09:00 / 23.08.2024
235

Tanqidlardan "kuchli uchlik"gacha yoxud Boshkovich qanday qilib "bo‘rilar"ni uyg‘ota oldi?

Tanqidlardan "kuchli uchlik"gacha yoxud Boshkovich qanday qilib "bo‘rilar"ni uyg‘ota oldi?
Superliganing birinchi turida "So‘g‘diyona" "Neftchi"ni o‘z maydonida qabul qilib, 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yinda dastlab ikkita gol o‘tkazib yuborgan "bo‘rilar" so‘nggi daqiqalarda Doriyevning goli evaziga javob qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Undan keyingi ikki turda esa jamoa "Metallurg" va "Olimpik" bilan nursiz va jangovar durangga imzo chekdi. Buni ko‘rgan jizzaxlik muxlislar bosh murabbiy Ivan Boshkovich va uning shogirdlaridan norozi bo‘lishni boshlashdi. Bunga mavsum oldidan o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlardagi salbiy natijalar ham sabab bo‘ldi. Hattoki "Neftchi"ga qarshi o‘yinda murabbiy va muxlislar o‘rtasida ro‘y bergan to‘qnashuvdan keyin Boshkovich fanatlar bilan yig‘ilish o‘tkazishga qaror qildi va o‘z ambitsiyalarini ularga tushuntirdi.

Mavsumdagi ilk g‘alaba "Paxtakor" bilan bo‘lib o‘tgan 4-tur uchrashuviga to‘g‘ri keldi. Klub Abdurahmonov katta sahnaga chiqqan o‘yinda Toshkentdan 3 ochko bilan qaytdi. Shundan so‘ng "So‘g‘diyona" "Andijon" va "Qizilqum" ustidan zafar quchib, futbolchilar muxlislarga ishonchi qaytarishdi. Bundan keyingi ikkita "Navbahor" va OKMKdan uchralgan mag‘lubiyatni ham jizzaxliklar og‘ir qabul qilgani yo‘q. Sababi, jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgandi. Boshkovich esa jamoani shakllantirib bo‘lgani va endi natijalar qilishi kerakligini sezib turgandi. "Bunyodkor", "Nasaf", "Dinamo", kabi jamoalar ketma-ket taslim qilinganidan keyin "So‘g‘diyona" xavfli jamoaga aylanganini sezishdi. Birinchi turda "Neftchi"dan yengilgan Jizzax klubi 14-tur bahsida farg‘onaliklar ustidan yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozonmoqda. Xo‘sh, Boshkovich bunday natijaga qanday erishdi?

Chernogoriyalik mutaxassis Superliga tur o‘yini tugaganidan keyin dam olishga shoshilmaydi. U odatda keyingi kunda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘yinini ham nafaqat tomosha qiladi, balki o‘zi iqtidorli o‘yinchilarga ustozlik qiladi. Bunaqasi chempionatimizda kamdan-kam kuzatiladigan holat. U akademiyada tahsil olayotgan yosh yigitlarga imkoniyat berishdan qo‘rqmaydi. Agarda o‘zi ularga murabbiylik qila olmay qolsa, yordamchi murabbiylar ishga kirishadi. Bu esa "So‘g‘diyona" matkabida iqtidorlar shunchaki qadrsizlanib qolib ketmasligini bildiradi va bu amalda ham ro‘y bermoqda.

Boshkovichning "So‘g‘diyona" uchun bergan eng katta yordamlaridan biri bu akademiyani "jonlantirayotgani" bo‘ldi. U "Bunyodkor"dan yosh futbolchilarni jamoaga jalb etish bilan birga, Jizzax klubining o‘zidan ham iqtidorlarni izlab topa olyapti. Eng katta topilmalardan biri bu Xondamir Mustofaqulov va Nodir Soyibov tandem bo‘ldi. Bu ikki futbolchi jamoaning asosiy tayanch yarim himoyachilaridan biriga aylanib olish bilan birgalikda, murabbiy taktikasidan muhim futbolchilar qatoriga kirishdi. Ushbu mavsum Mustofaqulov allaqachon maydonda ming daqiqada ko‘proq, Soyibov esa 900 daqiqa harakatlanib bo‘ldi.

Ta’kidlash kerak, Ivan Nodir va Xondamirdan tashqari Samandar Mavlonqulov (20 yosh), Samandar Sindarov (19 yosh), Otabek Ahadov (19 yosh), Sardor Hoshimov (17 yosh) kabi futbolchilarga imkoniyat bermoqda.

Boshkovich ushbu mavsum Superligada eng yaxshi himoya triolaridan birini yarata oldi. U asosan 3 ta mudofaa vakili bilan harakatlanadi. Qanotlarda Farrux Yoqubov va Islom Qobilov, markazda esa Sardor Qulmatov harakatlanadi. Shuningdek, Otabek Ahadovga so‘nggi paytlarda ko‘p o‘yin amaliyoti berilmoqda. Kamiga Aleksey Nosko ham himoyachi vazifasini bajarib bera olishi bosh murabbiy uchun ayni mudoa bo‘ldi. Garchi jamoa ko‘p gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa ham, himoyachilarning darajasi yuqori hisoblanadi.

Boshkovichning legioner tanlash mahoratiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. U jamoaga jalb etgan Lyupche Doriyev, Vladimir Yovovichlar Superligadagi eng foydali futbolchilardan bo‘lib turibdi. Doriyev 10 ta gol urib, 2 ta assist amalga oshirgan bo‘lsa, Vladimir 3 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib, 5 bora sheriklariga golli pas berdi. Bu degani ular jami 20 ta golda ishtirok etishgan. "So‘g‘diyona"ning gollar soni bo‘lsa 29 tani tashkil qiladi. Taqqoslash uchun esa Superligada "Metallurg", "Bunyodkor", "Lokomotiv", "Dinamo", "Qizilqum", "Neftchi" kabi klublar 20 ta gol urgani yo‘q.

Mavsum boshida ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kutilmayotgan Muhammadyusuf Sobirov so‘nggi turlar qahramoniga aylanib ketmoqda. U Milan Mitrovichga o‘rinbosar sifatida taklif qilingan bo‘lsa-da, 33 yoshli serbdan asosiy tarkibni olib qo‘yish deyarli imkonsiz narsadek edi. Uning jamoadagi debyuti esa kubok doirasida bo‘lib o‘tgan "Jizzax"ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri kelgandi. Shundan keyin "Navbahor" bilan bo‘lib o‘tgan chorak final bahsida Mitrovich jarohat oldi va uning o‘rniga Sobirov maydonga tushdi. Ushbu bellashuv Muhammadyusuf uchun omadli o‘tmadi. Ammo undan keyingi ikkita o‘yinda esa o‘z darvozasidan umuman to‘p olib chiqmagan posbon "Neftchi" va "Olimpik"ga qarshi uchrashuvlarda eng yaxshi futbolchi, deb topildi. Bu Mitrovichni katta sinov kutib turganidan dalolatdir.

Albatta tajribali futbolchilarni ham ta’kidlab o‘tish kerak. Jamoani ayni paytda Stanislav Andreyev sardorlik bog‘ichi bilan maydonga boshlab chiqadi. Aynan markazda harakat qilayotgan Mustafaqulov va Soyibovlarni boshqarib turadi. Oleg Zoteyevni esa nimalar qilayotganini hamma ko‘rib turibdi. 35 yoshli futbolchi chempionatda 3 ta gol urdi va 2 ta assist amalga oshirdi. Bunaqa statistika hozir ayrim hujumchilarimizda ham yo‘q.

Suhrob Xolbekov

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tanqidlardan "kuchli uchlik"gacha yoxud Boshkovich qanday qilib "bo‘rilar"ni uyg‘ota oldi?