19:00 / 26.02.2024
773

Mag‘lubiyatga o‘zbek legionerlari o‘yindan olingani sabab qilib ko‘rsatildi

Mag‘lubiyatga o‘zbek legionerlari o‘yindan olingani sabab qilib ko‘rsatildi
Faoliyatini Qozog‘istonda davom ettirishga qaror qilgan legionerlarimiz – Jasurbek Yaxshiboyev hamda Shahboz Umarov mavsumni rasman sovrin bilan boshlashi mumkin edi.

Ular o‘ynayotgan “Ordabasi” mamlakat chempioni sifatida kubok sohibi “Tobol” bilan Qozog‘iston Superkubogi uchun bo‘lgan bahsda kuch sinashdi.

Turkiyaning Antalya shahri mezbonlik qilgan hal qiluvchi uchrashuvning asosiy vaqtida 1:1 hisobida durang qayd etildi, penaltilar seriyasida esa, “Tobol”ning omadi chopib, Superkubok sohibiga aylandi.

Ushbu bahsda Umarov va Yaxshiboyev ilk daqiqalardan harakat qildi va har ikkisi 67-daqiqada zaxiraga olindi.

Bellashuvni tahlil qilgan qozoq futboli faxriysi Bulat Yesmagambetov chimkentliklarning g‘alaba qozona olmaganiga aynan o‘zbek futbolchilarining maydondan olinganini sabab qilib ko‘rsatdi.

- Bu uchrashuvda “Ordabasi” bosh murabbiyi Aleksandr Sednev ikki o‘zbek hujumchisini o‘yindan olgani men uchun o‘yin taqdiriga ta’sir qilgan muhim nuqta bo‘ldi. Bu yigitlar birinchi bo‘limda juda yaxshi o‘ynagan edi, ular bir birini o‘zaro tushungan holda harakat qildi.

Ayniqsa, Jasurbek Yaxshiboyev faollik ko‘rsatdi, jarima va burchak zarbalari ishladi. U to‘pni yaxshi ushlab turish orqali jamoadoshlariga ustunlikni ta’minlab turgandi.

Men ular nega zaxiraga olinganini tushunmadim. Ularning o‘rniga maydonga tushgan Vsevolod Sadovskiy va Yerkebulan Tungishbayev, afsuski, hech narsa ko‘rsata olgani yo‘q, aksincha, jamoani zaiflashtirib qo‘ydi.

“Tobol” tarkibida zaxiradan maydonga tushgan Yerkin Tapalov va Godberg Kuper darrov faollik ko‘rsatdi
, - dedi Bulat Yesmagambetov.

Eslatib o‘tamiz, Shahboz Umarov ham, Jasur Yaxshiboyev ham “Paxtakor” tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Biroq ular “sherlar”ning asosiy tarkibidan o‘rin ololmagani bois, professional faoliyatini boshqa klublarda davom ettirib kelmoqda.

Har ikki hujumkor futbolchi “Paxtakor”ni tark etganidan so‘ng Olmaliqda faoliyat yuritdi, 2020 yili esa Belarus chempionatiga ko‘chib o‘tib, “Energetik-BGU” sharafini birga himoya qildi. Yarim mavsumdan keyin ularning yo‘llari ayrildi.

Yaxshiboyev “Shaxtyor-Soligorsk” safiga o‘tib, Belarus chempioni bo‘ldi, keyinchalik “Legiya”dan qo‘nim topib, Polsha chempionligiga sazovor bo‘ldi. Jasur “Sherif” o‘yinchisi sifatida Moldova chempionligini qo‘lga kiritdi. Tiraspolliklar bilan Yevropa Chempionlar ligasining guruh bosqichida qatnashib, Madridda “Real” darvozasiga tarixiy golni urdi.

Shahboz Umarov bir mavsum “Energetik-BGU”da o‘ynaganidan keyin Belarusning eng kuchli klubi BATEga o‘tdi. Biroq bosh murabbiy bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida yarim mavsum o‘yin amaliyotisiz qolgan hujumkor futbolchi 2022 yilning yarmida “Ordabasi” taklifini qabul qildi va shundan beri chimkentliklar uchun to‘p tepyapti.

Mana endi Qozog‘iston chempionatining yangi mavsumida Shahboz va Jasur yana bir jamoa sharafini birgalik himoya qiladi. Har ikki legionerimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilar hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mag‘lubiyatga o‘zbek legionerlari o‘yindan olingani sabab qilib ko‘rsatildi