23:47 / 15.08.2024
323

Hozir dunyoda eng zo‘ri o‘zbek bokschilari, Kuba ikkinchi darajaga tushdi

Hozir dunyoda eng zo‘ri o‘zbek bokschilari, Kuba ikkinchi darajaga tushdi
Parij Olimpiadasining boks musobaqalari o‘zbek maktabi vakillarining yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. Erkaklar o‘rtasidagi yetti vazn toifasidan beshtasida oltin medal o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalariga nasib qildi.

O‘zbekiston terma jamoasi bokschilaridan Hasanboy Dusmatov (51 kg), Abdulmalik Xalakov (57 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (71 kg), Lazizbek Mullajonov (92 kg) va Bahodir Jalolov (+92 kg) Parijni chempion sifatida tark etdi.

Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolov o‘zbek bokschilari orasida ilk bor ikki karra olimpiya chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Hamyurtlarimizning tarixiy g‘alabasiga Rossiya boksi mutasaddilari, ekspertlari va murabbiylari o‘z munosabatlarini bildirdi.

Eduard Kravsov, Rossiya boks federatsiyasi murabbiylar kengashi raisi:
— O‘zbekiston terma jamoasiga ofarin! Bu jamoa haqiqatan ham o‘ta kuchli. Ular 2023 yilda bo‘lgani kabi dunyoda eng zo‘ri ekanliklarini yana bir karra isbotlashdi. Lekin bunda obyektiv omillar borligini ham inobatga olish kerak.

Kuba terma jamoasi qarib qolgan, deyarli barcha bokschilari “pensiya” yoshida. Faqat 63,5 kilogramm vazn toifasidagi 24 yoshli Erislandi Alvares bundan mustasno. Afsuski, qanchalar g‘alati eshitilmasin, bugungi kunda Kuba ikkinchi darajali terma jamoalar qatoriga tushib qolgan.

Omillar haqida gapirganda Rossiya terma jamoasi yo‘qligini ham aytish kerak. Har qanday holatda ham bu raqobat. Bizning yigitlar ko‘pgina vazn toifalarida yuqori probali medallarga da’vogarlik qila olardi.

Qozog‘iston terma jamoasi ham jahon boksida yetakchilardan. Ularning aksariyat bokschilari 2:3 hisobida yengildi. Bu yigitlar ham yuqori natijaga da’vogarlik qila olardi. Ana shunday obyektiv va subyektiv omillar bor. Lekin har qanday holatda ham O‘zbekiston terma jamoasini ajoyib ishtirok bilan tabriklashni istayman. Ular jahon boksi tarixiga haqli ravishda kira oldi.

Viktor Faxrutdinov, boks bo‘yicha Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi:
— Ular mashg‘ulotlarda biz bilan birga ham tayyorgarlik ko‘rgan. Juda yaxshi jamoa. Biz ular bilan do‘stona munosabatdamiz. Ular Olimpiya o‘yinlarida zo‘r ishtirok etgani bizga ham yoqimli bo‘ldi. Tayyorgarlik jarayonida, sparringlarda ularga yordam berish orqali biz ham g‘alabalarga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lib chiqyapmiz.

Biz Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Rossiyadagi yig‘inlarda birga ishladik.

Olimpiadada ularning terma jamoasi bosh murabbiyi bilan noxush holat yuz berdi va shukrki, unga o‘z vaqtida yordam bera olishdi. Do‘stlarimiz uchun juda xursandmiz va ularni tabriklaymiz.

O‘zbekistonning Olimpiya o‘yinlari tarixida boks bo‘yicha qo‘lga kiritgan sovrinlari 10 ta oltin, 2 ta kumush, 8 ta bronza medalga yetdi. Jami 20 ta medalga ega chiqqan terma jamoamiz umumiy reytingda yettinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hozir dunyoda eng zo‘ri o‘zbek bokschilari, Kuba ikkinchi darajaga tushdi