00:21 / 15.05.2024
440

Mirjalol Qosimov: "O‘g‘limning goli haqida gapirishni istamayman. Ishxonada u futbolchi, uyda esa o‘g‘lim"

Mirjalol Qosimov: "O‘g‘limning goli haqida gapirishni istamayman. Ishxonada u futbolchi, uyda esa o‘g‘lim"
Superliga 7-tur doirasida o‘tkazilgan "Lokomotiv" - OKMK (0:2) uchrashuvidan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yin haqida
- Juda muhim uchrashuv edi. Bugungi uchrashuv kurashlarga boy va shiddatli bo‘ldi. Raqibimiz "Navbahor"dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng yutqazishga haqqi yo‘q edi. Biz ham o‘tgan uchrashuvda mag‘lub bo‘lgandik. Bugun golgacha o‘yin bo‘ldi va birinchi bo‘lib gol urgan jamoa g‘alaba qozondi. G‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. Avvallari 6-7 turdan so‘ng peshdaqamlar ajralib chiqar edi, so‘ngi yillarda esa bunday holat kuzatilmayapti. Musobaqa jadvalida jamoalar zich joylashgan.

- Bugun OKMK jamoasi golga qadar ancha qiynaldi. Asosan to‘pga egalik qilish va pas o‘ynashga intildi. "Lokomotiv" esa ko‘proq raqib o‘yinini buzish bilan shug‘ullandi. Bunday raqibga qarshi o‘ynash qanchalik qiyin bo‘ldi?

- Kecha bo‘lib o‘tgan "Nasaf" va "Bunyodkor" uchrashuvi ham shunday kechdi. Vertikal futbol va kurashlar ko‘p bo‘ldi. O‘zimning jamoam haqida gapiradigan bo‘lsam, men har doim to‘p bilan muomala qilish tarafdoriman. Tizimsiz futbol qachondir natija berishdan to‘xtaydi. Mening jamoamda ko‘proq to‘p bilan muomala qilish va hujumga o‘tish chog‘ida tartibli o‘yin namoyish etish muhim. Bu mening uslubim.

- Joriy mavsum "Lokomotiv" safida to‘p tepayotgan uch nafar futbolchi Sanjar Tursunov, Anzur Ismoilov va Muhammadanas Hasanovlar o‘tgan mavsumlar davomida jamoangizda faoliyat yuritgandi. Ularning o‘yin uslubini aniq bilasiz. Shu jihat sizga bugungi uchrashuvda ustunlik berdimi?

- Bu yigitlar nimaga qodir ekanligini bilaman. Maydon markazida Sanjar Tursunov va himoyada Anzurning imkoniyatlarini past baholashning iloji yo‘q. Yigitlarda katta tajriba bor. Ular uzoq vaqt davomida milliy terma jamoada o‘ynashgan. Shu sababli, bugun oson o‘yin bo‘lmadi.

- Bugun OKMK uchrashuv yakunida ikkita gol kiritdi va g‘alabani ilib ketdi. Lekin bugungi uchrashuvda jamoangiz o‘yinida yorqinlik sezmadim. Avvallari jamoangiz gol urishi kerak bo‘lganida juda chaqnab va yorqin o‘ynardi. Bugun bunday bo‘lmadi. Bunga sabab nima?

- Zo‘r o‘ynagan uchrashuvda har doim ham g‘alaba qozonavermaysiz. Yorqin o‘ynashingiz mumkin, ammo natija bo‘lmasa foydasi yo‘q. Muammolarimiz yetarlicha. O‘tgan mavsumdan buyon jarohatdan tiklanayotgan futbolchilarimiz bor. Olimpiya terma jamoamizning final uchrashuvini o‘tkazib yuborgan Abduqodir Xusanov, Abbosbek Fayzullayev va Hojimat Erkinovlarsiz o‘yin qanday o‘zgarganini sezdingiz. Har bir futbolchi, bir detaldek gap. Yigitlarimiz finalda zo‘r o‘ynashdi, ammo biroz omad yetishmadi.

- Bugun o‘ng qanot himoyasida o‘ynagan futbolchi Bahromovning o‘yiniga baho berib o‘tsangiz? U bugun juda yaxshi o‘ynadi.

- Bahromov asli yarim himoyachi. Bahromov hali ko‘p mehnat qilishi kerak, ayniqsa himoyadagi harakatlarini yaxshilashi zarur. U to‘p bilan yaxshi muomala qiladi. Yosh futbolchining oyog‘i yerdan uzilishi kerak emas. U o‘zi uchun mehnat qilishi kerak. Maqtovlarni eshitib o‘zgarishni boshlashi mumkin. Men futbolchilarning yurgan qadamidan nima bo‘layotganini sezaman. Eng muhimi, mehnat qilishda davom etish. Tarkibimizda yosh futbolchilar ko‘p, ammo ular o‘zi uchun kurashishi kerak.

- "Lokomotiv" bosh murabbiyi Aleksandr Stoymirovich bir necha yil davomida sizning shtabingizda faoliyat yuritgandi. Bugungi uchrashuvda uni mag‘lubiyat etish siz uchun qanchalik muhim edi?

- Menga raqibning va bosh murabbiyning kim ekanligi ahamiyatga ega emas. Superligadagi barcha 26 uchrashuv biz uchun muhim. Maqsadimiz muxlislarni xursand qilish va yaxshi natijaga erishish. Jamoamizda almashinuv jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Yosh va tajribali futbolchilar bor. Maydonda futbolchining yoshi ahamiyatsiz. 40 yoshlik o‘yinchi bo‘ladimi yoki 16 yoshlik futbolchi bo‘ladimi jamoa uchun foyda keltirishi kerak.

- Jamoada bir nechta futbolchi uzoq vaqt davomidan beri jarohatlardan tiklanmoqda. Ularning holati haqida ma’lumot bersangiz?

- Ruben Sanchesh va Shohrux Gadoyev kabi futbolchilarimiz uzoq vaqtdan beri tiklanishmoqda. Tizzadan olingan jarohatlar tiklanish uchun uzoq vaqt talab etadi. Men o‘zim ham belimni operatsiya qildirganman va bir yil futbol o‘ynamaganman. Barchasiga vaqt kerak. Statistika bo‘yicha futbol eng ko‘p jarohat olinadigan sport turi hisoblanadi.

- Bugun o‘g‘lingiz sizning uslubingizda gol urdi. Mirjamol Qosimovning goli haqida fikr bildirib o‘tsangiz?

- Shu mavzuni qo‘yinglar. Ishxonada u futbolchi, uyda esa o‘g‘lim. Yaxshi gol urdi, yana ko‘proq gol ursin va jamoaga foyda keltirsin. Shu masalaga shu yerda nuqta qo‘yish kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "O‘g‘limning goli haqida gapirishni istamayman. Ishxonada u futbolchi, uyda esa o‘g‘lim"