23:48 / 22.05.2024
1 159

Shomurodovdan voz kechishdi!

Shomurodovdan voz kechishdi!
“Roma” rahbariyati klubga yangi sport direktori tayinladi. Bu lavozimni Floran Gisolfi egalladi. Fransiyalik mutaxassis bosh murabbiy Daniyele De Rossi bilan o‘zaro hamkorlikda kelasi mavsum uchun jangovar tarkibni shakllantirishi talab etiladi.

Italiyaning nufuzli nashri La Gazzetta dello Sport yangi sport direktori amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratdi.

Manbada keltirilishicha, Gisolfi murabbiylar shtabiga kerak bo‘lmay qolgan umumiy hisobda 15 nafar o‘yinchini boshqa klublarga o‘tkazish, ularning o‘rnini to‘ldirish va umumiy maoshlar fondini 15 foizgacha qisqartirish bo‘yicha ish olib borishi topshiriq sifatida belgilandi.

“Roma”ga hozirgi tarkibdan legionerlar – Rik Karsdorp, Zeki Chelik, Ussem Auar, Nikola Zalevski, Temmi Abraxam xizmatiga ehtiyoj yo‘qligi bildirildi. Yangi sport direktori ularni boshqa jamoalarga o‘tkazishi kerak.

Yakunlanayotgan mavsumni ijarada o‘tkazayotgan Andrea Belotti, Ola Solbakken, Marash Kumbula, Eldor Shomurodov va Ebrima Darbo ham yozda Rimga qaytishi kutilmoqda. Bu futbolchilarni ijaraga olgan klublarning birortasi ularni to‘liq transfer qilish bo‘yicha taklif bildirgani yo‘q.

Floran Gisolfi bu o‘yinchilar, xususan, Eldor Shomurodovga ham yangi jamoa topishi kerak.

Yana bir manba – tuttocagliari.net saytining yozishicha, rimliklar “Kalyari” bilan Shomurodovni Sardiniyada qoldirish bo‘yicha muzokara o‘tkazishi mumkin.

Yangi sport direktori yozda jamoaga taklif etiladigan bir necha nomzodlarni topib qo‘ydi. Xususan, fransiyalik mutaxassis “Kalyari”da Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynayotgan urugvaylik legioner Naitan Nandezni olib kelishni ko‘zlamoqda. Tajribali futbolchi 30 iyun kuni erkin agentga aylanadi.

Bundan tashqari, “Roma” kelasi mavsum oldidan o‘z tarkibiga “Lill”ning uch vakili – himoyachi Diakite, markaziy hujumchi Bansa va hujumkor futbolchi Edon Jagrovani qo‘shib olmoqchi.

Shuningdek, ro‘yxatda Madridning “Atletiko” jamoasiga tegishli bo‘lgan va ijara asosida “Alaves”da o‘ynab, sakkizta gol bilan jamoa to‘purariga aylangan Samuel Omarodion nomi qayd etildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Roma” joriy mavsumda futbolchilarga 104,7 million yevroni maosh sifatida to‘ladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha rimliklar A Seriyada “Yuventus” va “Inter”dan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda. Klubga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasini maosh miqdori qoniqtirmayapti. Jamoa ko‘zlangan natijalarga erisha olmayotgani uchun ular yangi sport direktoridan umumiy maoshlar miqdorini 15 foizgacha qisqartirishni talab qilyapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovdan voz kechishdi!