21:44 / 10.08.2024
472

Afg‘onistonlik atlet Olimpiya o‘yinlarida ko‘tarib chiqqan shiori uchun diskvalifikatsiya qilindi

Afg‘onistonlik atlet Olimpiya o‘yinlarida ko‘tarib chiqqan shiori uchun diskvalifikatsiya qilindi
Foto: AP
Afg‘onistonlik sportchi 9 avgust kuni Olimpiya bahslari paytida ko‘tarib chiqqan shiori uchun bahslardan chetlatildi. Bu haqda Al Arabiya nashri xabar berdi.

Parij o‘yinlarida qochqinlar Olimpiya terma jamoasi safida ishtirok etgan 21 yoshli afg‘on qizi Manija Talash 9 avgust kuni musobaqaning dastlabki saralash bosqichida “Afg‘on ayollariga ozodlik” shiorini ko‘tarib chiqqan. Bu holat esa hakamlar hay’ati hamda musobaqa tashkilotlarida e’tirozlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Manbada aytilishicha, Ispaniyada yashovchi Manija Talash juma kungi saralash bahslarida gollandiyalik India Sardjoga mag‘lub bo‘lgan. Bahsdan so‘ng esa u o‘zining afg‘on ayollari bilan birdamligini ko‘rsatish uchun kiyimi va qo‘lidagi matoda shiorlar yozib, omma oldida ko‘rinish bergan.

Qoidaga ko‘ra, siyosiy shiorlar va bayonotlarni namoyish qilish Olimpiya o‘yinlari maydonida va podiumlarda taqiqlangan. Afg‘on atleti bilan yuz bergan holat ham musobaqa me’yorlarining qo‘pol tarzda buzilishi hisoblanib, Manija Talashning diskvalifikatsiya qilinishiga olib kelgan.

Har doimgi tartibga asosan bu safargi Olimpiya o‘yinlarida ham qochqinlar terma jamoasi ishtirok etmoqda. Jamoada 37 nafar sportchi bo‘lib, ular 12 ta sport turi bo‘yicha bahslarda ishtirok etishi belgilangan.

Qochqinlar Olimpiya jamoasi safida hozirda etnik afg‘on bo‘lgan uch nafar erkak va yana uch ayol ishtirok etmoqda. Bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan ayollar va qizlarning sport bilan shug‘ullanishini cheklagan “Tolibon” kabi hukumatga ramziy ma’noda ishora berishi aytilgan.

XOQ tomonidan tan olingan Afg‘oniston milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari ham, uning bosh kotibi ham ayni damda qochqin maqomida. “Tolibon” ularning mamlakatga qaytishini taqiqlagan.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi “Tolibon” harakatining birorta vakili Parij bahslarida qatnashish uchun akkreditatsiyadan o‘tmaganini aytgan. Bu siyosiy sabablar bilan bog‘lik ekani yoki boshqa muammolar yuzaga kelgani hozircha ma’lum emas.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Afg‘onistonlik atlet Olimpiya o‘yinlarida ko‘tarib chiqqan shiori uchun diskvalifikatsiya qilindi