18:18 / 30.08.2024
40

«Barsa»dan jiddiy start. Flik chempionlik uchun kurashishini baralla e’lon qildi

«Barsa»dan jiddiy start. Flik chempionlik uchun kurashishini baralla e’lon qildi
Germaniyalik mutaxassisning Kataloniya klubidagi muvaffaqiyatli startida nimalar asosiy omilga aylanmoqda? Quyida Hansi yechgan muammolar va hali oldinda yechimini kutayotgan masalalar haqida fikr yuritiladi.

Ispaniya milliy jamoasi Yevropa chempionatida ishtirok etayotgan bir paytda Germaniyaning Donaushingen shahridagi mashg‘ulot bazasida o‘tkazilgan La Liga qur’asi natijalaridan «Barselona» muxlislari biroz xavotirga tushgan bo‘lishsa ajab emas. Sababi, yangi murabbiy qo‘l ostida ishlashni boshlaydigan jamoani dastlabki uch turda o‘ta qiyin bellashuvlar kutib turardi.

«Valensiya» asrning uchinchi dekadasida yetakchilar qatoridagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa-da, ayni paytda yana yuqori pog‘onalar uchun raqobat qiladigan jamoaga aylangan. O‘tgan mavsum «Mestalya»dagi bahsda kataloniyaliklar ochko yo‘qotgandi va 2024/2025 yilgi mavsumni bu stadionda boshlash ularga anchagina qiyin bo‘lishini taxmin qilish qiyin emasdi. Ikkinchi bahs – klasiko, Ispaniya La Ligasi tarixida 2-divizionga hech qachon tushib ketmagan uch jamoadan biri «Atletik» Bilbaoga qarshi edi. Basklarga qarshi to‘qnashuvlar doim og‘ir o‘tishi bilan birga, Ernesto Valverde shogirdlari o‘tgan mavsumda «ko‘k-anorranglilar»ni Qirol kubogidan chiqarib yuborgan, ikkinchi davradagi bahsda durang o‘ynab, ikki ochkodan mahrum qilishni ham uddalagandi. Uchinchi raqib «Rayo Valekano» esa o‘z maydonida Ispaniyaning istalgan grandidan ochko olishi mumkin. Jumladan, «Barsa» Valekasda so‘nggi uch uchrashuvda g‘alaba qozona olmagandi. Ammo buni qarangki, Hans Diter Flik qo‘l ostidagi jamoa yuqorida nomlari sanab o‘tilgan uchala raqibni ham mag‘lubiyatga uchratib, 100 foizlik natija bilan turnir jadvalida yakka peshqadamga aylanib oldi. Bu bahslarning barchasida jamoa iroda namoyish etib, bir xil — 2:1 hisobidagi g‘alabalarni qayd etdi.

Flik yoz davomida atigi bir nafar yangi futbolchini jamoaga olib keldi — Dani Olmo. Ha, Pau Viktor ham transfer qilindi, biroq u o‘tgan mavsumni «Barsa Atletik» bilan o‘tkazib, Ispaniya 3-divizioni to‘purari bo‘lgandi hamda uning «Jirona»dan ijara shartnomasida 3 mln yevroga sotib olish imkoniyati nazarda tutilgandi. Katalon klubi faqat sotish, ketkazish va ijaraga berish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Boisi, klubning La Liga moliyaviy feyr-pley qoidalari bo‘yicha maosh limiti ancha cheklangan va Hans yangi transferlarni amalga oshirish uyoqda tursin, ixtiyoridagi futbolchilarni ham ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti. Natijada germaniyalik mutaxassis o‘zidan oldin ishlagan Xavi singari «La Masiya» yordamida improvizatsiya qilishga majbur bo‘lmoqda.

Mavsumning dastlabki 3 turida undan tarkibdagi o‘ziga xos yechimlarni ko‘rdik. Joau Kanselu va Markos Alonso ketgach, zaxirasiz qolib ketgan chap qanot himoyasini o‘rinbosarlar vakili Jerar Martin bilan to‘ldirdi va 22 yoshli futbolchi «Rayo»ga qarshi bahsni asosiy tarkibda boshladi. Tayanch zonasida akademiya tarbiyalanuvchilari Bernal va Kasadodan foydalanmoqda. 17 yoshli Mark Bernal debyutidayoq xochsimon paylarini uzib oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi.

Demak, Frenki De Yong va Andres Kristensen safga qaytgunicha Flik ixtiyorida faqat Mark Kasado qolmoqda. O‘tgan mavsum o‘rinbosarlar tarkibi sardori bo‘lgan 20 yoshli futbolchi ushbu kampaniya uchun asosiy tarkib ro‘yxatidan o‘tkazilgan va murabbiy uni rejalariga kiritganini dastlabki turda «Valensiya»ga qarshi boshlang‘ich tarkibda maydonga tashlashi bilanoq ko‘rsatib bo‘ldi.

Yana bir yangilik — o‘ng qanotdagi Yamalning fenomenal o‘yini natijasida zaxirada qolishi yoki sotib yuborilishi kutilayotgan Rafinyaning hujumchi ortiga o‘tkazilishi bo‘ldi. Ta’kidlash kerakki, braziliyalik futbolchi yangi pozitsiyasida ajoyib harakat qilmoqda. Biroq bu nuqtada ham uni Dani Olmo bilan raqobat kutyapti. Kristensenning jarohati vaji bilan La Liga ro‘yxatidan o‘tkazilgan Yevro to‘purari «Rayo»ga qarshi ikkinchi bo‘lim avvalida maydonga tushirildi va mag‘lubiyatga uchrayotgan jamoasi o‘yinini o‘zgartira oldi.

Klub oldida hamon bitta futbolchi uchun feyr-pleyda joy ajratish vazifasi turibdi, zero hozirgi holat bo‘yicha yanvar kelganda yana Olmo yoki Kristensendan biri klubning La Ligadagi qaydnomasidan o‘rin ololmay qoladi.

Flik kelishidan avval taxmin qilinganidek jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlarni yangi darajaga olib chiqdi. Buning natijasi jamoa o‘yinlarida ham ko‘rina boshladi: «Barsa»ning 6 golidan 4 tasi ikkinchi bo‘limda urildi. Jamoa hisobda ortda borayotgan paytda ham kurashish uchun kuch topa olyapti va jismoniy ustunlik evaziga o‘yinning oxirgi qismida raqibini ojiz qoldirmoqda. Bunda Julio Tus boshchiligidagi jismoniy tayyorgarlik shtabining o‘rni beqiyos. Ular tarkibning jismoniy tayyorgarligi masalasini birinchi planga qo‘yishdi. Xavi davrida boshlang‘ich tarkibda harakat qilgan futbolchilarga keyingi kunning avvalidagi mashg‘ulotlarida dam olish imkoniyati berilgan bo‘lsa, hozirda ular ham o‘yinning ertasigayoq tiklovchi-faollashtiruvchi mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.

Hans o‘zgartirgan yana bir jihat — jamoa o‘yinida o‘rta va uzoq masofalarga beriladigan paslar miqdori keskin oshganida. Germaniya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi vertikal futbolni yoqtirishi barchaga ma’lum. Raqiblar esa odatda gorizontal uzatmalar bilan raqib himoyasiga yaqinlashib keladigan «Barsa»dan kutilmagan krosslarni ko‘rib, gangib qolishmoqda. Qanot futbolchilari tez-tez o‘zaro krosslar almashinuvi orqali hujumni ko‘chirishmoqda. Mavsumdagi dastlabki gol ham Baldening Yamal tomonga yuqoridan uzatmasi va 17 yoshli futbolchining Levandovskini bo‘sh darvoza oldiga olib chiqishi bilan urildi.

FIFA kunlaridan avval «Barsa» mavsum debyutanti «Valyadolid»ni o‘z maydonida qabul qiladi. Hans Flik oldida mana shu o‘yindan talafotsiz o‘tib olish vazifasi turibdi. Chunki himoya markazi va tayanch yarimhimoyasidagi resurslar yetishmovchiligi jamoani ancha tang holatga solib qo‘yishi mumkin. Sentyabr oyida esa Frenki de Yong safga qaytishi kutilyapti. Shuningdek, oyog‘ida noqulaylik sezayotgan Erik Garsiya ham 5-turdan yuz foiz jismoniy tayyorgarlik bilan bellashuvlarda ishtirok etishi mumkin. Ularning safiga Ansu Fati ham qo‘shiladi va Flik qo‘l ostidagi dastlabki mashg‘ulotlarda ijobiy taassurot qoldirgan futbolchi chap qanot hujumida rang-baranglikni ta’minlashga yordam berishi mumkin.

Asosiy raqobatchilardan «Atletiko» 3-turda debyutant «Espanol» bilan durang o‘ynab, 5 ochko bilan qolib ketdi. «Real» «Las Palmas»ga qarshi bahsda qoqildi va bu jamoa ham peshqadamdan to‘rt ochko ortda qolmoqda.

Xullas, muammolar girdobiga tushib qolgan jamoaga kelganiga qaramay, Hans Diter Flik Laportaga bergan va’dasining ustidan chiqib, ixtiyoridagi tarkib bilan natija ko‘rsatmoqda. Bu shunchaki omadli seriyami yoki «ko‘k-anorranglilar» rosmana kuchaydimi — buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

Abdulbasit Valixonov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Barsa»dan jiddiy start. Flik chempionlik uchun kurashishini baralla e’lon qildi