09:45 / 02.07.2024
675

“Vilyarreal” Fayzullayev transferiga munosabat bildirdi!

“Vilyarreal” Fayzullayev transferiga munosabat bildirdi!
O‘zbek futbolining eng yorqin tarbiyalanuvchilaridan biri – Abbosbek Fayzullayevning kelasi mavsumni qayerda boshlashi ko‘pchilikni qiziqtirib turgan masalalardan hisoblanadi.

Ayniqsa, legioner sifatidagi mavsumni muvaffaqiyatli yakunlagani, O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalaridagi ishonchli o‘yinlaridan keyin 20 yoshli hujumkor futbolchimizning Yevropaning kuchli beshlik ligalariga yo‘l olishi haqidagi ma’lumotlar tobora ko‘payib bormoqda.

Xususan, qishki transferlar oynasi davrida Abbosbekka Bundesliga grandi “Bavariya”dan qiziqish bo‘lgani aytilgandi. Keyinchalik hamyurtimiz A Seriyaga qaytgan “Parma” nazariga tushdi. Parmaliklar bir necha oydan beri o‘zbek futbolchisining o‘yinini kuzatib, transfer imkoniyatlarini o‘rganib kelmoqda.

So‘nggi kunlarda Abbosbek Fayzullayev Ispaniya chempionatiga yo‘l olayotgani, La Liganing kuchli klublaridan “Vilyarreal” o‘zbek futbolchisi transferi bo‘yicha SSKA bilan kelishuvga erishgani, “armiyachilar” o‘z yetakchisini qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgani haqida juda ko‘p ma’lumotlar tarqala boshladi. Bu borada, ayniqsa, ispan nashrlari hali hamon axborot tarqatishni to‘xtatgani yo‘q.

Jumladan, ispaniyalik jurnalist Aaron Dominges Abbosbek Fayzullayev “Vilyarreal”ga o‘tishi mumkinligi, SSKA rahbariyati futbolchi transferiga rozilik bergani, transferning oxirgi shartlari bo‘yicha muzokara ketayotgani, biroq uning summasi hali noma’lum ekani haqida axborot tarqatdi.

Masala shu darajaga yetdiki, unga “Vilyarreal” rasmiylari munosabat bildirishi to‘g‘ri keldi. Klubning futbol operatsiyalari bo‘yicha direktori Migel Anxel Tenaga jurnalistlar quyidagi savol bilan murojaat qildi.

— Sizning klubingiz SSKA bilan Abbosbek Fayzullayev transferi bo‘yicha kelishuvga erishgani rostmi?
— Yo‘q, bu ma’lumot haqiqatga yaqin emas, - deb javob berdi Migel Anxel Tena.

Bundan tashqari, Rossiya futbolini yoritib kelayotgan mashhur insayderlardan biri Ivan Karpov ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Abbosbek Fayzullayevning “Vilyarreal”ga transferi haqida ma’lumot chiqardi.

- Fayzullayev himoyadan hujumga o‘tmoqda: 20 yoshli hujumkor futbolchi “armiyachilar”ning yig‘inida ter to‘kmoqda va turli “mish-mishlar” haqida bosh qotirayotgani yo‘q. Abbos yaqin yarim yil ichida SSKAda o‘ynashni rejalashtirgan. Qolaversa, SSKA rahbariyati o‘zbek futbolchisini biror boshqa klubga sotib yuborishga hech qanday rozilik bergan emas, - deb yozdi mashhur insayder Ivan Karpov.

Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullayevning Yevropa ligalariga ketishi, xususan, “Vilyarreal” masalasi ham oxirigi nuqtaga yetgani yo‘q. Vaziyat har qanday holatda o‘zgarib ketishi mumkin. Demak, 20 yoshli hujumkor futbolchimiz atrofidagi voqealarni kuzatishda davom etamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Vilyarreal” Fayzullayev transferiga munosabat bildirdi!