21:03 / 31.07.2024
464

Qozoqlar Do‘smatovni yengish yo‘lini qidiryapti...

Qozoqlar Do‘smatovni yengish yo‘lini qidiryapti...
Parijdagi Olimpiya o‘yinlari o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bokschilarimiz birin-ketin dastlabki uchrashuvlarini o‘z foydasiga hal qilib bormoqda.

O‘zbekiston qatori jahonda yetakchilardan sanaluvchi Qozog‘iston terma jamoasi kutilmagan yo‘qotishlarga duch keldi. Parijda chempionlik va medallar uchun kurashishi kutilgan Aslanbek Shimbergenov, Qamshibek Kunkabayev va Mahmud Sobirxon kabi yetakchi bokschilar birinchi janglaridayoq o‘rtamiyona raqiblarga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Qozog‘istonliklar endi Saken Bibossinovga katta umid bog‘layapti. Bu bokschi dastlabki bahsda zafar quchdi va yarim final yo‘llanmasi uchun bo‘lajak jangda ashaddiy raqibi Hasanboy Do‘smatovga ro‘baro‘ keladi.

Qozog‘iston boksi vakillarining Bibossinov va Do‘smatov to‘qnashuviga oid fikrlarini havola etamiz.

Saken Bibossinov, Olimpiadadan oldin shunday degan edi:
Bu mening ikkinchi Olimpiadam. Tokiodan farqli ravishda Parijga tajribaliroq bokschi sifatida boraman. Xato va kamchiliklardan xulosa chiqarib, muvaffaqiyatli qatnashishga harakat qilaman. Olimpiada oltin medali – azaliy orzum.

Hasanboy Do‘smatovga kelsak, u mening ashaddiy raqiblarimdan biridir. Agar Parijda yo‘limiz kesishsa, albatta, bu jangga alohida taktika tanlanadi.

Orazbek Asilqulov, qozog‘istonlik bokschi:
Bu gal Saken yutadi, - deb o‘ylayman. Chunki yosh o‘tib borayotgani o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Hasanboy professional boksdan qaytdi. Toshkentdagi jahon chempionatida Sakenning omadi kelmagan edi. Parijda Bibossinov g‘alaba qozonadi.

Marat Mazimbayev, professional boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni:
Do‘smatov ikki karra Olimpiya chempioni bo‘lishni istaydi. Saken ham Olimpiadaga oltin medal orzusida borgan. Hammasi Sakenning qo‘lida. U ayrim ustunliklaridan foydalanib, raqibni masofada ushlashi va o‘ziga yaqinlashtirmasligi kerak. Shunday qilib, Do‘smatovni yutsa bo‘ladi.

Tursungali Yedilov, Qozog‘iston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi:
Har ikki jangchi bir birini juda yaxshi biladi. Ular Parijdagi dastlabki janglarini yuqori darajada o‘tkazdi. Menga Saken mushtlashuvga kirishib ketmasdan, texnikasini ishga solgan holda aql bilan boks tushgani yoqdi. Do‘smatov esa, juda salohiyatli raqibdan ustun keldi. Har ikkisi ham o‘zaro to‘qnashuv oldidan qizishib oldi va jangga tayyor. Shuning uchun ham jang tomoshabinlar uchun juda qiziqarli, bokschilar uchun o‘ta og‘ir bo‘ladi.

Saken Hasanboyni qanday yengishni biladi. To‘g‘ri, u faqat bir marotaba, uch yil oldin g‘alaba qozongan va keyin ikki marotaba yutqazgan. U o‘sha mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lishi va bo‘y-bastidagi ustunlikdan unumli foydalanishi kerak.

Har qanday holatda ham mushtlashuvga berilib ketmaslik shart. Bunaqada imkon qolmaydi. Masofadan turib, vaziyat bo‘lganda qarshi hujum uyushtirish kerak. Bunaqa jangda ko‘p narsani kichik nyuanslar hal qiladi. Zo‘r bokschilarning o‘zaro bahsida doim shunday bo‘lgan. Kimning jismoniy tayyorgarligi puxta, uchinchi raundga kuchni saqlagan holda kirib kelsa, murakkab vaziyatlarni yengib o‘tsa, ana o‘sha g‘alaba qozonadi.

Eslatib o‘tamiz, Hasanboy Do‘smatov va Saken Bibossinov uch marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. 2021 yilgi ilk to‘qnashuvda qozoq bokschisining qo‘li baland kelgan. Keyinchalik 2022 va 2023 yilgi janglarda Hasanboy Do‘smatov g‘alaba qozonib, umumiy hisobda oldinga chiqib oldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qozoqlar Do‘smatovni yengish yo‘lini qidiryapti...