10:38 / 02.09.2024
199

Kechagi o‘yindan so‘ng “Yuventus” o‘yinchisi va De Rossi Shomurodov haqida nima dedi?

Kechagi o‘yindan so‘ng “Yuventus” o‘yinchisi va  De Rossi Shomurodov haqida nima dedi?
Italiya A Seriyasida uchinchi turga kelib, ochko yo‘qotmagan jamoa qolmadi. Turning markaziy uchrashuvlaridan biri Turinda “Yuventus” va “Roma” o‘rtasida bo‘ldi.

Tiago Motta shogirdlari ketma-ket ikkita g‘alabadan keyin ochko yo‘qotmagan yagona jamoa bo‘lib turgandi. Turinliklar o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “bo‘rilar” bilan ochkoni baham ko‘rishga majbur bo‘ldi.

Uchrashuvdan avval Italiyaning qator manbalari o‘tgan turda “Roma” qahramoni bo‘lgan Eldor Shomurodovni bosh murabbiy Daniele De Rossi “Yuventus”ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirishini taxmin qilgandi.

Amalda unday bo‘lmadi. Italiyalik mutaxassis Eldor Shomurodov bilan birga jamoaning eng mashhur yulduzi Paulo Dibalani ham zaxirada olib qoldi. Murabbiylar shtabi bu gal argentinalik jahon chempioniga yarim soat, Eldor Shomurodovga o‘n daqiqaga yaqin vaqt berdi.

Turindagi to‘qnashuv ancha zerikarli o‘tdi. Jamoalar bir-birining darvozasiga olti martadan zarba yo‘lladi. Ulardan faqat bittadani nishonga aniq yetib bordi. Har ikki jamoa posbonlari o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

Shu tariqa, “Yuventus” ilk bor ochko yo‘qotgan bo‘lsa, rimliklar ikkinchi ochkosini qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash joizki, Turin superklubi hozircha gol o‘tkazmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Uchta uchrashuvda raqiblar darvozasini atigi bir marotaba ishg‘ol qilgan “Roma”ning yagona goli muallifi Eldor Shomurodovligicha qoldi.

Uchrashuvdan keyin “Roma” bosh murabbiyi Daniele De Rossi o‘z fikrlarini bildirdi.

- Biz uchun har bir uchrashuv muhim. Bu mavsum bosim yanada katta bo‘lyapti, ko‘proq ochko jamg‘arishimiz kerak. Kuchli tarkibga va ajoyib o‘yinchilarga ega qudratli jamoaga qarshi o‘ynadik.

Artyom Dovbik raqiblarni cho‘chityapti. Motta unga qarshi ikki himoyachi – Gleyson Bremer va Federiko Gattini qo‘ydi. Dovbik ko‘p mehnat qilyapti, gollar ham bo‘ladi.

“Empoli” bilan bo‘lgan bahsning dastlabki o‘n daqiqasida raqib jarima maydonchasi atrofida yaxshi o‘ynagandik. Gol o‘tkazib yuborganimidan keyin xato qilishga qo‘rqib qoldik. Bugun ham ana shu qo‘rquv xalaqit qildi. Bu vaziyatlar hali o‘rganib chiqiladi. Eldor Shomurodov 94-daqiqada raqib darvozaboniga pressing qildi. Shunday o‘ynash kerak. Qo‘rquvni yengish uchun ko‘proq mehnat qilish talab etiladi
, - dedi Daniele De Rossi.

Uchrashuvda ancha ishonchli o‘ynagan “Yuventus”ning braziliyalik himoyachisi Gleyson Bremer ham “Roma” hujumchilari haqida o‘z fikrini bildirdi.

- O‘yin ancha yopiq bo‘ldi. Ba’zan to‘pni o‘z jarima maydonchamiz atrofidan olib chiqishga qiynaldik. Mavsum boshidamiz, uchta muhim o‘yinni o‘tkazdik, durang bilan kifoyalanib qolmaslik kerak.

O‘zim o‘yin oxiriga kelib, toliqib qoldim. Chunki Eldor Shomurodov va Paulo Dibala juda ko‘p harakat qildi. Shunga qaramay, darvozamiz daxlsizligini saqlay oldik
, - dedi Gleyson Bremer.

Endi A Seriyada FIFA kunlari munosabati bilan qisqa tanaffus e’lon qilinadi. Eldor Shomurodov 2026 yili bo‘ladigan jahon chempionatiga chiqish uchun Osiyo saralash turnirining uchinchi bosqichi doirasida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Qirg‘iziston fubolchilariga qarshi bo‘ladigan uchrashuvlarda qatnashish uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasi ixtiyoriga keladi.

Italiya chempionatida 4-tur bahslari 15 sentyabrga belgilangan. Shu kuni “Roma” safarda legionerimizning A Seriyadagi ilk jamoasi “Jenoa”ga qarshi maydonga chiqadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kechagi o‘yindan so‘ng “Yuventus” o‘yinchisi va De Rossi Shomurodov haqida nima dedi?