date
views 285

Maksim Shatskix: "Men penaltilar seriyasiga tayyorlanadigan murabbiylar toifasidan emasman"

Maksim Shatskix: "Men penaltilar seriyasiga tayyorlanadigan murabbiylar toifasidan emasman"
O‘zbekiston Superkubogida "Nasaf"ga qarshi o‘yindan so‘ng "Paxtakor" bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida ishtirok etdi va berilgan savollarga quyidagicha javob berdi.

- O‘yin haqida...
- O‘yin haqida ortiqcha gapirishdan foyda yo‘q. O‘yin sifati bo‘yicha yigitlardan roziman, ular borlarini berishdi. Futbolchilarimiz o‘z darajasini ko‘rsatishdi. Afsuski, yana xatolarimiz bizga pand berdi.

- "Nasaf" jamoasi 4 kishini maydonga tushirayotgan paytda siz 3 nafar futbolchini chaqirgandingiz, keyin esa to‘satdan qaroringizni o‘zgartirib, bir nafar futbolchini tushirdingiz. Bu Berdiyevning qarorlaridan keyingi o‘zgartirishmidi?
- Biz majburiy o‘zgarish qilishga majbur bo‘ldik. Bu futbolchi charchab qolgani tufayli amalga oshirildi. Futbolchilarimiz 18-19 yoshda, hali yosh.

- Murabbiylar ba’zida penaltilar seriyasida darvozabonni almashtiradi. Sizning zahira posboningiz tushishga tayyor turgandi. Uni tushirish istagingiz bormidi?
- Bizda darvozabonlar murabbiyi bor. Biz uning qaroriga ko‘ra ish tutamiz.

- Penaltini ijro etganlarni siz tanlab berdingizmi?
- Futbolchilar o‘zlari tanlashdi. Men ular bilan maslahatlashgan holda shunday qarorga keldim. Shaxsan men futbolchilarni penaltilar seriyasiga tayyorlaydigan murabbiylar toifasidan emasman.

- Zahiradagi imkoniyatlarimiz kam deb aytdingiz. Bu Elit Chempionlar Ligasida klubga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Yozda transferlar qilamiz. Kamida yozgacha shu tarkib bilan o‘ynashimiz kerak. Elit OCHLgacha reja bo‘yicha ishlashda davom etamiz.

- "Paxtakor" gol urganidan keyin jamoa ancha ortga qaytib, himoyalanishga e’tibor qarata boshladi. Nima uchun shunday bo‘ldi?
- Futbolchilarga to‘pni nazorat qilishni buyurdim. Ammo yosh futbolchilar to‘p nazoratida qiyinchilikka duch kelishmoqda. Hozircha to‘pni o‘zida saqlay oladigan futbolchilar kam. Buni uqtirib, o‘yin paytida gapimni yetkazishga urindim, ammo bu juda qiyin bo‘ldi. Ehtimol, kuch yetishmagani bois to‘pni nazorat qilmagandirmiz.

- Xoldorxonov so‘nggi uchrashuvlarda qaydnomadan joy olmayapti. Bunga sabab nima edi?
- Yo‘q, uning o‘yinlarida pasayish kuzatilgani uchun shunchaki o‘rinbosarlar jamoasiga yubordik.

- "Paxtakor"ga kelganingizdan keyin jamoani yetakchilar birin-ketin tark etishmoqda va moliyaviy imkoniyatlar kamayib bormoqda...
- Bizda moliyaviy qiyinchiliklar borligini kim aytdi? Futbolchi jamoani tark etishni xohladimi, uni jamoada olib qolishdan ma’no yo‘q. Bu ularning huquqi va ular ketgani to‘g‘ri ham bo‘ladi.

- Ko‘rinib turibdiki, tarkibdagi futbolchilardan ko‘nglingiz to‘lmayapti. Buni bot-bot ta’kidlab kelmoqdasiz. Bunday voqealar rivojiga qachongacha chidaysiz?
- Biz akademiyamizga tayanib ish tutamiz va bu rahbariyatning qarori. Siz kechagi "Paxtakor"ni unuting, bu yil boshqa jamoani ko‘rasiz. Kelgan paytimda 2 marta chempion bo‘lgandik. Hozir boshqa jamoa shakllandi. Bugun ayrim futbolchilar birinchi marta maydonga tushishdi, "Bunyodkor" stadionini endi ko‘rib turishibdi. Umuman olganda, yigitlar borlarini berishdi, buning uchun rahmat aytaman.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: "Men penaltilar seriyasiga tayyorlanadigan murabbiylar toifasidan emasman"