20:36 / 19.07.2024
769

Parij—2024. O‘zbekistonning dastlabki raqibi Ispaniya haqida

Parij—2024. O‘zbekistonning dastlabki raqibi Ispaniya haqida
Foto: Google Images
O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi 24 iyul sanasida guruh bosqichining dastlabki o‘yinida Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv oldidan raqib jamoa haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Jamoa haqida

Ispaniya Olimpiya terma jamoasi qit’aning eng kuchli jamoalaridan hisoblanadi. Jamoa eng sovrindor jamoalardan biri. Ispanlar 1992 yil o‘tkazilgan musobaqada oltin medal sohibi bo‘lgan. So‘nggi ikki musobaqada ikkinchi o‘rinni egallashdi.

2020 yil Tokioda bo‘lib o‘tgan musobaqada ispanlar qo‘shimcha daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gollar sabab finalda mag‘lubiyatga (2:1) uchragan edi.

Umumiy hisobda Ispaniya 5 bora 4 yillikning eng muhim musobaqasida qatnashgan.

Olimpiadaga yo‘llanma

Ispaniya Olimpiya terma jamoasi 2023 yilda Yevropa Kubogining finalida Koul Palmer yetakchiligidagi Angliyaga mag‘lub (0:1) bo‘lib, Olimpiada—2024 ga ko‘hna qit’aning vitse-chempioni sifatida yo‘llanma oldi.

Foto: Getty Images
Bosh murabbiy haqida

2010 yildan buyon Ispaniya futbol assotsiatsiyasining murabbiylar shtabi a’zosi bo‘lgan Santi Deniya U17 va U19 terma jamoalarini boshqargan, ular bilan 2017 va 2019 yillarda qit’a chempionatlarida qatnashgan. Ispaniyaning 2017 yilda U17 Jahon chempionati finaliga olib chiqqani murabbiyning eng katta natijalarida biri hisoblanadi. O‘shanda ispanlar Fil Foden, Jeydon Sancho kabi iste’dodlarga ega bo‘lgan Angliya jamoasi tomonidan mag‘lub bo‘lgan.

Foto: FIFA
Hozirda Ispaniya U21 terma jamoasi va erkaklar Olimpiya terma jamoasi murabbiyi bo‘lib ishlayotgan Deniya o‘tgan yilgi UYEFA U21 Yevropa chempionatida turnirni hal qiluvchi o‘yinda finalda yana Angliyaga mag‘lub bo‘ldi.

Santyago Deniya Sanches yoxud Santi nomi bilan tanilgan 50 yoshli mutaxassis Tokio-2020 Olimpiadasida Luis de la Fuentening yordamchisi sifatida qatnashgan va Ispaniya Olimpiya terma jamoasi bilan finalga yo‘l olgan.

Luis de la Fuente Olimpiadadagi muvaffaqiyati sabab bir yil o‘tib, Luis Enrike o‘rniga Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylandi. De la Fuentening o‘rnini esa Santi egalladi.

Foto: Getty Images
Tarkib haqida

Ispaniya Olimpiya terma jamoasi Murabbiylar shtabi Yevropa chempionatida qahramonga aylangan Lamin Yamalni ham tarkibga kiritishni xohladi, ammo “Barselona” futbolchiga ruxsat bermagan. Shunday bo‘lsa-da Kataloniya klubidan 3 futbolchi bor – Fermin Lopes, Pau Kubarsi va Erik Garsiya.

Foto: Getty Images
Bundan tashqari tarkibdan Serxio Gomes (“Manchester Siti”), Tenas Arnau (“PSJ”), Diego Lopez (“Valensiya”), Aleks Baena (“Vilyarreal”) kabi tajribali futbolchilar mavjud.

Eng qimmat o‘yinchilari:

Ispaniya tarkibi musobaqaning eng qimmat jamoalaridan biri hisoblanadi. Transfermarkt bergan ma’lumotlarga ko‘ra, jamoaning umumiy narxi 470 million yevroni tashkil etadi. Faqatgina Fransiya Olimpiya terma jamoasining bahosi ispanlardan balandroq.

Ispaniyaning eng qimmatbaho 5 futbolchisi:

1. Aleks Baena – 40 mln yevro
2. Samu Omorodion – 35 mln yevro
3. Fermin Lopes – 30 mln yevro
4. Kristian Moskera – 30 mln yevro
5. Pau Kubarsi – 30 mln yevro.

Foto: Getty Images
Ispaniya terma jamoasi C guruhidan o‘rin olgan. Ushbu guruhda O‘zbekiston, Dominikan hamda Misr terma jamoalari ham ispanlar bilan birgalikda keyingi bosqichga chiqishga harakat qiladi.

Ispaniyaning o‘yinlari taqvimi:

1-tur. 24 iyul

18:00. O‘zbekiston – Ispaniya

2-tur. 27 iyul
18:00. Dominikan – Ispaniya

3-tur. 30 iyul
20:00. Ispaniya – Misr.

Eng yirik g‘alaba va mag‘lubiyat

Ispaniya Olimpiya terma jamoasi 2005 yili Liviya terma jamoasini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.

Eng yirik mag‘lubiyatini esa Argentina terma jamoasidan qabul qilib olgan. 1996 yil bo‘lib o‘tgan musobaqada ispanlar o‘z darvozasidan 4 bora to‘p o‘tkazib yuborgan.

Erkin G‘aybullayev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Parij—2024. O‘zbekistonning dastlabki raqibi Ispaniya haqida