13:20 / 06.08.2024
915

“Parij-2024”: O‘zbek bokschilaridan sensatsion ko‘rsatkichlar

“Parij-2024”: O‘zbek bokschilaridan sensatsion ko‘rsatkichlar
Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlari hal qiluvchi pallaga kirdi. Erkaklar o‘rtasidagi yetti vazn toifasidan to‘rttasida chempionlik uchun bahs olib boradigan finalchilar aniqlandi. Tez orada yana uchta vaznda finalchilar saralanadi.

Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari namoyish etayotgan boks sifati, sportchilarimizning natijalari xorijlik muxlisu mutaxassislar e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q.

Olimpiya o‘yinlari mavzusini yoritib kelayotgan nufuzli Inside the games portali mutaxassislar o‘zbek bokschilari hamma qatori ularni ham hayratga solayotganini yashirmadi.

- O‘zbekiston bu gal ham boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng kuchli mamlakat ekanini tasdiqlab qo‘ydi va “Parij-2024” o‘yinlaridan keyin ham shu mavqeni saqlab qoladi, - deb yozdi Inside the games portali.

O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini to‘liq tarkib – 7 nafar bokschisi bilan boshlagan edi. Ulardan besh nafari yarim finalga yetib kelib, kamida bronza medalni naqd qildi.

Hozirgacha o‘tkazilgan yarim finalda 51 kilogrammgacha vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov Kabo-Verde vakili David de Pinani mag‘lubiyatga uchratdi. Do‘smatov Olimpiya o‘yinlaridagi ikkinchi oltin medalini olish uchun hal qiluvchi finalda mezbonlar vakili Bilol Bennama qarshiligini sindirishi talab etiladi.

Og‘irligi 92 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi final yo‘llanmasi uchun kurashda Lazizbek Mullajonov tojikistonlik Davlat Boltayevni yengdi.

Endi hamyurtimiz hozirgacha bo‘lgan faoliyatidagi eng muhim jangda ozarbayjonlik tajribali bokschi Alfonso Dominges bilan raqobatlashadi.

Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida yana uch vazn toifasida yarim final janglari tashkil etiladi. Ularning barchasida o‘zbek bokschilari ringga ko‘tariladi. E’tiborli jihati, yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan uchala charm qo‘lqop ustasi ham amaldagi jahon chempionlari hisoblanadi.

71 kilogrammgacha vazn toifasidagi yarim final bahsida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ameriklik charm qo‘lqop ustasi Omari Jons bilan kuch sinashadi. Bu bahs bugun yarim tunda, Toshkent vaqti bilan soat 00:30 da boshlanishi kutilmoqda.

Ikkinchi yarim finalda britaniyalik Levis Richardson Meksikadan kelgan Marko Alonso Verde Alvaresga qarshi ringga chiqadi.

O‘ta og‘ir vazn toifasida ikkinchi chempionlik uchun harakat qilayotgan Bahodir Jalolov final yo‘lida germaniyalik Nelvi Raman Tiafak bilan jang qiladi. Jalolovning jangi 8 avgust kuni tungi soat 01:00 da boshlanishi belgilangan.

Bu vazndagi ikkinchi yarim finalda fransiyalik Jamili-Dini Abudu Moindze ispaniyalik Ayub Gadfaga qarshi bahs olib boradi.

Nihoyat og‘irligi 57 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar yarim finalida Abdumalik Xalakov avstraliyalik Charli Senorni imtihondan o‘tkazadi. Bu bahs 9 avgustda soat 00:30 da boshlanadi.

Ikkinchi finalchi nomini qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek o‘g‘li va bolgariyalik Xaver Ibanes Dias o‘zaro bahsda aniqlab oladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Parij-2024”: O‘zbek bokschilaridan sensatsion ko‘rsatkichlar