15:33 / 03.02.2024
438

Terma jamoamiz yetakchisini Rossiyaning bir necha klublariga taklif qilishdi...

Terma jamoamiz yetakchisini Rossiyaning bir necha klublariga taklif qilishdi...
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi o‘yinchilaridan biri Otabek Shukurov ayni paytda klubsiz yuribdi. Uning oxirgi jamoasi – Turkiya Superligasining “Fotih Karagyumryuk” klubi o‘tgan yil oxirida tajribali legioner bilan xayrlashishga qaror qilgan edi. Hozir Otabek Shukurov rasman erkin agent maqomida.

Rossiyaning nufuzli nashri – “Sport Ekspress” tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Otabek Shukurovning agentlari uning xizmatlarini Rossiya Premer-ligasining bir necha klublariga taklif qilgan. Biroq, bu urinish hech qanday samara bermagan, rus klublaridan terma jamoamiz yarim himoyachisiga qiziqish bo‘lgani yo‘q.

Yangi mavsumda Rossiya Premer-ligasida jami besh nafar o‘zbekistonlik futbolchi qaydnomadan o‘tkazilgan edi.

Ular orasida faqat Abbosbek Fayzullayevning ishi yurishib ketdi. 20 yoshli futbolchimiz qisqa fursatda SSKAning yetakchi o‘yinchisiga aylandi va muntazam boshlang‘ich tarkibda maydonga tushmoqda. Moskvalik “armiyachilar” safida legionerimiz jami 18 ta uchrashuvda ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi.

“Rubin”dagi ikki o‘yinchimiz – Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliyev hozircha qozonliklar safida. Biroq klub rahbariyati yosh yarim himoyachi Umarali Rahmonaliyev muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun boshqa jamoalarga ijaraga berilishi mumkinligini ma’lum qilgan. Hozir futbolchimizga asosan birinchi liga yetakchilaridan taklif bo‘lyapti.

Terma jamoamiz bilan Osiyo kubogida ishtirok etayotgan Rustam Ashurmatovning asosiy tarkibdagi o‘rni muqim emas. Qolaversa, Ozarbayjonning eng nomdor klubi “Neftchi” markaziy himoyachimizni olishga harakat qilayotgani haqida xabarlar bor.

“Nijniy Novgorod” birdaniga ikki legionerimiz xizmatidan voz kechdi. Asosiy tarkibga kira olmagan yosh hujumchi Ruslan Jiyanov oxir-oqibat “Navbahor”dan qo‘nim topdi. Avvalgi mavsumlarda jamoa yetakchilari qatorida bo‘lgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev joriy mavsumda zahiraga o‘tirib qoldi. Vaziyatni o‘zgartirish maqsadida chap qanot himoyachisi Qozog‘istonning “Qayrat” jamoasiga ko‘chib o‘tdi.

Demak, mavsumning ikkinchi qismida Rossiya Premer-ligasida uch nafar futbolchimiz to‘p tepishi kutilmoqda. Otabek Shukurov ular safiga qo‘shila olmadi. 27 yoshli yarim himoyachimiz Osiyo kubogidan keyin bor e’tiborini yangi jamoa topishga qaratadi.

Otabek Shukurov “Masha’l” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Mamlakatimizda “Bunyodkor” sharafini ham himoya qilgan. Shukurov 2018 yilning yanvarida erkin agent sifatida Birlashgan Arab Amirliklarining “Sharja” klubi bilan shartnoma imzolagan.

2022 yilning yozida Otabek Yevropaga yo‘l oldi va kuchli chempionatlar qatoriga kiruvchi Turkiya chempionatiga bor. “Fotih Karagyumryuk” o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib oldi.

Legionerimizga Turkiya Superligasining “Sivasspor” jamoasidan taklif borligi va muzokaralar boshlangani xabar qilingandi. Biroq ish shartnomaga yetib bormagan ko‘rinadi.

27 yoshli Otabek Shukurov 2016 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi sifatida to‘p tepmoqda. Xalqaro miqyosda 64 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 ta gol yozdirib qo‘ygan. Uning transfer summasi 2,5 million yevroga baholanmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamiz yetakchisini Rossiyaning bir necha klublariga taklif qilishdi...