20:13 / 16.08.2024
379

Olimpiadadagi har bir medal O‘zbekiston budjetiga qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi

Olimpiadadagi har bir medal O‘zbekiston budjetiga qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi
O‘zbek sporti Parij olimpiadasida o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi. 13 ta medal, xususan 8 ta oltin olgan O‘zbekiston delegatsiyasi 206 ta davlat orasida 13-o‘rin, postsovet makoni, turkiy dunyo va musulmon mamlakatlari orasida 1-o‘rin, Osiyo bo‘yicha esa 4-o‘rinni egalladi.

Gazeta.uz nashri bu olimpiadaga tayyorgarlik va sovrindorlarni taqdirlash O‘zbekiston budjetiga qanchaga tushganini o‘rganib, olingan ma’lumotlarni boshqa davlatlar bilan taqqosladi.

Tayyorgarlik va qatnashish xarajatlari

Avvalgi yillardagi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunlarga ko‘ra, 2024 yilgi yozgi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish va unda ishtirok etish uchun:

- 2022 yilda 135 mlrd so‘m;
- 2023 yilda 216 mlrd so‘m;
- 2024 yilda 250 mlrd so‘m ajratilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, Parij olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun jami 601 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Har bir yil uchun o‘rtacha dollar kursida bu taxminan 50,55 mln dollarni tashkil qiladi.

Taqdirlash xarajatlari

Prezident farmoniga ko‘ra, olimpiada chempionlari 200 ming dollar, kumush medal sohiblari 100 ming dollar, bronza medal sovrindorlari 50 ming dollar bilan mukofotlandi. Murabbiylar esa mos ravishda 50 ming, 25 ming va 12,5 ming dollar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Shunga ko‘ra, olimpiadaning 8 nafari g‘olibiga jami 1,6 mln dollar, ikkita kumush medal sohibiga jami 200 ming dollar, bronza medalini olgan uch sportchiga esa jami 150 ming dollar topshirildi. Shu tariqa, sportchilarning mukofot jamg‘armasi 1,95 mln dollarni tashkil etdi.

Gazeta.uz'ning qayd etishicha, murabbiylarning qanchasi mukofot puli olishi hozircha noma’lum, biroq har bir sportchi uchun bitta murabbiy mukofot oladi, deya hisoblasak, miqdor 487,5 ming dollarni tashkil qiladi.

Oltin egalariga 1,04 mlrd so‘m yoki 82,33 ming dollarlik Tahoe avtomobillari ham topshirildi. Kumush medal sohiblariga 395,3 mln so‘mdan (31,3 ming dollar) baholangan BYD Song Plus EV Champion avtomobillari, bronza medali sohiblariga esa 387,2 mln so‘mdan (30,67 ming dollar) baholangan BYD Song Plus DM-i Champion avtomobillari berildi.

Rasmiy narx-navolar asosida hisoblaganda, sakkizta Tahoe, ikkita BYD Song Plus EV Champion va uchta BYD Song Plus DM-i Champion (minimal konfiguratsiyada) taxminan 10,27 mlrd so‘m yoki 813,3 ming dollarni tashkil qiladi.

Chempionlarga ikki qavatli kottejlar, kumush va bronza medal sohiblariga esa xonadonlar ham topshirildi. Biroq ularning narxi noma’lum, deyiladi maqolada.

Shunday qilib, bitta medalni qo‘lga kiritish uchun O‘zbekiston davlat budjetidan o‘rtacha 3,89 mln dollar, pul mukofotlari va avtomobillar ham hisobga olinsa 4,14 mln dollar ajratilgan.

Boshqa davlatlar-chi? Qozog‘iston

Qozog‘iston olimpiadada 7 ta medal – 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza bilan 43-o‘rinni egalladi.

Qozog‘iston turizm va sport vaziri o‘rinbosari Serik Jarasbayevning so‘zlariga ko‘ra, milliy terma jamoaning tayyorgarligi va ishtiroki uchun jami qariyb 980 mln tenge (25,77 mlrd so‘m) ajratilgan. Bu O‘zbekistondagidan 23,3 barobar kam, deya qo‘shimcha qilgan Jarasbayev.

Qozog‘istonda olimpiadaning oltin medali uchun 250 ming dollar, kumush uchun 150 ming dollar, bronza uchun 75 ming dollar mukofot puli to‘lanadi. Bundan tashqari, 4-, 5- va 6-o‘rinlar 30 ming, 10 ming va 5 ming dollarga ega bo‘ladi. Umuman olganda, 2024 yilgi Olimpiada natijalariga ko‘ra Qozog‘iston sportchilarga 1,08 mln dollar to‘laydi.

Raqamlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, har bir medalni qo‘lga kiritish uchun Qozog‘iston davlat budjetidan 140 mln tenge (3,68 mlrd so‘m) yoki 291,6 ming dollar, mukofot pullarini hisobga olgan holda esa 423,7 ming dollar ajratilgan. Bu O‘zbekistondagidan deyarli 10 barobar kam.

Shu bilan birga, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning yalpi ichki mahsuloti (259,7 mlrd dollar) O‘zbekiston YAIMdan 2,8 baravar, aholi jon boshiga YAIM esa 5,2 baravarga (2510 dollarga nisbatan 13 088 dollar) ko‘p.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya delegatsiyasi Parijda 65 ta medal bilan 7-o‘rinni egalladi. The Telegraph'ning yozishicha, mamlakat olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun 245,84 mln funt sterling sarflagan. Ya’ni har bir medal o‘rtacha 3,78 mln funt sterling (4,86 mln dollar)ga tushgan, bu – O‘zbekistondan biroz ko‘proq.

Ayni paytda, Britaniya YAIM (2,27 trln dollar) O‘zbekistonnikidan (90,9 mlrd dollar) 25 barobar ko‘p.

Britaniyada olimpiada medallari uchun pul mukofoti berilmaydi. Sovrindor sportchilar reklama va homiylik orqali pul ishlashi mumkin.

Gazeta.uz'ning qayd etishicha, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Shvetsiya ham g‘oliblariga pul to‘lamaydi. U yerda sportchilar faqat homiylar ko‘magida pul ishlab topadi. Hukumat, milliy olimpiya qo‘mitalari va mahalliy federatsiyalarning roli mashg‘ulotlar, murabbiylar va xodimlar uchun haq to‘lashga yordam berish bilan cheklanadi.

Boshqa mamlakatlar

Tojikistonda bronza medali sohiblariga 19 ming dollar, kumush medal sovrindorlariga ikki xonali kvartira va 24 ming dollar, chempionlarga esa 28 ming dollar va uch xonali kvartira beriladi.

Qirg‘izistonda Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari oltin uchun 10 mln som (taxminan 119 ming dollar), kumush uchun 7 mln som (83 ming dollar), bronza uchun 5 million som (60 ming dollar) oladi.

Ukraina o‘z g‘oliblariga oltin uchun 125 ming dollar, kumush uchun 80 ming va bronza uchun 55 ming dollar to‘laydi. Ozarbayjon mos ravishda 235 ming, 118 ming va 58,75 ming, Gruziya 371 ming, 186 ming va 93 ming, Armaniston 51,5 ming, 38,6 ming va 25,7 ming dollar ajratadi. Bu xatboshida sanalgan mamlakatlarda jon boshiga YAIM ko‘rsatkichi O‘zbekistondan bir necha barobar ko‘p.

Yana qator mamlakatlardagi mukofot pullari quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan (oltin, kumush, bronza ketma-ketligida):

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Olimpiadadagi har bir medal O‘zbekiston budjetiga qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi