘alaba qozonib chorak finalda Qatar bilan to‘qnash kelasizlar.  Ayni damda O‘zbekiston tarkibi va imkoniyatlarini hisobga olgan holda, musobaqa mezbonlaridan o‘tishga qodir. Yarim finalda esa sizlarni katta ehtimol bilan Eron terma jamoasi kutib turadi. Aynan bu bahsda Eronning g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori. Mening, musobaqa uchun taxminim shunday.

- Chempionlik uchun asosiy da’vogarlar kim?
- Birinchi o‘rinda Eron asosiy favorit. Keyin Yaponiya va Janubiy Koreyani alohida e’tirof etgan bo‘lar edim.

- Agar pley-offda to‘qnash kelib qolsak, qaysi jamoa g‘alaba qozonadi deb o‘ylaysiz?
- Buni mendan so‘ramang. Keling, yaxshisi asosiy vaqt durang bo‘ladi va g‘olib penaltilar seriyasida aniqlanadi deb qutulaman. Ikki jamoaga ham yaqinlashib kelayotgan muhim bahslarda omad va zafarlar tilab qolaman.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tojikistonlik jurnalist O‘zbekistonning imkoniyatlariga yuqori baho berdi